Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:26

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi: Tinchlik bitimidan norozi minglab armanistonlik namoyishga chiqdi


Armaniston politsiyasi Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish bitimiga qarshi namoyish qatnashchisini hibsga olmoqda, Yerevan - 11 - noyabr, 2020
Armaniston politsiyasi Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish bitimiga qarshi namoyish qatnashchisini hibsga olmoqda, Yerevan - 11 - noyabr, 2020


Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolanganidan norozi minglab odam Armaniston poytaxti Yerevanda namoyishga chiqdi. Ular bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilmoqdalar.

Mamlakatda norozilik namoyishlarini o‘tkazishni man etuvchi harbiy holat joriy qilingan bo‘lishiga qaramasdan, 11 - noyabr kuni Yerevandagi Ozodlik maydoniga minglab odam to‘planib, «xoin» Pashinyan iste’fosini talab qildi.


Olomon to‘planishiga to‘sqinlik qilishga uringan politsiya namoyishchilar bilan to‘qnashdi. Bir necha namoyishchi, jumladan, «Obod Armaniston» muxolif partiyasi yetakchisi Gagik Sarukyan hibsga olindi.



Namoyish boshlanishidan oldin hukumat muxolifatni «to‘ntarish» amalga oshirishga urinmaslikka chorlab, ogohlantirdi.

Tog‘li Qorabog‘da urushni to‘xtatish bitimini Armaniston bosh vaziri hamda Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari imzolagani 10 noyabrda ma’lum qilingan edi.
Tog‘li Qorabog‘dagi muhim shaharning Ozarbayjonga o‘tgani hamda mintaqada o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolangani haqidagi xabarni bokuliklar bayram kayfiyati bilan kutib olishdi.
Ammo bu yangilik Yerevanda siyosiy bo‘hron keltirib chiqardi. Poytaxt Yerevanda norozilar hukumat uyiga hamda bosh vazir qarorgohiga bostirib kirdilar.

17 ta muxolif partiya vakillari kelishuv tufayli Armaniston katta yo‘qotishga yo‘liqqanini aytib, Pashinyan iste’fosini talab qildilar.

Yerevandagi olomon oldida so‘zlagan «Armaniston inqilobiy federatsiyasi» yetakchisi Ishxan Sagatelyan urushni «boshimizga Pashinyan soldi», dedi.

«Urush davomida u harakatsizlik va xiyonat ko‘rsatdi», - dedi Sagatelyan.
Sagatelyan Pashinyan tungi soat 00:00 ga iste’foga chiqishi kerakligini, parlament esa u vaqtgacha shoshilinch yig‘in o‘tkazib, bosh vazirni chetlatish masalasini ko‘rib chiqishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aks holda 12 - noyabr kuni «Pashinyan muammosini bartaraf etish uchun» qo‘shimcha choralar ko‘riladi.

Tog‘li Qorabog‘dan joriy yilning 27 - sentabrida to‘qnashuvlar boshlanib ketishi ortidan Armanistonda harbiy holat joriy qilingan edi.

Davlat televideniyesi orqali so‘zlagan bosh vazir o‘rinbosari Tigran Avinyan hukumat iste’fo berishi mumkinligi aytdi, ammo «to‘ntarish» urinishi oqibatlari haqida ogohlantirdi.

Bu orada prezident Armen Sarkisyan ofisi prezident ma’muriyati siyosiy ziddiyatni bartaraf etish hamda milliy «birdamlikni» saqlab qolish uchun bir necha partiya vakillari bilan muzokara olib borayotganini ma’lum qildi.

Imzolangan bitimga ko‘ra, Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi tumanlarni tark etishi kerak. Harbiy to‘qnashuvlar boshlanganidan beri Ozarbayjon qo‘shinlari qo‘lga kiritgan barcha hududlar, jumladan, Shusha (armancha Shushi deb ataladi-tahr.) shahri Boku nazoratida qoladi.

Bitimga binoan, Rossiya mintaqaga tinchlikparvar qo‘shinlarni yuboradi. Bugunga qadar 400 nafar rossiyalik harbiy mintaqaga yuborildi. Pirovardida ularning soni 2 mingga yetadi.

Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 - yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. O‘shandan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib keladi.

Sentabr oyida boshlanib ketgan harbiy to‘qnashuvlar bugunga qadar bir necha ming odam umriga zomin bo‘ldi, minglab odam Tog‘li Qorabog‘ni tark etishga majbur bo‘ldi.

Pashinyan kelishuv haqida e’lon qilar ekan, u «hozirgi vaziyat uchun eng maqbul yechim» ekanligini ta’kidladi.

Ozarbayjon prezidenti Armaniston tomonidan bitimning imzolangani Yerevan «kapitulyatsiyasiga» teng ekanligini aytdi.

Ozarbayjonni dastaklab kelayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on otashkesimni Turkiya bilan Rossiya hamkorlikda nazorat qilishini aytdi.

Kreml Turkiya prezidentining bu sharhini hali izohlagani yo‘q. Avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov turkiyalik tinchlikparvar kuchlar Rossiya bilan birga Qoraboqqa joylashtirilishi to‘g‘risidagi savolga salbiy javob bergan edi.

XS
SM
MD
LG