Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:50

OzodDayjest: Bir yarim tonna sof oltinni o‘g‘irlashda ayblangan samarqandlik adolat izlamoqda


1,5 tonna oltin olish uchun kamida 50 ming tonna rudani maxsus texnikalar yordamida qayta ishlash lozim.
1,5 tonna oltin olish uchun kamida 50 ming tonna rudani maxsus texnikalar yordamida qayta ishlash lozim.

Pandemiya davrida O‘zbekistonda huquqiy nigilizm kuchayganidan xavotir bildirildi. Surxondaryolik 79 yoshli otaxon talabalikka hujjat topshirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Bloger: Pandemiya davrida O‘zbekistonda “do‘stlarimga – hamma narsa, dushmanlarimga – qonun” prinsipi ommalashdi

Davletov.uz Telegram kanali muallifi, bloger Qobiljon Xidirov pandemiya davrida O‘zbekistonda huquqiy nigilizm kuchayganidan xavotir bildirdi.

“Oxirgi paytlar, ayniqsa, pandemiyada davrida bizda kuzatilayotgan og‘riqli masalalardan biri Ispaniya diktatori Frankoning “do‘stlarimga – hamma narsa, dushmanlarimga – qonun” prinsipi ommalashgani bo‘ldi. Qonunlar tanlov asosida ishlay boshladi, qonundan qarorning, qarordan protokolning, protokoldan og‘zaki topshiriqning vazni yanada oshdi” ,- deb yozadi muallif.

Ta’kidlanishicha, haddan tashqari ko‘p hujjatlar qabul qilingani, o‘nlab yaxshi davlat dasturlari ijrosi havoda muallaq qolib ketgani ham bu kayfiyatni kuchaytirdi.

“Eng yomoni, bunday xatti-harakatlarga nisbatan jamiyatning mutlaq katta qismida, chiroyli termin bilan ataganda immunitet, yomon ma’noda befarqlik shakllanib boryapti. Befarqlik, nazarimizda, ilojsizlikdan, har kuni ko‘raverib, diydasi qotishdan. Bunday harakatlarga qarshi kurashish mantiqsiz harakatga, kurashayotganlar esa Don Kixotga o‘xshab qolyapti” , - deb yozadi bloger.

Muallifning ogohlantirishicha, huquqiy nigilizm oxir-oqibat yaxshilikka olib kelmaydi. Bundan xalq ham, davlat ham yutqazadi.

1,5 tonna sof oltinni o‘g‘irlashda ayblangan fuqaro adolat istab Oliy sudga murojaat qildi

Turli jinoyatlarda ayblanib ozodlikdan mahrum etilgan fuqaro B. Ibragimov adolat istab Oliy sudga murojaat qildi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 2020 yil 1 iyul).

U 140 nafar kollej bitiruvchisini ishga qabul qilib, davlatga 238 million so‘m miqdorida zarar yetkazish, 1,5 tonna miqdoridagi sof oltinni o‘zlashtirish va hujjatlarni soxtalashtirishda ayblangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 2014 yil 18 iyuldagi hukmi bilan u 9 yilu 6 oy muddatga javobgarlikka tortilgan. Bosh prokuratura protestiga asosan to‘rt yilu o‘n bir oy deganda qamoqdan ozod qilingan.

Qayd etilishicha, o‘sha paytda na tergovchi, na sudya taqdim etilgan hujjatlar, guvohlar hamda keltirilgan dalillarni inobatga olgan.

Gazetaga ko‘ra, fuqaroning 1,5 tonna sof oltinni o‘zlashtirganlikda ayblanishi Hollivud kinolariga xos shov-shuvli voqealarni eslatadi. Gap shundaki, Zarmitan konida oltin sof holda emas, balki ruda ko‘rinishida qazib olinib, zavodda qayta ishlanadi va ma’dan tarkibidan ajratiladi.

1,5 tonna oltin olish uchun kamida 50 ming tonna rudani (bu 50 ta eshelon degani!) tashib chiqib maxsus texnikalar yordamida qayta ishlash lozim bo‘ladi. Alohida qo‘riqlanadigan obyektdan 50 eshelon rudani yashirincha olib chiqish ketish esa aqlga sig‘maydi.

Gazeta ushbu jinoyatni “o‘sha davr uchun to‘qilgan ertak” deb atagan va oliy mahkama adolatni tiklashiga umid bildirgan.

Mutaxassis: O‘zbekiston yoshlari orasida narkotik vositalarni uyda tayyorlab iste’mol qilayotganlar bor

O‘zbekistonda yoshlar orasida uy sharoitida narkotik vositalarni tayyorlab, iste’mol qilish holatlari uchrab turibdi. Afsuski, ularning ota-onasi bundan g‘isht qolipdan ko‘chgach xabar topyapti (www.qalampir.uz, 1 iyul).

Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda giyohvand moddalarning turlari haddan tashqari ko‘payib ketgan. So‘nggi vaqtlarda sintetik narkotiklar ham ommalashgan.

“Ma’lum bo‘lgan jinoyatlar bilan birga biz hali ko‘rmagan giyohvandlar qanchadan-qancha. Buni jamoatchilik bizdan ko‘ra yaxshi biladi. Yana bir jihat borki, narkotiklarning yangi turlari, masalan, sintetik narkotiklar paydo bo‘la boshladi” , - deydi Sh.G‘ulomov.

Mutaxassis giyohvandlik moddalariga qarshi kurashda jamoatchilikni ham ogohlikka chaqirgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 5698 kishi narkodispanser hisobida turadi.

XS
SM
MD
LG