Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:53

Davlat kompaniyalari faqat mahalliy tovar va xizmatlarni sotib oladi. Ekspertlar bu sanoqli shaxslarni boyitishini aytmoqda


Prezidentning 24 avgust kungi qarori davlat xaridlari uchun tenderlarda chet el ishlab chiqaruvchilari ishtirokini taqiqladi.
Prezidentning 24 avgust kungi qarori davlat xaridlari uchun tenderlarda chet el ishlab chiqaruvchilari ishtirokini taqiqladi.

O‘zbekiston prezidenti 24 avgust kuni imzolagan yangi qarorga ko‘ra¸ 2020 yilning 1 noyabridan davlat kompaniyalari va tarkibida davlat ulushi bor korporatsiyalar tovar va xizmatlarni faqat mahalliy ishlab chiqaruvchidan sotib olishi shart qilib belgilandi.

Bunday taqiq pandemiya davrida mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash iddaosi bilan izohlangan.

Ozodlik gaplashgan mustaqil iqtisodchi va tadbirkorlar fikricha¸ bu qaror ishlab chiqarish va xizmatlar bozorida keyingi yillar ichida deyarli raqobatsiz faoliyat yuritib kelgan biznes strukturalariga davlat buyurtmalarini ham raqobatsiz olish uchun yaratilgan imkoniyatdir.

Ozodlik suhbatdoshlari berilgan boj va soliq imtiyozlari¸ davlat garanti hisobiga olinayotgan chet el kreditlari evaziga shokoladdan tortib¸ gaz hisoblagichlarga qadar ishlab chiqarish maydonini o‘z monopoliyasiga aylantirgan sanoqli shaxslarning yanada boyishi uchun butun mamlakat iqtisodi "tovon to‘lashini" ta’kidladi.

Prezident qarori mohiyati

24 avgust kuni rasmiy matbuotda chop etilgan qaror “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Unga ko‘ra¸ joriy yilning 1 noyabridan kapitalining 50 foizdan oshig‘i davlatga tegishli kompaniyalar tovar va xizmatlarni¸ agar mamlakatda shu tovar va xizmatlarni taklif qiluvchilar bo‘lsa¸ ulardan sotib olishi shart.

Qarorga ko‘ra¸ chet el ishlab chiqaruvchisi tenderga qo‘yilmasa ham¸ mahalliy ishlab chiqaruvchiga ayni tovar va xizmatlar uchun importnikiga nisbatan 15 foiz ustama narx qo‘yishga ruxsat beriladi - davlat puliga ayni yoki sifatliroq tovarlarni xorijdan arzonroqqa sotib olish taqiqlanadi.

Agar bunday tovar va xizmatlar mamlakat ichkarisida ishlab chiqarilmasa¸ davlat kompaniyalarining bu mahsulot va xizmatlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritiladigan (maxsus tanlanadigan) xorij kompaniyasidangina sotib olishiga ruxsat beriladi.

Qarorda, shuningdek¸ davlat xaridlarini o‘tkazishning ichki tartiblari joriy etilishi, ularning maxsus portalda ochiq tender asosida o‘tkazilishini ta’minlash aytilgan. Ayni paytda¸ chet el banklari va xalqaro moliya tizimlaridan olinadigan kreditga sotib olinadigan davlat xaridlari bunday ochiqlikdan istisno qilingan.

Shuningdek¸ “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning boshqa tartibi o‘rnatilgan alohida qarorlari bo‘yicha tuziladigan;

mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va ichki tartibni saqlash maqsadida amalga oshiriladigan, shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan xarid jarayonlari va shartnomalar”ning jamoatchilikdan sir tutilishi¸ bu kelishuvlarni soliq to‘lovchiga ochiqlamaslikka ruxsat berilgan.

Yuliy Yusupov: Bu qaror iqtisodni bozor tamoyillaridan yanada uzoqlashtiradi!

24 avgust kuni qabul qilingan prezident qarori¸aksar mustaqil iqtisodchilar tomonidan Karimov davrining eng asosiy bahonasi – mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash iddaosi bilan o‘zbek iqtisodini yana ortga tortish harakati sifatida baholanmoqda.

Xususan¸ Toshkentdagi Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori¸ taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov 24 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda prezident qarori bilan o‘zbek iqtisodining aksar sektorini monopoliya qilib bo‘lgan kompaniyalar yo‘lidan chet el raqobatchisi ham olib tashlanayotganini aytadi.

- Masalan¸ davlat idorasiga kanselyariya tovarlari kerak. Ichkarida ayni tovarni ishlab chiqaradigan ikkita shirkat bormi¸ o‘z-o‘zidan import taqiqlanadi. Go‘yo ochiq tender o‘tkaziladi va unda ikkita mahalliy shirkat qatnashadi. Bu ikki mahalliy ishlab chiqaruvchi amalda bitta odamniki¸ faqat ikkitasi ikkita jiyan yoki qo‘l ostidagilarga rasmiylashtirilgan. Lekin qog‘ozda ularning bir-biriga aloqasi yo‘q¸ go‘yo tenderda raqobatchi sifatida qatnashyapti. Ular o‘z mahsulotini davlatga qanchadan taklif qilishni oldindan kelishib oladi. Birinchisi¸ 200 dollar narx qo‘ysa¸ ikkinchisi 300 deydi. Bu qaror bo‘yicha¸ davlat ikkita taklifdan arzonini sotib oladi. Vaholanki¸ sifatiga garantiya beradigan chet el ishlab chiqaruvchisi ayni tovarni 100 dollarga yetkazib berishi mumkin. Lekin u tenderda qatnasha olmaydi¸ bu qaror bilan uning ishtiroki taqiqlandi.

Iqtisodchi bunday qaror oqibatida 100 dollarlik tovar uchun 200 dollar to‘lashning aslida soliq to‘lovchi cho‘ntagidan amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratadi.

- Davlat byudjetidagi pul bu soliq to‘lovchining puli. Qolaversa¸ kreditni qaysi xorij tashkiloti berganidan qat’i nazar¸ bu qarzni davlat yana o‘sha soliq to‘lovchi hisobidan qaytaradi. Bu pullarning nimaga olinib¸ nimaga ishlatilishi mutlaq shaffof bo‘lishi kerak. Davlatga berilgan xorij grantlari ham xuddi shunday¸ tiyin-tiyinigacha shaffof bo‘lishi shart. Bu qarorning ayrim bandlari bilan aynan teskarisi qilinmoqda. Bu mutlaqo noto‘g‘ri ish.

Bu qaror kimga¸ nimaga kerak bo‘ldi?

Ozodlik gaplashgan mustaqil iqtisodchi va import bilan shug‘ullanuvchi ayrim tadbirkorlar¸ prezident yangi qarorini O‘zbekiston iqtisodi bo‘yniga monopolistlar solgan sirtmoqning yanada tortilishi sifatida baholadi.

Shaxsi ochiqlanmagan importyor¸ bu qaror ortida hukumat tinimsiz berayotgan soliq¸ boj va kredit imtiyozlari ortidan O‘zbekistonda shokolad ishlab chiqarishdan Sardobadagi arzon uylarni qurishgacha bo‘lgan tovar va xizmat bozorini o‘z monopoliyasiga aylantirgan sanoqli shaxslar turganini ta’kidladi.

«Lyubaya biznes xorosha. Xitoydan olib kelingan arzongarov tovarlar - elektrotexnikadan tortib shokolad qog‘ozigacha Made in Uzbekistan degan yorliq yopishtirib¸ mahalliy ishlab chiqaruvchi sifatida bozorni egallab bo‘lishdi. Chegara ochiq bo‘lsa¸ naryog‘da bu sifatsiz tovarlardan ancha yaxshilari turganini o‘zlari ham biladi. Tovar va xizmatlarning bozordagi eng katta buyurtmachisi davlat va unga qarashli yirik kompaniyalar. Endi bular uyatni yig‘ishtirib qo‘yib¸ raqobat bo‘lsa o‘tmaydigan tovarini byudjet puliga o‘tkazish uchun importni taqiqlashga erishdi. Bu yerda gap milliard¸ balki trillion so‘mlik buyurtmalar haqida gap ketyapti”.

Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov ham prezident qarorining O‘zbekiston siyosiy elitasidagi sanoqli shaxslar manfaati uchun qabul qilinganini aytadi.

-Bu qaror¸ tabiiyki¸ lobbichilarning ishi. Importga yalpi taqiq qo‘ya olmagani bois¸ bu qarorda keltirilgan kabi har xil ma’muriy to‘siqlar bilan taqiqlashyapti. Import kirmagan bozorda konkurentiya bo‘lmaydi. Lobbichi guruhlar raqobatsiz bozorni egallab olishadi. Bu juda yomon. Birinchidan¸ iste’molchi uchun. O‘zbekistonliklar mahsulot yoki xizmat faqat O‘zbekistonniki bo‘lgani uchun bir necha baravar qimmat to‘lashga majbur bo‘ladi. Mahalliy degan tovarning o‘zi mahalliymi¸ degan savol javobi hali ochiq.

Ikkinchidan¸ bu byudjet uchun yomon. Chunki mahalliylarga har xil soliq imtiyozlari berilishi¸ yoki importga qo‘yilgan bu kabi to‘siqlar ortidan chet eldan tovar kelishi keskin kamayadi va byudjetga boj soliqlari tushmay qoladi.

Eng muhimi esa¸ bu iqtisod rivojlanishi uchun yomon. Chunki raqobat yo‘q joyda ishlab chiqaruvchida rivojlanishga motiv qolmaydi. Ular bozorda parazitga aylanadi¸ bozorda yakka hukmron ekanini bilganidan keyin istaganini qiladi¸ ularga rivojlanishning nima keragi bor? Hamma og‘irlikni iste’molchi elkasiga tashlab¸ sifati haminqadar mahsulotini eng qimmat narxda o‘tkazib yuraveradi. Raqobatsiz qolgan har qanday kompaniya o‘zini aynan shunday tutadi. Bunday qaror bilan biz iqtisodning har bir ishtirokchisi – iste’molchigayam¸ soliq to‘lovchigiyam¸ hatto mahalliy ishlab chiqaruvchigayam birvarakayiga ziyon yetkizyapmiz. Bu yerda faqat saralangan ishlab chiqaruvchilar¸ aniqrog‘i konkret shaxslargina foyda oladi. Bu ishlar faqat shu bir necha shaxsning manfaati uchun amalga oshirilmoqda.

Prezident qarorini bekor qilish so‘raldi

“Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilinishi arafasida mahalliy matbuotda uning loyihasi haqida xabar berilgan edi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilishi aytilgan yangi preferensiyalar o‘shandayoq jiddiy e’tirozga uchragan edi.

Xususan¸ gazeta.uz nashridagi munozara qatnashchilarining barchasi bu qaror bilan bozordagi raqobatning butunlay yo‘qqa chiqarilishini ta’kidladi.

Sharhlovchilardan biri¸ “gaz hisoblagichlar misolida yana yangidan paydo bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning boshqa mahalliylarni qanday bo‘g‘ganiga guvoh bo‘ldik! Bu imtiyozlar mahalliy ishlab chiqaruvchini import bilan raqobatda qo‘llash uchun emas¸ amaldorlarning o‘ziga tegishli bo‘lmagan boshqa ishlab chiqaruvchilarni o‘yindan chiqarish uchun berilgani ko‘rindi”¸ deb ëzdi.

Bu loyihaning prezident qarori sifatida qabul qilingani ortidan¸ mustaqil iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov Telegram kanalida uni bekor qilishga chaqirdi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qaror, agar rostanam imzolangan bo‘lsa, uning oqibatlari busiz ham holi abgor iqtisodiyotimizga, turmush darajasi yuqori bo‘lmagan xalqimizga ziyon keltirmasdan turib bekor qilinishi lozim.

Iqtisodchilar, umuman o‘zining va farzandlarining taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘laganlar befarq qolmasliklari lozim”.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG