Линклар

Шошилинч хабар
05 июл 2020, Тошкент вақти: 16:11

Poplik 51 tadbirkor o‘z do‘konining deputatga olib berilishini to‘xtatishni so‘rab prezidentga murojaat qildi (VIDEO)


Pop markazidagi ikki va uch qavatli ana shu do‘konlar deputat Sardor Rahmonovning 7 qavatli uy qurish loyihasi uchun egalaridan tortib olinish tahlikasi ostida qolgan.

Namangan viloyat, Pop tuman markazida joylashgan 50 dan ortiq do‘kon egalari Namangan viloyati va Pop tumani hokimlarini Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati¸ “Pop savdo markazi” MChJsi egasi Sardor Rahmonovga 7 qavatli uy qurish uchun o‘z xususiy mulklarini olib berish uchun bosim qilayotganlikda aybladi.

Tadbirkorlar prezident Mirziyoyevga atalgan videomurojaatini Ozodlikka taqdim qildi.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar Mirziyoyevning Namanganga kutilayotgan tashrifi davomida viloyat hokimiga juda yaqin bo‘lgan Sardor Rahmonovning o‘z mega-loyihasini prezident tasdig‘idan o‘tkazishga chog‘lanayotganidan qattiq xavotir bildirdi.

Pop tuman hokimligi mulozimi¸ qolaversa tadbirkor-deputat Rahmonov 51 tadbirkor bilan muzokaralar hozircha boshi berk ko‘chaga kirib qolgani¸ ammo ular mulkiga hech kim “buldozer solish” niyatida emasligini bildirdi.

Prezidentning bir og‘iz gapi bilan 51 tadbirkor xususiy mulkidan ajrashi mumkin

Pop tuman markazidagi 51 ta do‘kon egasi o‘zlarini Ozodlik orqali murojaat bilan chiqishga Shavkat Mirziyoyevning yaqin kunlar ichida Namanganga kutilayotgan safari majburlaganini bildirdi.

Hozir Namanganda prezident kelishiga tayyorgarlik ketyapti. Viloyat va Pop hokimi prezidentga ko‘rsatiladigan obyektlar va hujjatlar ustida ishlayapti. Viloyat hokimining lyubimchigi Sardor Rahmonovning Pop markazida Toshkent tipidagi 7 qavatli turar-joy binosi¸ unga tutash bog‘cha va park qilish loyihasini prezidentga ko‘rsatib¸ uni bosh planga kiritishmoqchi. Agar prezident bunga dobro bersa¸ bizning uyimiz kuyadi. 51 ta tadbirkorning xususiy mulkiga ertasigayoq buldozer solinadi. Sababi¸ biz o‘tgan yildan beri do‘konlarimizni bu tadbirkorga berishga rozilik bermay kelyapmiz. Lekin Pop genplanini prezident tasdiqlasa¸ bizdan birov ruxsat ham so‘ramay¸ do‘konlarimizni buzadi”¸ deydi Ozodlik gaplashgan poplik tadbirkorlardan biri.

Poplik tadbirkorlar¸ ana shu ehtimolning oldini olish¸ “prezidentni aldamasliklari” uchun qilgan videomurojaatida Mirziyoyevdan bitta “soxta tadbirkor” manfaati uchun 51 ta boshqa tadbirkorni qurbon qilmaslikni so‘raydi.

Поплик тадбиркорларнинг президент Мирзиëевга қилган видеомурожаати.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:03 0:00

"Hokimning do‘kon buzishga vaqti yo‘q!"

Pop tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqin kunlarda Namangan viloyatiga tashrifi kutilayotganini tasdiqladi va safar davomida unga Pop markazida zamonaviy uy va istirohat parki qurish loyihasini ichiga olgan yangi Bosh rejaning taqdim etilishi haqidagi xabarni inkor qilmadi.

Hokimlik mulozimi¸ prezidentga videomurojaat bilan chiqqan tadbirkorlarni “Popning kengayib¸ zamonaviy shaharga aylanishiga to‘sqinlik qilayotgan olibsotarlar” deb atadi.

