Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 09:09

Qozog‘istonda transgender mahbusga tegajog‘lik qilgan politsiya zobiti qamaldi


Viktoriya Berikxo‘jayeva hibsga olinishidan avval

Qozog‘istonda politsiya zobiti transgender mahbus Viktoriya Berikxo‘jayevaga jinsiy tegajog‘lik qilgani uchun maxsus unvonidan mahrum qilindi va qamoq jazosiga mahkum etildi.

Ammo 30 yoshdagi Berikxo‘jayeva endilikda unga hujum qilgan politsiya xodimi tarafdorlari va sobiq hamkasblari o‘ch olishidan xavotirlanmoqda.

Berikxo‘jayeva ishi qozoq matbuotida shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Tovlamachilikda ayblanib, 7 yilga qamalgan Berikxo‘jayeva 2017 - yilda hibsga olinganidan buyon tinimsiz tahqirlashlarga duchor bo‘layotganini aytib keladi.

«Ozod yurganimda bunchalik darajadagi tahqirlashlarni ko‘rmagandim»,- dedi u qamoqdagi ayollar qismati haqida.

Xavfsizlik xizmati xodimi


Berikxo‘jayevaga hujum qilgan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi mayori ismi ochiqlangani yo‘q.

Mayor ekstremizmda ayblanib, qamalgan mahbuslar bilan uchrashish huquqiga ega bo‘lgan. O‘z lavozimi tufayli u Berikxo‘jayeva qamoq jazosini o‘tayotgan Jaugashti turmasiga hech bir to‘siqsiz tashrif buyurish huquqiga ega bo‘lgan.

2019 - yilning yozida Berikxo‘jayeva politsiya zobitini unga bir necha marta tegajog‘lik qilishda ayblab, rasmiy shikoyat yozgan. Berikxo‘jayevaning advokati Ayman Umarova mijozi sodir etilgan jinoyatlar haqida «muhim dalillarni» taqdim etganini aytdi.

2019 - yilning oktabrida zobit qo‘lga olindi va tergov boshlandi. Joriy oy boshida Ile tumani sudi zobitni aybdor deb topdi.

O‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib kelayotgan zobit sud hukmi ustidan shikoyat arizasi berishi kutilmoqda.

Berikxo‘jayeva va uning advokati qamalgan zobit unga chiqarilgan jazoni o‘tamaslik uchun huquq-tartibot organlaridagi tanishlarini ishga solishini kutish mumkinligi, shu sababdan ularni oldinda «katta kurash» kutayotganini aytishdi.

Umarova mijoziga o‘z shikoyatini qaytib olishga chorlab, keskin bosim o‘tkazilganini da’vo qiladi.

Tahqirlashlar


Boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridagi kabi Qozog‘istonda jinsiy ozchiliklar ta’qib va ta’magirlik nishoniga aylangan.

Berikxo‘jayeva qamalganidan keyin darhol uni tahqirlay boshlashgani va jinsiy tajovuzkorlik nishoniga aylanganini aytgan.

«Qamoqxona xodimlari mendan yechinishni, jinsiy a’zolarimni, ko‘kraklarimni ko‘rsatishni so‘radilar. [Oral seks] qilishimni, tanamga teginishlariga izn berishimni talab qilishdi»,-dedi Berikxo‘jayeva mahalliy matbuotga bergan intervyusida.

Berikxo‘jayeva avvalgi shikoyatlariga hech kim e’tibor bermagani, «ularni tasdiqlash uchun jismoniy dalillarga» ega bo‘lmaganini aytadi.

Berikxo‘jayeva uch yil oldin qamoq jazosiga hukm qilinganidan keyin rasmiylar uni erkaklar yoki ayollar qamoqxonasiga yuborish haqida ikkilana boshlagani uchun matbuot e’tiborini tortgan edi.

U qamalishidan oldin jinsini o‘zgartirish bo‘yicha bir necha operatsiyadan o‘tgan. O‘sha paytda o‘zini ayol hisoblagan bo‘lsa-da, Qozog‘iston qonunchiligiga binoan, erkak, deya ko‘rilgan.

Ammo pirovardida u ayollar turmasiga yuborilgan.

Keyinchalik Berikxo‘jayeva jinsi ayol ekani ko‘rsatilgan pasportni olgan va ismini rasman "Karimjon"dan "Viktoriya"ga o‘zgartirgan.

Berikxo‘jayeva plastik operatsiya xarajatlarini qoplash uchun tanishidan o‘n minglab dollar pulni undirishga urinishda aybdor, deb topilgan.

XS
SM
MD
LG