Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:37

Sardoba falokati ortidan boshpanasiz qolganlar uylari o‘rnida uy qurib berilishi talabidan qaytmoqchi emas


Sardoba tuman Do‘stlik mahallasidagi uylar¸ to‘g‘on buzilishi ortidan kelgan toshqin sabab shiftigacha suvda qoldi.
Sardoba tuman Do‘stlik mahallasidagi uylar¸ to‘g‘on buzilishi ortidan kelgan toshqin sabab shiftigacha suvda qoldi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tuman Do‘stlik MFY da joylashgan 28 ta kottej egasi hukumat komissiyasi tomonidan “yaroqsiz” deb topilib¸ buzishga berilgan uylari o‘rnida uy qurib berilishini talab qilishda davom etmoqda.

Norozilar bilan 9 iyun kungi uchrashuvda tuman hokimi bu talabni ijro etish vakolatiga ega emasligini aytib¸ uni respublika rahbarlari¸ xususan¸ Qurilish vaziriga yetkazishni va’da qildi.

Ayni paytda¸ bu talabga O‘zbekiston Qurilish vazirligi Ozodlikka bildirgan munosabatdan uning amalga oshish ehtimoli hozircha yiroq ekani anglashiladi.

Sardobadagi norozilik

8 iyun kuni Ozodlik Sardoba suv omboridagi texnogen falokat ortidan boshpanasiz qolgan bu oilalarning prezident va O‘zbekiston xalqiga bu talablari amalga oshishida yordam so‘rab qilgan videomurojaatini ochiqlagan edi.

Сардобаликлар мурожаати
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:58 0:00

O‘sha kuni Sardoba tuman hokimi Abduazim Xidirov uyining buzilib¸ o‘rniga yangi quriladigan besh qavatli uylardan 3 xonali kvartira berilishiga rozi bo‘lmayotgan 28 hovli egasi bilan uchrashdi.

Sardoba tuman hokimi Abduazim Xidirov sum ombori to‘g‘oni buzilishi ortidan suv bosgan Do‘stlik MFYda joylashgan 28 xonadon egalari bilan 8 iyun kungi uchrashuvda¸ ertasiga tegishli idoralar vakillari bilan kelib¸ e’tirozlarga javob berishni va’da qilgan edi.

9 iyun kuni o‘z va’dasida turib norozilar bilan uchrashuvga kelgan Xidirov¸ buzishga tushgan uylar ichkarisiga kirib¸ egalariga ularning yaroqsizligini tushuntirishga urindi.

Buzishga tushgan uylar ichini tekshirish davomida hokim yonida bo‘lganlardan biri¸ bu yerda bo‘lgan gap-so‘zlar mazmuni haqida Ozodlikka shunday xabar berdi.

Bu uylar chuqurlikda ekan. Suv potolokkacha yetgan. Mutaxassislar asos plitaga ziyon yetgan¸ zilzilabardoshligi yo‘q¸ deb xulosa bergan. Bu plitani olsa¸ butun uy ketadi. 28 ta uy yaroqsiz bo‘lib qolgan. O‘zlaringiz ham ko‘rib turibsizlar yaroqsizligini”¸ dedi hokimning yonida kelganlardan bittasi”¸ dedi uchrashuv qatnashchilaridan biri.

Ozodlik suhbatdoshlarining aytishicha¸ bir nechta kottejni ko‘zdan kechirgan Sardoba hokimi yaroqsiz uylar o‘rnida uy qurib berish bo‘yicha qaror chiqarish vakolatiga ega emasligini e’tirof qilgan.

Uchrashuv qatnashchilari ta’kidicha¸ tuman hokimi bu masalada qaror berish ayni kunlarda Sirdaryoda xizmat safarida yurgan O‘zbekiston Qurilish vaziri Botir Zokirov va uning 1-o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovga bog‘liq ekanini aytgan.

Hokimning gapi shu bo‘ldi : Qurilish vaziri ham¸ uning o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov ham shu yerda. Ular kelsin. Odamlarning talabini biz ularga yetkazaylik. Masalani qo‘yaylik¸ remont qilamizmi¸ buzamizmi¸ nima qilamiz. Keyin sizlar bilan bamaslahat bir to‘xtamga kelaylik. Hozir sizlarga yolg‘onchi bo‘p turibman¸ GosInning (davlat inspeksiyasi) bolalari kelishi kerak edi¸ lekin Toshkentdan bu gruppa kelgani uchun ular hozir vazir bilan uchta rayonni ko‘rib chiqyapti. Kelmaydigan bo‘lsa¸ xat bilan chiqamizda¸ xalqning talabi shunday bo‘lyapti¸ deb ofitsialniy bildiramiz”, dedi 10 iyun kuni Ozodlikka bog‘langan uchrashuv qatnashchilaridan biri.

Bunday qarorsizlik¸ ayniqsa¸ hokimiyat vakillarining “bu tabiiy ofat¸ hech kimda ayb yo‘q!” degan gapidan toqati-toq bo‘lgan ayollar¸ uchrashuv qatnashchilarining aytishicha¸ hokim va u bilan birga kelgan rasmiylarga baland ovozda e’tiroz bildirishga o‘tgan.

Bu hech qanaqa tabiiy ofat emas. Suv omborini qurganlarning kasriga biz qolib o‘tiribmiz. Biz domga bormaymiz. Tirikchiligimiz bitta molning¸ tovuqning orqasidan o‘tib kelgan¸ domda qanday kun ko‘ramiz. Bir umr qora mehnat bilan olgan uyimizdan ayrildik. Necha kundan beri domga bormaymiz deb norozilik qilyapmiz¸ yana kelib bizga "dom beramiz"¸ deb gapirasizlar. Xalqni dardini tushunmaysizlar. Uyimizni qurib berasizlar¸ begunoh xalqni rozi qilasizlar! Biz tamom bo‘ldikku! Qolgan umrimizni domda o‘tkazishni xohlamaymiz. Quriladigan domga hokim xotini bilan chiqib o‘zi yashasin. Dom bilan kottejning farqiga bormaydigan rahbarlar kerakmas bizga!”¸ deydi Ozodlikka uchrashuvdan yuborilgan audioyozuvda yig‘lab turib baland ovozda gapirgan ayollar.

Вайрон бўлган уй
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:43 0:00

7 iyun kuni egalariga aytmay turib buzib tashlangan kottej vayronalari.

Bu e’tirozlarga javoban Sardoba tuman hokimi bilan kelgan mulozimlardan biri¸ “prezident ko‘ryapti¸ komissiya ishlayapti¸ sabr qilinglar”¸ deyishi ortidan ayollar “bir yarim oy o‘tdi¸ nega hozirgacha javob bermadi¸ nega uyimizni qurib berishni istashmayapti¸ domga chiqmaymiz”¸ deb javob qiladi.

Bu to‘polondan keyin Sardoba tuman hokimi Abduazim Xidirov to‘planganlarning buziladigan uylari o‘rnida uy qurib berish talabini qabul qilish o‘z qo‘lida emasligini aytib¸ yana uch kun vaqt so‘ragan.

Hokimning oxirgi gapi¸ “uch kun muddat beringlar” degan mazmunda bo‘ldi. Odamlarga uylaringiz buzilmaydi¸ vaqtincha yashab turgan joylaringizga qaytinglar”¸ deyildi. Bu yerda o‘tirishdan foyda yo‘q. Oxrana qo‘yiladi¸ birorta begona odam kirmaydi. Hech kim hech narsaga teginmaydi¸ degan va’dalar bo‘ldi. Lekin odamlar baribir ishonmaydi. Sakkizta uyni egasiga aytmay buzdirib tashlagan hokimiyatga ishonish qiyin”¸ dedi Do‘stlik MFY dagi uyi buzilishga tushganlardan biri.

Qurilish vazirligi javobi

Ozodlik 9 iyun kungi uchrashuvda “qaror berish vakolatiga ega” deb taqdim qilingan Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovdan Sardoba tuman Do‘stlik MFYdagi 28 ta yaroqsiz deb topilgan kottej egalari talabiga munosabat so‘radi.

Ozodlik yozma so‘roviga Sherzod Hidoyatovdan kelgan javobdan¸ Do‘stlik MFYdagi 28 ta kottej egasining buziladigan uyi o‘rnida yangi uy qurib berish talabining qondirilish ehtimoli hozircha yo‘qligi ko‘riladi.

Sardoba tumani “Do‘stlik” MFYda yashovchi bir guruh yurtdoshlarimiz tomonidan bo‘lgan videomurojaat bo‘yicha shuni aytishimiz mumkinki, shu kungacha o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida uchala tumanda talofat ko‘rgan xonadonlar 4 435 ta, shundan 2 390 ta yaroqsiz va 2 045 tasi ta’mirtalab holatda ekanligi aniqlangan. Murojaatda aytilgan, ya’ni “Do‘stlik” mahallasidagi ushbu uylar mutaxassislardan tashkil topgan ishchi guruhlar tomonidan chuqur o‘rganib chiqildi va yashash uchun yaroqsiz, deb topilgan. Sababi, suv toshqini natijasida uylarning temir-beton konstruksiyalarida o‘zgarishlar bo‘lgan. Ular joyidan siljigan. Chunki, mazkur uylar pastlikda joylashgan bo‘lib, ko‘p ziyon ko‘rgan. Uylarning poydevorlarida cho‘kish va yoriqlar kuzatilgan. Qolaversa, loyiha institutlari tomonidan ham har bir uyning xolati chuqur o‘rganib chiqilib, hulosalar berildi. Yashash uchun yaroqli bo‘lgan barcha xonadonlar saqlab qolindi. Ular qurilishdagi yangi va energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llagan xolda, zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Tomorqalar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yer maydonlari oldin yashab kelgan xonadon egalariga biriktiriladi. Hech kim ulardan yerlarini olib qo‘ymaydi. Bemalol foydalanishlari mumkin. Ayni kunlarda mazkur xonadon egalari uchun hududga yaqin joydan ko‘p qavatli uy-joylar qurilyapti. Undan tashqari ularga 40 million so‘mdan moddiy yordam puli ham ajratildi. Qolaversa, maishiy texnika uchun sertifikatlar ham topshirildi”¸ deyiladi rasmiy javobda.

"Talabimizdan qaytmaymiz!"

Sardoba tuman hokimi Qurilish vazirligi rahbarlari bilan Do‘stlik MFYdagi 28 ta kottej taqdirini hal qilish bo‘yicha gaplashayotgan bir paytda¸ bu uy egalari o‘z talabidan chekinish niyati yo‘qligini aytmoqda.

Domga chiqarib¸ oldingi yerimizni xatlab bersayam ko‘nmaymiz. Yana hovli qurish uchun qolgan umrimizni sarflaymizmi? To uyimiz o‘rnida uy qurish haqida qaror chiqmaguncha¸ buzdirmay o‘tiramiz. Ko‘chamiz hozir qabristonga o‘xshab yotibdi¸ shu holicha qoldirmaslik uchun kattaroq rahbar kelar axir muzokara uchun¸ axir xalqning talabini qabul qiladigan rahbar chiqib qolar! Bo‘lmasa¸ xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilamiz! Sardobaning kasriga nega aybsiz odamlar qolishi kerak!”¸ dedi 10 iyun kuni Ozodlikka bog‘langan norozilardan biri.

1 may kungi Sardoba texnogen falokati yuzasidan tuzilgan respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Do‘stlik MFYga kirishda joylashgan ikki ko‘chadagi 28 ta kottej yashashga yaroqsiz deb topilgan. Egalari 1 maydan beri har qaerda sarson bo‘lib yurgan bu uylardan 8 tasi 7 iyun kuni mulk egasini ogohlantirmay turib buzib tashlandi.

Hokimiyat buzilgan va buziladigan to‘rt xonali kottej o‘rniga ayni MFY hududida quriladigan besh qavatli uylardan uch xonali kvartira va’da qilmoqda. Shuningdek¸ hozircha biror hujjat bilan kafolatlanmagan va’daga ko‘ra¸ buzilgan kottejlar joylashgan 6 sotixlik yer ham o‘z egalarida qoldiriladi.

1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi ortidan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. Maxsus komissiya qarori bilan uyi buzilgan yoki shikastlangan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

15 may kuni Sardoba tumanidagi “Do‘stlik” mahallasiga borgan prezident Mirziyoyev¸ O‘zAning yozishicha¸ bu yerda quriladigan "1480 xonadondan iborat 37 ta uy poydevoriga tamal toshi qo‘ygan".

Алоқадор

XS
SM
MD
LG