Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2020, Тошкент вақти: 07:34

Andijon hokimi brifingi oldidan jurnalistlarga 5 million so‘mdan tarqatildi


20 iyul kuni Andijon hokimligida o‘tkazilgan matbuot brifingida yigirmadan ziyod jurnalist qatnashgan.

20 iyul kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida koronavirus muammosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot brifingiga borgan jurnalistlarga 5 million so‘mdan pul tarqatilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan jurnalistlarning Ozodlikka aytishicha, ularning o‘zlari ham brifingda qatnashgan va hokimlik matbuot xizmati xodimi bu pul "hokimning sovg‘asi" ekanini aytgan.

Ozodlik bilan suhbatda ba’zi jurnalistlar hokim nomidan berilgan pulni kasb bayramlariga (kasb bayrami qariyb 1 oy oldin o‘tib ketgan) atab berilgan hadya sifatida olishganini aytsa, boshqalar bu xolatda hokimiyat va matbuot o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi ko‘rayotganliklarini aytib, buni "jurnalistlar og‘zini moylash" deya talqin qildi.

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bundan oldin futbolchilar, terimchilar, shoirlar, raqqosalarga pul va mashinalar sovg‘a qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bunday sovg‘alar qayerdan olinyapti, degan savollar o‘rtaga tashlanmoqda.

20 iyul kungi brifingda qatnashgan, lekin ismi ochiqlanishini istamagan andijonlik jurnalist o‘zi ham hokim nomidan 5 million so‘m olganini Ozodlikka aytar ekan bunday dedi:

- Brifingdan oldin hokimlik matbuot xizmatidan telefon bo‘ldi. Brifingga kelinglar, hokimning sovg‘asi bor, olib ketasizlar deyishdi. Borganimizda brifing avvalida 5 million so‘mdan berishdi. "Hokimning sovg‘asi" deyishdi. Anjuman so‘nggida hokimning o‘zi "muammo bo‘lsa, mening o‘zimga aytinglar, mana telefon nomerim, muammoni birga hal qilamiz", deb aytdi.

Andijon viloyat hokimi matbuot brifingida jurnalistlarga pul tarqatilganini MY5 telekanalining Andijondagi muxbiri Akmal Muydinov ham Ozodlikka tasdiqladi.

Muydinov bu pul Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan hokimning sovg‘asi bo‘lganini aytdi:

- Biz bunaqa brifinglarga doim ham borolmaymiz. Kelmasanglar bo‘lmaydi, shunaqa o‘tgan safargi sovg‘ani olib ketasizlar, dedi. Borsak brifing boshlanishidan oldin shu brifingni olib borgan matbuot xizmati xodimi bizga pulni berdi. Boshqalarni bilmayman, u yerda yigirmadan ortiq jurnalist bor edi. Bizga berdi. Tushunishimcha bu hokimning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan sovg‘asi. Hokimning hadyasi sifatida oldik.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:05 0:00
Бевосита линк

Brifingda qatnashgan boshqa bir jurnalist esa o‘zi va kasbdoshlariga hokim tarafidan pul berilishi holatida hokimiyat va matbuot o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi ko‘rayotganini aytdi.

- Brifing payti shu brifingda jurnalistlar savoliga javob berishi kerak bo‘lgan hokim jurnalistlarga pul beryapti. Buni qanday tushunish mumkin? Bu jurnalistlarning og‘zini moylash emasmi? Hokimlar ijroiya hokimiyat, jurnalistlar to‘rtinchi hokimiyat. O‘rtaga pul aralashyapti. 27 iyun kuni esa xudda shu jurnalist blogerlarga, har biriga hokim televizor tarqatgan edi. Andijon viloyat hokimining puli juda ko‘payib ketgan bo‘lsa kambag‘allarga bersa bo‘lmaydimi?! Andijon TV ni kursak ko‘nglimiz ayniydi, chunki tunu kun viloyat hokimini ko‘rsatib maqtashadi. Ha endi shuncha sovg‘ani olgandan keyin maqtaydida... Viloyat esa koronavirus va ko‘zbo‘yamachilik bilan to‘lib ketgan.

Ammo, MY5 telekanalining Andijondagi muxbiri Akmal Muydinov bu qarashga qo‘shilmaydi.

U hokimlik tarafidan berilgan pulni shunchaki hadya deb bilishini aytdi:

- Hamma o‘zining tushunchasi bilan tushunadi. Biz uni hadya deb oldik. Chunki, bayram o‘tdi. To‘g‘risi, bayramda har yili yaxshi sovg‘a olamiz-da. Lekin, bu sovg‘alarning faoliyatimizga ta’siri bo‘lmaydi. Shu kunning o‘zida tanqid berdik. Qo‘rg‘ontepa tumanidan shu kunning o‘zida tanqid berdik. Hokim agar yordam kerak bo‘lsa mana telefonim, mening o‘zimga aytinglar, masalani bir tomonlama o‘rganmanglar, tanqidga ochiqman, hech qachon jurnalistlardan qochmaganman dedi. Ya’ni pul berilishida konflikt vaziyat ko‘rmayapman.

20 iyul kuni jurnalistlarga pul berilgani yuzasidan izoh olish uchun Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatiga bog‘lanib bo‘lmadi.

Hokimlik rasmiy saytida matbuot xizmati tugmasi bosilganda "bunday sahifa yo‘q" degan yozuv paydo bo‘ldi.

Effect.uz sayti bosh muharriri Akmalxon Eshonxonov jurnalistlar hokimiyat idoralarining sovg‘alariga uchmay, bundan masofalanishi lozimligini aytadi:

- O‘zini hurmat qiladigan jurnalist, bunday xolatlardan masofalanishi kerak. Pul yoki sovg‘alarni olmasligi kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu nizoli xolatni keltirib chiqaradi. Jurnalist mustaqil bo‘lishi lozim. Sovg‘alar, pullar mustaqilligini cheklab qo‘yishi aniq, - deydi Eshonxonov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:10 0:00
Бевосита линк

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bundan oldin "Andijon" jamoasi futbolchilari, terimchilar, shoirlarga pul va mashinalar sovg‘a qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa foydalanuvchilar bunday sovg‘alar manbasi qayerdan olinyapti, degan savollarni o‘rtaga tashlashgan.

Hokim Abdurahmonov esa bu savollarga "berayotgan bo‘lsam xalqimga beryapman", deya javob qilgan.

O‘tgan yil 25 noyabr kuni viloyatlik sportchilarni taqdirlash marosimida Andijon viloyat hokimi: "Kimlardir muhokama qilib ko‘ryapti buni ham hokim qatdan oberyapti, nima oberyapti. Men berayotgan bo‘lsam, xalqimga beryapman. O‘zim yemayapman, shu xalqimga beryapman men", degan edi.

Lekin, hokim bunday sovg‘alar manbasi qayerdan olinayotganini ochiqlamagan.

XS
SM
MD
LG