Shahar kengayishi kerak. Hokimlikdan necha mingta odam uy so‘rab murojaat qilgan. (necha mingta¸ degan savolga mulozim javob bermadi -tahr.) Uyg‘ur degan qishloq bilan buziladigan do‘konlar orasi 1¸5 km. Shu joyda juda chiroyli zamonaviy bozor qurilgan. Bu bola bozorni qurish paytida deputat bo‘lmagan¸ bozorni qurgandan keyin deputat bo‘ldi. U Pop markazidagi eski bozor o‘rnida 7 qavatli uy qurishga zamonaviy loyiha qilib kelgan. Pasti Toshkentdagidey oynali magazin bo‘ladi¸ loyiha chiroyli. Bu odamlarga 1-qavatini ol¸ mana senlar¸ Pop markazini chiroyli qilaylik¸ desak ko‘nmayapti. Changga botib yotgan bozorni chiroyli qilib qurib bersa¸ ikki-uchta olibsotar tuhmat qilyapti. Kambag‘alning puli ko‘paysa¸ eski uyini buzib¸ yangisi quradi¸ mashina oladi. Rayon ham shunday. Eskirgan binolarini zamonaviy qilgisi keladi¸ pastlarini balandroq qiladi”.

Ayni paytda Pop tuman hokimligi mulozimi¸ “shu kunlarda prezident tashrifi va g‘alla yig‘imi bilan ishi boshidan oshib turgan hokimning do‘kon buzishga vaqti yo‘qligi”ni ta’kidladi.

"Hokimning ishi boshidan oshib yotibdi. Ertaga g‘alla bo‘yicha davlat rejasini bajaramiz. Hokimning tadbirkorlani do‘konini buzishga vaqti yo‘q. Prezidentning safari kutilyapti. Biz prezidentga ikkita obyektni ko‘rsatishimiz kerak. G‘urumsaroy qishlog‘ida yangi qurilayotgan bolnitsa¸ ikkinchisi bitta tadbirkorimiz suv chiqmaydigan cho‘l joyda 1000 gektarlik joyda bog‘ tashkil qilgan. Prezidentimiz shuni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi. Tashrifning aniq kunini bilmaymiz hali".

Deputat-tadbirkor kim?

Pop markazidagi 51 tadbirkor do‘koni o‘rniga “toshkentcha 7 qavatli uy qurish loyihasi”ni taqdim qilgan tadbirkor 28 yashar Sardor Rahmonovdir.

O‘zbek nashrlari va telekanallarida yosh ishbilarmon sifatida tez-tez namoyish qilinadigan Rahmonov¸ koronavirus pandemiyasi paytida¸ "nochorlarga yordam berayotgan tadbirkor" sifatida piar qilindi.

Ozodlik bilan suhbatda Sardor Rahmonov¸ karantin davrida nochor oilalarga 370 million so‘mlik oziq-ovqat tarqatganini iddao qildi.
Ozodlik bilan suhbatda Sardor Rahmonov¸ karantin davrida nochor oilalarga 370 million so‘mlik oziq-ovqat tarqatganini iddao qildi.

Unga qarashli “Pop savdo markazi” MChJchi 2019 yil 26 sentabr sanasi bilan o‘tkazilgan auksionda Pop markazidagi Markaziy dehqon bozoriga qarashli 87 sotix yerni¸ hokimlikka ko‘ra¸ 806 million 100 ming so‘mga sotib olgan.

Bu hududda 7 qavatli uy qurish proyektini tuman va viloyat hokimligi tasdig‘idan o‘tkazgan Rahmonov¸ buzilgan bozor yonidagi 2 va 3 qavatli xususiy do‘konlarni ham o‘ziga olishni rejalamoqda.

Ammo bu do‘konlar 51 ta tadbirkorning xususiy mulki bo‘lgani uchun¸ ular bilan muzokara olib borishga majbur bo‘lgan tadbirkor-deputatning Ozodlikka aytishicha¸ do‘kon egalari bilan so‘zlashuv hozirda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Eski bozor o‘rnida uy qurish rejasini qildim. Bozorni auksionda sotib oldim. Yer osmondan tushgani yo‘q. Ichkaridagi 30 do‘konning kompensatsiyasi to‘lab¸ buzdik. Tashqaridagilardan ham ikkitasi rozi bo‘ldi¸ uniyam buzdik. Qolgan tadbirkorlar norozi bo‘lyapti. Qurilishimizniyam qilayotganimiz yo‘q. Biz ularga shunaqa taklif beryapmiz – sizlarni rozi qilmasdan hech kim joyingizni buzmaydi. Qo‘liniyam tekkizmaydi. Quriladigan 7 qavatli uyning birinchi qavatidan o‘ringa o‘rin bir xil kvadraturada joy qurib beramiz¸ ichini remon qilib¸ qulf kaliti¸ kadastri bilan qilib beramiz. Bir¸ bir yarim yil qurilish bitguncha¸ yangi bozordan joy beramiz¸ arenda puliyam olmaymiz. Yangi do‘kon kadastr hujjatlari¸ qulf kaliti bilan topshirilgandan keyin bozordagi joyimizni qaytib berib¸ domning tagidagi do‘konda ishingizni davom ettirasiz. Hech qanday boshqa to‘lov bo‘lmaydi¸ deyapmiz”¸ dedi Ozodlik bilan 17 iyun kungi suhbatda Sardor Rahmonov.

Sardor Rahmonov Pop markaziy bozori hududini sotib olib¸ uni buzib tashlagan. Ammo bozor atrofidagi do‘kon egalari bilan kelisha olmayotgani ortidan¸ hozircha 7 qavatli uy qurilishini boshlamagan.
Sardor Rahmonov Pop markaziy bozori hududini sotib olib¸ uni buzib tashlagan. Ammo bozor atrofidagi do‘kon egalari bilan kelisha olmayotgani ortidan¸ hozircha 7 qavatli uy qurilishini boshlamagan.

Rahmonovga ko‘ra¸ tadbirkorlarga bunday va’da uchun kafolat sifatida o‘zaro shartnoma tuzib¸ unga hokimiyatni garant qilishni taklif qilgan. Tadbirkorlar¸ hokimiyat roliga ishonchsizlik bildirgani ortidan Rahmonov ularga shartnomani Adliya vazirligiga qarashli davlat notariusi orqali hujjatlashtirishni taklif qilgan.

Kabmindan kuratorlar kelib¸ biz garant bo‘lamiz¸deyishdi. Bular bankdan garantiya so‘rashdi. Viloyat banki keldi¸ tadbirkorlar “respublikadan kelsin” deyishdi. Respublika Milliy banki yuristi keldi. Bular rais kelishini talab qildi. Ular do‘koniga o‘zlari qo‘ygan narx bo‘yicha kafolat so‘radi. Bittasi do‘konini 2 million dollarga baholadi. Bank ko‘nmadi¸ Milliy bank vakillari qaytib ketdi. Keyin pandemiya boshlandi¸ shu bilan qolib ketdi. Hozir tadbirkorlar yana yozib chiqa boshladi”¸ dedi Sardor Rahmonov.

Rahmonovga ko‘ra¸ buzilgan bozorga tutash jami 55 ta do‘kon egalaridan to‘rttasi bilan muzokaralar kelishuv bilan tugagan va bu do‘konlarni ham qonuniy yo‘l bilan sotib olgan.

Qolgan 51 tadbirkor nega “jozibali taklif”ga ko‘nmayapti?

Prezidentga o‘z xususiy mulklarini Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovga juda yaqin ko‘riladigan deputat Sardor Rahmonovdan himoya qilishni so‘rab chiqqan 51 tadbirkor vakillari Ozodlik bilan suhbatda shunday muzokara va taklif bo‘lganini tasdiqladi.

Ularga ko‘nmaslik sababi esa¸ tadbirkorlarga ko‘ra¸ hokimiyat vakillari mutlaq ishonch yo‘qligi barobarida¸ Sardor Rahmonovning «soxta hujjat» bilan o‘zlarini aldamoqchi bo‘lganidir.

«Biz hokimlarga ishonmaymiz. Bugun chiqarilgan qarorini ertaga na o‘zi o‘zgartirib beradi¸ porasini bersangiz. Shuning uchun bank kafolatini talab qildik. Rahmonov Milliy bankning Namangan bo‘limidagi oddiy bir xodimga bosim o‘tkazib¸ bir varaq qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib¸ pechat bosib olib keldi. Biz bu qog‘ozni Toshkentga¸ Milliy bankning respublika qarorgohiga olib borsak¸ ularning bundan umuman xabari yo‘q bo‘lib chiqdi. U qog‘oz lipoviy bo‘lib chiqdi. Shundan keyin biz muzokaralarni to‘xtatdik. Qo‘limizdagi hujjatlardan¸ Sardor Rahmonovning yangi bozor qurish uchun Milliy bank va boshqalardan 38 milliard so‘m kredit olib¸ hozirgacha uning foizini ham to‘lamaganini bilamiz. Bu ketishda bozor uniki emas¸ bankniki bo‘ladi va u bilan qilingan har qanday shartnoma kuchini yo‘qotadi. O‘zbekistonda hozir har xil shartnoma tuzib¸ keyin bankrot bo‘lib¸ qurgan obyekti uchinchi firmaga o‘tib ketayotganlar nihoyatda ko‘p. Bunaqa shartnomani keyin hech kim bir pulga olmaydi¸ bor ana sudga ber¸ deyishadi. Sud degani¸ kuyib ketdim¸ degani. Biz bu o‘yinlarni juda yaxshi bilamiz va bunaqa Ahmadboynikiga o‘xshagan moliyaviy sxemalarga aldanmoqchi emasmiz»¸ deydi prezidentga murojaat qilgan 51 tadbirkordan yana biri.

Bu tadbirkorlar¸ o‘z xususiy mulkidan biror shaklda voz kechmasliklarini ochiq oydin aytishlari ortidan¸ viloyat va tuman hokimligi o‘z binolari qurilgan hududni buzishni Pop shahar Bosh planiga kiritish hiylasini ishlab chiqqanini aytadi.

«Hozir esa¸ har xil bahona bilan do‘konlarimiz joylashgan ko‘cha boshiga blok post qo‘yib¸ xaridorlarni o‘tkazmayapti¸ elektrimizni uzib qo‘yayapti¸ har xil qarzdorlikni bahona qilyapti¸ eski moliyaviy hujjatlarimizni ko‘tarish bilan tahdid qilishyapti. Maqsad¸ bizni Rahmonov shartlariga ko‘ndirib¸ shu yerdan chiqarish. Bularning hammasi Sardor Rahmonovning ishi. Bu bola Popda tuman hokimidan ham qudratli bo‘lib ketgan. Orqasida viloyat hokimi Bozorov turibdi»¸ dedi tadbirkorlardan yana biri.

Prezidentga murojaat qilgan poplik do‘kon egalari¸ o‘z xususiy mulk egaligini himoya qilish uchun kurashdan to‘xtamasligini aytmoqda.

«17 iyun kuni 10 dan oshiq vakilimiz Biznes ombudsman Dilmurod Qosimov bilan uchrashish uchun Farg‘onaga ketdi. Kechqurun uchrashib¸ shikoyatimizni yetkazdi. Ombudsman yordam beraan¸ dedi. Prezidentga murojaat qildik¸ yana qilamiz. Do‘konimizni hech kimga bermaymiz. Shaharsozlik qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi¸ desa¸ yana o‘zimiz remont qilamiz¸ yoki qayta quramiz. Hozirgacha uch marta remont qildik¸ nechta mashina pulini sarflab¸ yana qilishga rozimiz. Ammo undan voz kechmaymiz»¸ dedi poplik tadbirkorlar.

Yakkabog‘dagi isyondan keyin buzilishlar hovuri pasaydi

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi xususiy do‘kon egasi o‘z do‘konini noqonuniy buzish uchun buldozer solgan tuman hokimi o‘rinbosari ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgani O‘zbekistondagi snoslarning oddiy aholi va tadbirkorlar toqatinini toq qilganidan berilgan jiddiy signal bo‘ldi.

Bu voqea ortidan 2019 yil 3 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev buzilishlarga oid yangi farmoyish qabul qildi.

Unga ko‘ra¸ 2019 yil 5 avgustdan boshlab, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalarini olib qo‘yish hamda ko‘chmas mulk obyektlarini buzish ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi bergan rasmiy xabarga ko‘ra¸ birinchi bosqichda hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo‘yicha materiallar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi; keyin Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bo‘yicha va moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha xulosalar tayyorlanadi va uchinchi bosqichda xulosa Bosh vazirga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.

Jarayon ana shu uch bosqichdan o‘tib¸ mulk egasiga kompensatsiya masalasi hal qilinganidan keyingina¸ obyekt buzilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG