Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:53

Andijonlik qochqinlar vakili: Mirziyoyevdan Andijon voqealarini ochishni talab qilamiz!


Andijon. 2005 yil, 13 may.

Shu kunda Avstriyada yashayotgan andijonlik qochqin, 42 yashar Jasur, G‘arbga o‘zini islohotchi prezident sifatida ko‘rsatishga urinayotgan Shavkat Mirziyoyev Andijon voqealariga oid arxivlarni ochib, adolatli sudni ta’minlashi shart, degan talabni ilgari surdi.

Akromiylar guruhi yetakchisi deb qamalgan Akromjon Yo‘ldoshevning yaqini ekani, 2005 yildagi voqealar arafasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini aytgan Jasur, dunyoning turli davlatlariga sochilib ketgan qochqinlar hanuz prezident Mirziyoyev mustaqil surishtiruv uchun ruxsat berishiga umid qilayotganini aytdi.

Avstriyada tadbirkorlik qilib kun ko‘rayotganini aytgan Jasur, u kabi Andijon voqealari ortidan O‘zbekistonni tark etgan qochqinlar nomidan Ozodlikka bog‘langanini bildirdi.

Familiyasini ochiqlamaslik hamda ovozi audiosini e’lon qilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan Jasur, o‘z jamoasining Mirziyoyev hukumatidan ikki talabi borligini aytdi:

“Birinchi talab, “Andijon voqealari” arxivini ochsin, Prezident. Bu ishda mustaqil surishtiruvchilar qatnashsin, sudni qonuniy yo‘l bilan ko‘rishsin. Aslida qancha odam o‘lgan, kimlar aybdor – bu ishni qonuniy hal qilmasdan turib, O‘zbekiston dunyo ko‘zi oldida oqlanib ketolmaydi. Islom Karimov o‘lib ketdi, voqea dunyoni esidan chiqmaydi. Biz 2017 yilda Shavkat Mirziyoyev Andijonga borib, men bu ishlarni bilaman, kim nima qilganini bilaman, deganida va nihoyat, bu ish ochilarkan, deb rosa umid qilgandik. Haliyam buni kutyapmiz”.

Shuningdek, u bu voqea ortidan Andijon isyoni yetakchisi, deb qamalgan Akrom Yo‘ldoshev hamda u tuzgan “Akromiylar guruhi” a’zolari, deb qamalgan boshqa shaxslarning panjara ortidagi taqdiri ham ochiqlanishini talab qildi.

“Ikkinchi talabimiz shu: Akromjon Yo‘ldoshev rostdan ham o‘lganmi? Chunki, rasman tan olingani yo‘q. Xo‘p, nega tan olinmayapti? Qachon o‘lgan, qayerga dafn qilingan? “Akromiy” deb qamalib, qamoqda yo‘q bo‘lib ketgan, o‘ligi kelgan andijonliklar bor. Ularga nima bo‘lgan, nega o‘lgan, nega yo‘qolib ketgan – bu savollarga rasman javob berilishi kerak? Busiz, Mirziyoyevning hokimiyati xalqning haqiqiy ishonchiga kirolmaydi, deb o‘ylayman”, deydi Jasur.

Akrom Yo‘ldoshev o‘lgani xabar qilingan

"Akromiylar" diniy guruhi yetakchisi deb ko‘rilgan Akrom Yo‘ldoshevning 2010 yili qamoq kamerasida o‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumot 2016 yilning yanvarida o‘zbek mulozimlaridan biri tomonidan Ozodlikka bildirilgan edi. Mulozim o‘sha paytda boshqa tafsilotlarni ochiqlashdan tiyilgan.

Ammo, Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi yana bir manbasi mahkum o‘lganini tasdiqlagan va uning sil kasalidan o‘lganini bildirgandi.

Bu xabarni 2016 yilning 11 yanvarida bir-biridan mustaqil yana ikki manba ma’lum qilgandi.

Ammo, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bu haqda rasman ma’lumot bermagan.

Jasurning aytishicha, Akrom Yo‘ldoshevning rafiqasi va boshqa yaqinlari O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari hamda prezident portaliga qilgan murojaatlariga hanuz aniq javob ololmagan.

Ayni paytda, Ozodlik Yo‘ldoshevning rafiqasi Yodgoroy Yo‘ldoshevaning o‘zi bilan suhbatlasha olmadi. Jasurning aytishicha, Y. Yo‘ldosheva matbuot bilan aloqalarini uzgan.

Ammo, Jasur "Y. Yo‘ldoshevaga rasmiy javob", deb bir ma’lumotnoma nusxasini Ozodlikka taqdim etdi.

Ma’lumotnomaning ust qismigina aks etgan suratda uning qaysi yil, qay sanada yozilgani ko‘rinmaydi. Jasurning aytishicha, bu ma’lumotnoma Y.Yo‘ldoshevaga 2018 yilda yuborilgan. Unda Akromjon Yo‘ldoshevning Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-modda 2-qismi va boshqa moddalar bilan 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgani aytilgan.

Shuningdek, unda jazo muddatining 2005 yil 5 iyunda boshlanib, 2028 yil 5 iyunda tugashi yozilgan. Ammo, uning qamoqda vafot etgani yoki etmagani haqida ma’lumot yo‘q.

A. Yo‘ldshevning oilasiga berilgani aytilgan ma’lumotnoma fotosurati Ozodlikka 2020 yilning 12 mayida yo‘llandi.
A. Yo‘ldshevning oilasiga berilgani aytilgan ma’lumotnoma fotosurati Ozodlikka 2020 yilning 12 mayida yo‘llandi.

Ozodlik ushbu ma’lumotnomada nomi qayd etilgan idora - O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga qilgan takror- takror qo‘ng‘iroqlariga hozircha javob ololmadi.

Prezidentning bayonotidan so‘ng paydo bo‘lgan ikkilanish

Prezident Mirziyoyev 2017 yilning iyuni boshida Andijon viloyatiga qilgan xizmat safari davomida viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda qilgan chiqishi chog‘ida bunday degan edi:

“Andijon voqealarida men ichida yurganman, hammasini bilaman, kim nima qilganiniyam bilaman. Ikkita stulda o‘tirgandi ular. Ertaga davlat ketib, bular kelsa, bularning nayrangiga o‘ynayman, deb o‘yin qilgan ular. U o‘yinlar ketmaydi endi. Albatta, ashaddiy terrorchi va ekstremistlar o‘z yo‘lidan qaytmaydi. Uni qaytarish ham kerak emas. Ularning miyasi, butun hujayrasi zaharlarini, qo‘li qonga botib bo‘lgan. Ularga gap uqtirib, insofga chaqirishning hech foydasi yo‘q”.

Jasur, ana shu bayonotdan so‘ng, Mirziyoyev hokimiyatga kelgan paytida va’da qilingan islohotlarga ishonib, qaytish harakatiga tushgan qochqinlar prezident qo‘llagan "terrorchi" kalimasidan yana ikkilanib qolganini aytadi:

“Agar, bu voqealar qonun asosida ko‘rib chiqilsa, aybdor va aybsizlar o‘rtaga chiqadi. O‘shanda biz ham ochiq yuz bilan yurtga qaytar edik. Shaxsan men o‘zim uchun javob beraman: men o‘zim va yonimdagi odamlarning hayoti yaxshilansin, deb chiqqandim Bobur maydoniga, men terrorchi degan ayblovni mutlaqo qabul qilmayman”, deydi Jasur.

​2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda rasmiy Toshkent hisobicha 187 kishi, jumladan, ayollar va bolalar nobud bo‘lgan. ​Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijon xunrezliklari oqibatida 1000dan ziyod odam halok bo‘lgan.

​13 may kuni o‘z hayotini saqlab qolish uchun yuzlab andijonliklar qo‘shni Qirg‘izistonga qochishga majbur bo‘lgandi.

Bir necha oy o‘tib BMT Qochqinlar idorasi ko‘magida 500ga yaqin andijonliklar Ruminiyaga o‘tkazildi. Keyinchalik qochqinlarga dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, Shvetsiya, AQSh, Kanada kabi davlatlar siyosiy boshpana berdi. So‘ngra bu qochqinlar Yevropaning turli davlatlariga yoyilib ketdi.

​Bobur maydonidagi qonli fojiadan keyin xalqaro jamoatchilik mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan, biroq rasmiy Toshkent rad etgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan 3 yil o‘tib ham, bunday surishtiruv o‘tkazilmadi.

XS
SM
MD
LG