Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:20

"Matbuot kotibining asosiy ishi rahbarni “yovuz kuchlardan” himoya qilish ekan"


Matbuot kotiblari tashkilotga rahbarning ustidan kimdir yozganda, yoki murojaat tushganda va yohud ijtimoiy tarmoqlarda biron bir noxush xabar tarqalganda joninni jabborga berib, ko‘ksini qalqon qilib o‘rtaga chiqishi, “yurist” va “advokatlik” vazifasini qoyilmaqom tarzda bajaruvchi (barchaga yomon ko‘rinib, keltirayotgan faktlari haqiqatga zid bo‘lsada) rahbarining boshidan mag‘zava ag‘darilmasligi uchun kerak ekan.

Bu fikrlarni Ozodlikka kelgan maktubdan oldik. Xavfsizligini o‘ylab, ismi sir qolishini so‘ragan muallif xatini e’tiboringizga havola qilyapmiz. Maktub tahrirsiz, qisqartirishsiz berilmoqda. Imlo va stilistika muallifniki.

***

Assalomu aleykum, men O‘zbekistondagi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligining OTM laridan birida matbuot kotibi bo‘lib ishlayman.

Ne-ne orzu-umidlar bilan shu ishga o‘tgandim. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy Axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlariga axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-4366 sonli qarori chiqqandan so‘ng men qatori respublikadagi barcha shu sohada ishlayotganlar ham quvonishdi.

Rostda, matbuot kotiblari “rahbar o‘rinbosariga tenglasharmush, ularni maoshi osharmush, hamma kerakli anjomlar bilan ta’minlanarmush...” ushbu qaror ortimizda qalqondek turadi va bizni himoya qiladi deb o‘ylagandim.

Afsuski quvonchimiz uzoqqa bormadi. Orzularimiz cho‘pchakka aylandi. Qarorda keltirilganidek matbuot kotiblari hecham “cho‘qqiga” chiqqani yo‘q.

Men qatori ko‘pchilikni qiynayotgan masala shuki, matbuot kotiblari tashkilotga rahbarning ustidan kimdir yozganda, yoki murojaat tushganda, va yoxud ijtimoiy tarmoqlarda biron bir noxush xabar tarqalganda joninni jabborga berib, ko‘ksini qalqon qilib o‘rtaga chiqishi, “yurist” va “advokatlik” vazifasini qoyilmaqom tarzda bajaruvchi (barchaga yomon ko‘rinib, keltirayotgan faktlari haqiqatga zid bo‘lsada) rahbarining boshidan mag‘zava ag‘darilmasligi uchun kerak ekan.

Uni maddohga, trollga va yoki qo‘rqoqqa chiqarishlariga qaramay, o‘z sha’ni toptalsa-da rahbarga gap tekkizmaslik uchun “temir qalqon” ekan...

Shaxsan men har bir tashkilotga matbuot kotiblari tayinlanayotganda juda xursand bo‘lgan edim. Mening vazifam, axborot tarqatish, jamoatchilik bilan tashkilotni o‘rtasida uzilmas rishtani mustahkamlash, xolis axborotni jamoatchilikka etkazish va haqiqat uchun kurashish, tashkilot imidjini ko‘tarish deb o‘ylagan edim. Buning uchun o‘sha yuqoridagi davlat rahbari chiqargan qarorda keltirilgan bandlar bo‘yicha ishlab o‘zimni ko‘rsatmoqchi ham bo‘ldim.

Afsus, matbuot kotibining asosiy ishi rahbariyatni topshirig‘i, vazirlikka topshiradigan bema’ni hisobot va AOKA xabarlarini tarqatish shu bilan birgalikda rahbarni “yovuz kuchlardan” himoya qilishdan iborat ekan. ( 1 mln Z00 mingga yaqin maosh haqida gapirmasam ham bo‘ladi)

Matbuot kotiblariga dabdaba bilan “mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlari ko‘rsatish shartlariga ko‘ra tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirish” (koshki shularni birontasi amalga oshirilgan bo‘lsa) kabi yuzaki obro‘ e’tibor berilishidan qanday ma’no bor edi?...Matbuot kotibi aslida kim?

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG