Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:57

O‘qituvchilar bitiruvchilarning ish bilan ta’minlangani haqida hujjat to‘plashga jalb etildi


Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Namangan viloyat, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi banneri.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Namangan viloyat, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi banneri.

O‘zbekistonning ayrim viloyatlaridagi maktablarda bu yil o‘qishga kirolmagan maktab bitiruvchilaridan ish beruvchidan ishga olingani haqida hujjat talab qilinmoqda. Bu ishni nazorat qilish ayrim maktablarda o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan.

Andijonning Izboskan tumanidagi maktab o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va boshqa hamkasblari, tuman hokimligining buyrug‘iga binoan, asosiy ishi qolib "bitiruvchilarning ish bilan ta’minlangani haqidagi hujjatlarni to‘plash"ga jalb etilganini aytdi.

Bundan oldin ayrim viloyat maktablarida o‘qishga kirolmagan bitiruvchilarning ota-onalaridan "farzandimni ish bilan mashg‘ul qilishga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olingan edi.

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi rasmiysi Ozodlikka maktab o‘qituvchilariga bitiruvchilarning ish bilan ta’minlangani haqida hujjat to‘plashga ham, ota-onalardan farzandlarini ishga joylash to‘g‘risida tilxatlar olishga ham ko‘rsatma berilmaganini aytdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil iyulida bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisda bu yil maktablarning qariyb yarim million bitiruvchisining yarmi bandligini ta’minlash zarurligi haqida gapirgan edi.

Ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan andijonlik muallimning Ozodlikka aytishicha, o‘zi va hamkasblari o‘qishga kirolmagan bitiruvchilar ro‘yxatini tuzib, ularni ishga joylashga jalb etilgan:

"Dars o‘tishga vaqtimiz bo‘lmayapti. Asosiy ishimiz bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashdan iborat bo‘lmoqda. Bitiruvchilardan ishga joylashgani haqida hujjatlarni to‘playapmiz. Joylasholmaganlariga har kuni soliq idorasida o‘tirib, 10 ming so‘mdan to‘lov qilib, har biriga ish staji ochtirishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki bitiruvchi ishsiz qolsa bizga gap tegadi".

Andijon viloyat, Marhamat tumanidagi maktab o‘qituvchisi ham bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga bu yil tuman hokimligidan alohida topshiriq bo‘lganini Ozodlikka aytdi:

"100 foiz hamma bola ish bilan band bo‘lishi shart. Birorta ham bola qolib ketmasligi kerak. Qolib ketsa, yuqoridagilar qo‘ymaydi, - deydi maktab o‘qituvchisi.

O‘qituvchilar bandlik bo‘yicha to‘plangan hujjatlar nusxasini Ozodlikka taqdim qilishdi.

Andijonning Izboskan tumanidagi 22-son maktabda bitiruvchilar ish bilan ta’minlangani haqida hisobot.
Andijonning Izboskan tumanidagi 22-son maktabda bitiruvchilar ish bilan ta’minlangani haqida hisobot.

Ozodlik, ayrim hujjatlarda bitiruvchilarining shaxsiy ma’lumoti borligi uchun ularni ochiqlamaydi.

"Navbatdagi yolg‘on"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ba’zi maktab bitiruvchilarining ota-onalari talabni bajarish uchun ish beruvchidan mehnat daftarchasiga nomiga bo‘lsa ham muhr bostirib, nusxasini topshirishga majbur bo‘layotganliklarini aytishadi.

"Mehnat daftarchasiga ishlayapti, degan pechat bostirib keldik. Bitiruvchilarning hammasi fermer yoki chevarchilik sexlaridan mana shunaqa qilib olib boryapti. Ammo ish yo‘q. Hujjat olib bormasak hokimlik o‘zi qurilishlardan yoki ish sharoiti og‘ir joylardan ish topib berar ekan", - dedi andijonlik maktab bitiruvchisining onasi.

Suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, fermer yoki chevarchilik sexi bilan shartnoma tuzgan bitiruvchilar, odatda ishlamaydi, shartnoma esa nomiga tuziladi:

“Fermer yoki qandaydir firmasi borlar hozir koronavirus karantini davrida o‘ziga pul topolmayapti, qanday oylik to‘laydi? Bundan tashqari olingan ishchi uchun nafaqa jamg‘armasiga qayerdan to‘lab beradi? Hammasi soxta qilinyapti, hokimlikka mana shuncha bitiruvchi ish bilan ta’minlandi, deb hisobot berishsa bo‘ldi”.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim ota-onalar bu kabi amal o‘tgan yili ham bo‘lgani, o‘qishga kirolmagan bitiruvchilar ish beruvchidan ishga olingani haqida mehnat daftarchasiga muhr bostirib, keyin Rossiyaga ketib qolganliklarini aytishadi.

Ota-onalardan tilxatlar

Bundan oldin Namangan va Farg‘ona maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ota-onalardan "farzandimni ish bilan mashg‘ul qilishga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olingani haqda Ozodlik xabar bergandi.

Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanida farzandi bu yil maktabni bitirgan Ulug‘bek Norqo‘ziyev Ozodlik bilan suhbatda shunday tilxat olingani va o‘zi ham shunday hujjatga imzo chekkanini aytgandi:

- Bolalar bekor qolib turli guruhlarga qo‘shilib ketmasin, Rossiyaga ketib qolmasin, deyishyapti-da. Shu haqda tayyor yozilgan tilxatni berib chiqishdi, bolasining ismi, o‘qiydigan sinfini kiritib, "men bolamni ishga joylashishiga o‘zim ko‘maklashaman, ish topilmasa o‘zim kichik biznesni yo‘lga qo‘yib, ish bilan mashg‘ul qilaman", deb tilxat yozdirib olishdi.

Namanganning Uychi tumanida yashovchi Xalima Yo‘ldosheva bu yil maktabni bitirgan qiziga kredit olib parnik qilish yoki chevarxonaga kirib ishlashini ta’minlashni zimmasiga olgan.

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi rasmiysi Ozodlikka maktab o‘qituvchilariga bitiruvchilarning ish bilan ta’minlangani haqida hujjat to‘plashga ham ota-onalardan farzandlarini ishga joylash to‘g‘risida tilxatlar olishga ham ko‘rsatma berilmaganini aytdi.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil umumta’lim maktablarini 450 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tamomlagan.

Shulardan 70 ming nafari oliy o‘quv yurtlariga, 90 ming maktab bitiruvchisi kasb-hunar kollejlariga qabul qilingan.

Qolgan bitiruvchi qayerga boradi?

O‘zbekiston prezdenti Shavkat Mirziyoyev 14 - iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisda aynan shu savolni ko‘ndalang qo‘ygan edi.

– Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi? – degan edi Mirziyoyev.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining shu yil avgust oyida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, mamlakatda 2020 yilning birinchi yarmida ishsizlik darajasi 9,2 foizni tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG