Линклар

Шошилинч хабар
12 июл 2020, Тошкент вақти: 20:47

DXX tergovchilari Sardoba to‘g‘oni o‘pirilishiga laqqa baliqlar sabab bo‘lganiga oid versiyani ham o‘rganmoqda


Sardoba to‘g‘onining yorilgan 6-piketi suratini ko‘rgan mutaxassislar¸ uning qurilishida sement ishlatilganiga qattiq shubha bildirmoqda.

1 may kuni Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi tergovida ko‘rilayotgan versiyalardan biri¸ bu jarayondan bilvosita xabardor Toshkent mulozimiga ko‘ra¸ “laqqa baliq” versiyasidir.

Bu versiyaga ko‘ra¸ suv omborida ko‘paytirilgan yirtqich baliqlar¸ xususan¸ katta-katta laqqa baliqlar¸ to‘g‘on devori yemirilishiga sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘on qulaganidan so‘ng qo‘shni Qozog‘istonning suv bosgan hududlaridan olingan videolarda Sardoba suvida katta-katta baliqlar¸ xususan¸ laqqa baliqlarning ko‘pligi ko‘riladi.

Tergovga oid ayrim ma’lumotlarni Ozodlikka yetkazgan mulozimga ko‘ra¸ DXX tergovchilari so‘roqqa chaqirtirilayotganlardan suv omboridagi baliqchilik haqida batafsil surishtirmoqda va jarayonga baliqchilik bo‘yicha mutaxassislar ham jalb etilgan.

Sardoba suv ombori ma’muriyatining Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ shunday versiya mavjudligini inkor qilmadi¸ ayni paytda¸ bu versiyaga jiddiy tus berish¸ jamoatchilikni “lof va yolg‘on bilan boqish” bo‘lajagini ta’kidladi.

To‘g‘on yemirilishiga laqqa baliqlar aybdor?

Sardobadagi texnogen falokat yuzasidan jinoyat ishi tergovini olib borayotgan DXX tergovchilari¸ so‘roqqa chaqirtirilganlardan suv omboridagi baliqlar¸ xususan¸ laqqa baliqlar haqida obdon so‘rab-surishtirmoqda.

Bu haqda Ozodlikka tergovga chaqirtirilganlardan biri yaqini shaxsi sir qolish sharti bilan xabar qildi.

Tergovchilar¸ asosan¸ baliq versiyasi bo‘yicha ko‘p savol bergan. Suv ombor ishga tushgandan keyin¸ bu yerda har-xil baliq olib kelib ko‘paytirilgan. Sardobadan toshib Qozog‘istonga borgan suvdan katta-katta laqqa baliqlar chiqqani videosi tarqab ketganidan keyin¸ 1,5 - 2 metrlik buncha ko‘p laqqa baliq suv omborida qayerdan paydo bo‘ldi¸ degan savol kun tartibiga tushgan. Bu baliqlar tabiiy yo‘l bilan paydo bo‘lishi mumkin¸ lekin suv omborida buncha ko‘p miqdorda katta baliq boqishga ruxsat yo‘q. Shunga hozir DXX baliqchilik soxasidagi mutaxassislarni konsultant sifatida chaqirib¸ bu yerda laqqa baliqlarning ko‘paytirilishi to‘g‘on yemirilishiga sabab bo‘lgan bo‘lish ehtimolini o‘rganyapti”.

“Sardoba ishi” tergovini olib borayotgan DXX matbuot xizmati ochiq ishlamasligi¸ uning telefon va elektron manzili jamoatchilikka e’lon qilinmasligi bois¸ bu idora bilan bog‘lanib¸ undan izoh so‘rashning imkoni yo‘q.

“Sardoba suv omborida baliq boqilgan¸ lekin qonuniy boqilgan!”

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Sardoba suv ombori direksiyasi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda sun’iy suv havzasida baliqchilik bilan shug‘ullanib kelinganini e’tirof etdi.

Ayni paytda bu rasmiy laqqa baliqlar ko‘pligi to‘g‘on yemirilishiga sabab bo‘lgan¸ degan versiyani qat’iyat bilan inkor qildi.

Bu gaplarning hammasi lof. Bunaqa gaplar bo‘lmagan. Agar yemirgan bo‘lsa¸ boshqa joylarda ham oz bo‘lsa ham yo‘li bo‘lardi. Hamma joyni tekshirib chiqdik¸ boshqa joyda unaqa teshik yoki iz yo‘q. Bu gaplar lof va odamlarni aldash kerak emas. Baliq boqilgan¸ lekin noqonuniy emas. Fresh laynmi¸ degan firma bor¸ ular suvning ichiga baliq qo‘yib¸ ko‘paytirgan. Obichno sazan va karas degan kichkina baliqlar boqilgan. Ularning bu yerda konserva zavodi bor¸ shu yerda obrabotka qiladi. Lekin katta baliq boqilgan¸ degan gaplar lof. Bu yerda hech qachon katta baliq bo‘lmagan. Qozog‘istonga oqib borgan katta baliqlar¸ ikki metrlikmi¸ uch metrlikmi¸ to‘g‘onni yemira olmaydi. Bizda tosh qatlami bor¸ baliq tosh yemaydi¸ shuning uchun to‘g‘on yemirilishiga sabab bo‘la olmaydi”¸ dedi Sardoba suv ombori direksiyasi ma’muri.

Bu suhbatdosh Sardoba suv omborida baliqchilik bilan shug‘ullanganini tilga olgan shirkat¸ Ozodlik qidiruvidan ayon bo‘lishicha¸ “Pro fish line” MChJ va uning 49 foiz aksiyasi¸ rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimiga ko‘ra¸ MChJning qolgan aksiyalari egasi¸ temir yo‘l tizimining uzoq yillik rahbari¸ Sardoba suv ombori qurilishi bosh pudratchisi¸ hozirgi Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov oilasiga yaqin shaxslardir. Ozodlik hozircha shirkat mulkdorlariga oid rasmiy hujjatlarni ko‘rgani yo‘q.

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Telegram kanalida 2019 yilning 10 dekabr kuni baliq mahsulotlari savdosi haqida qo‘yilgan e’londa:

"O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli oliygoh Telegram kanalidagi e’lon.
"O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli oliygoh Telegram kanalidagi e’lon.

Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv omborida yetishtirilayotgan baliqlardan “Pro fish line” tashkiloti turli xildagi baliqlar va yarim tayyor “baliqli kotlet” mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berib xaridorlarning ishonchiga sazovor bo‘lib kelayotgani” aytilgan.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlardan Toshkentdagi aksar restoranlarning o‘z baliq mahsulotini Sardoba suv omborida baliq yetishtirish bilan shug‘ulangan “Pro fish line” MChJdan olib kelgani ko‘riladi.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Ozodlik gaplashgan mas’uli¸ Sardoba suv omborida baliqchilik qilish vakolati “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga berilgani bois¸ o‘z uyushmasining bu yerdagi baliqchilik vaziyatidan bexabarligini bildirdi.

Suv omborida baliqchilik qilish qonuniymi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 may kungi 2939-sonli qarori bilan sun’iy suv havzalarida baliqchilik qilishga nafaqat ruxsat etilgan¸ balki bu biznes maxsus rag‘batlantirilgan.

Bu qarorda “tabiiy va sun’iy suv havzalarini baliqlantirish uchun qimmatli baliq turlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yishda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘maklashish”ga qaratilgan qator topshiriq va imtiyozlar berilgan.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Sirdaryo bo‘limi saytida 2017 yilning 14 sentabrida chop etilgan “MIRZACHO‘L DENGIZI YOXUD ASR QURILIShI” sarlavhali maqolada¸ Sardoba suv omboridagi baliqchilikning aynan prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgani aytiladi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi saytida chop etilgan maqola.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi saytida chop etilgan maqola.

Sardoba suv omboridagi baliqchilik vaziyatidan xabardor mulozimlar iddaosicha¸ bu ombor va uning atrofida katta baliqchilik biznesi yo‘lga qo‘yilgan.

Sardobada oddiy tadbirkorning baliqchilik bilan shug‘ullanishi¸ oddiy odamlarning esa baliq ovlashiga ruxsat yo‘q edi. Bu biznes “Temir yo‘llari” rahbarlari monopoliyasi edi. Ular Toshkent elitasi va ularning xorijiy mehmonlarini cho‘lga ovga olib chiqqan kabi¸ Sardoba suv omboriga maxsus baliq oviga olib kelib¸ bu yerda maxsus ziyofatlar uyushtirishar edi”.

Baliq¸ xususan¸ laqqa baliq to‘g‘on yemirilishiga sabab bo‘la oladimi?

Katta baliqlar¸ xususan¸ bir necha yuz kilogramgacha boradigan katta laqqa baliqlar suv omborlari devorlari va to‘g‘oni yemirilishiga sabab bo‘la oladimi¸ degan savolga javob izlab Ozodlik O‘zbekistondagi Baliqchilik va ovchilik jamiyatiga qo‘ng‘iroq qildi.

Baliqchilikdan yaxshi xabardorligini aytgan jamiyat vakili bu savolni eshitib¸ o‘zini kulgudan tutolmadi.

Bo‘lmagan gap. To‘g‘ri¸ laqqa yirtqich baliq hisoblanadi. U faqat pastga tushib¸ balchiqda yotadi¸ o‘laksa¸ pastga tushgan mayda¸ yumshoq baliqchalarni yeydi. U tishlab yoki uzib ololmaydi. Uning tishi qum qog‘ozga o‘xshagan mayda bo‘ladi. Bir narsani yulish¸ yoki tishlab tortadigan tishi yo‘q. Kallasi katta bo‘lgani bilan¸ tomog‘i kichkina bo‘ladi. U qattiq qum yoki sementni yulib¸ yemaydi. Sardobadagi to‘g‘onni yemiradigan baliqmas bu¸ bo‘lmagan gap. Agar laqqa baliq to‘g‘onni yemiradigan bo‘lsa¸ ana Chorvoqdayam bor¸ yemirgani yo‘qku!”¸ dedi Baliqchilik jamiyati vakili.

Ayni paytda¸ Ozodlik gaplashgan boshqa bir mutaxassis¸ katta laqqa baliqlarning ko‘pligi to‘g‘on yemirilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishini ehtimoldan soqit qilmadi.

"500 kilogacha boradigan katta laqqalar o‘z tabiatiga ko‘ra¸ suvosti yoriqlarini izlab¸ o‘sha joyga "in" quradi. Agar suv ostida tabiiy g‘orchalar bo‘lmasa¸ ular tunelsimon chuqurchalar qiladi. Lekin laqqalar Sardoba to‘g‘oni devorida bunday yoriq ochgan bo‘lsa¸ ayb laqqada emas¸ qurilishga sement ishlatmagan quruvchilarda bo‘ladi. Asosiy ayb baribir yo loyiha¸ yo qurilishdagi korrupsiyaga borib taqaladi".

“Bu ekstravagant versiya ortida nima bor?”

Ozodlikka “Sardoba ishi” bo‘yicha tergovga oid ayrim ma’lumotlarni yetkazgan Toshkent mulozimi¸ Sardobadagi texnogen falokatga “laqqa baliq”ni aybdor qilish urinishi¸ agar jiddiy tus oladigan bo‘lsa¸ falokatning haqiqiy sababini bekitish uchun qulay bahona bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Tergov agar bor narsani, ya’ni armatura, beton va tosh o‘rniga faqat tuproq va tosh bilan devorlari ko‘tarilganini asosiy sababchi deb ko‘rsatsa, bu yavniy korrupsiya bo‘ladi va unda Sanginovlar sulolasini tergovga tortish kerak. Bu esa yuqoridagilarning planiga kirmaydi, o‘shanchun baliq yoki shamol yoki yomg‘irga ag‘darishga harakat bo‘ladi. Agar bu ombor devorlari va to‘g‘oni superprochniy betondan bo‘lganda edi¸ yirtqich laqqa baliqlar galasi u yoqda tursin¸ akula ham uni yemira olmas edi. Cho‘l o‘rtasida qurilgan Sardoba 100% sun’iy ko‘l, devorlari somon suvoq. Tergovning fojianing asl sababi loyiha va qurilishga borib taqalishi haqida xulosaga kelish-kelmasligi Mirziyoyevning siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. U bunga jur’at topadimi¸ yo‘qmi¸ ish yakuni ko‘rsatadi”.

1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi ortidan 100 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi¸ qo‘shni Qozog‘iston hududini ham suv bosdi. Hozirga qadar berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ toshqin oqibatida 6 odam nobud bo‘ldi.

Bu texnogen falokat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi tergovida¸ Bosh prokuratura 16 may kuni bergan ma’lumotga ko‘ra¸ loyihadagi xatoliklar¸ qurilish me’yorlarining buzilishi¸ ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar va tabiiy ofat kabi to‘rtta versiyani ko‘rib chiqilmoqda¸ ish doirasida 170 odamning so‘roq qilingan.

22 may kuni Ozodlik Sardoba suv ombori direktori Faxriddin Danaboyevning 19 may kuni DXX tomonidan hibsga olinganini xabar qilishi ortidan¸ Bosh prokuratura ish doirasida ikki shaxsning hibsga olinganini bildirdi¸ ammo ular shaxsini ochiqlamadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG