Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:29

"Go‘sht qayerdan keltirilganini so‘ramagan ma’qul"- "Stalin Doner" ochilganidan 1 kun o‘tib yopildi


Kafe egasi Stanislav Voltmanning aytishicha, Stalin nomi istehzo tariqasida berilgan - Moskva, 8 - yanvar, 2020
Kafe egasi Stanislav Voltmanning aytishicha, Stalin nomi istehzo tariqasida berilgan - Moskva, 8 - yanvar, 2020

Shaxsga sig‘inish va istibdod rejimini yaratgan Iosif Stalin Sovet Ittifoqini 28 yil davomida boshqargan. Ammo uning nomi berilgan Moskvadagi kabobxona bir kun ham savdo qila olmadi.

G‘azablangan mahalliy faollarning shikoyatidan so‘ng "Stalin Doner" ochilganidan 24 soat o‘tib yopildi. Kafe egasi Stanislav Voltmanning aytishicha, Stalin nomi istehzo tariqasida berilgan va undan hech kimni ranjitish ko‘zlanmagan edi.

Voltmanning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari uni uch soatdan ortiq so‘roq qilgan. "Kallang joyidami o‘zi, deb so‘rashdi mendan" deydi u Ozod Yevropa Radiosi/Ozodlik radiosi bilan telefon orqali suhbatda.

Voltmanning aytishicha, Moskvaning Koptevo tumanida ochilib, bir kungina savdo qilishga ulgurgan ushbu kafeda 200 dona doner sotilgan. "Ikki karra go‘shtli Stalin" hamda "Tkemali- gruzin sousidagi Beriya" kabi zolim hukmdor va mashhur jallodining nomi berilgan menyudagi taomlarni NKVD formasini kiyib olgan oshpazlar tayyorlab bergan. NKVD millionlab sovet fuqarolarini Sibirdagi mehnat lagerlariga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘limga jo‘natgan Stalinning maxfiy politsiyasi bo‘lgan.

Voltmanning uch oshpazi ommaviy axborot vositalarining haddan tashqari e’tibori tufayli ishdan bo‘shagan. U yangi ishchilarni topguncha kafeni yopib turibdi.

"Axir men Gitlerni o‘z brendimning yuzi sifatida tanlamadim-ku", deydi Voltman natsizm ramzlariga Rossiyada qo‘yilgan taqiqni nazarda tutib. "Men hech qanday qonunni buzganim yo‘q”.

Yillar davomida Kreml yuz minglab sovet fuqarolari va o‘z raqiblarini qatag‘on qilgan Stalin shaxsi borasida zidditli siyosat yuritib keladi. Prezident Vladimir Putin davrida hukumat Stalinning mustabid merosini na uzil-kesil qoralagan, na oqlagan.

Vaqti-vaqti bilan rasmiylar Stalinning obro‘sini himoya qilish uchun qattiq harakat qilishgan. Ammo bu bilan faqat jamoatchilikning tanqidiga nishon bo‘lishgan. Tanqidchilarga ko‘ra, sovet davlatining jinoyatlari qoralanmas ekan, Rossiya ularni takrorlashga mahkum.

2018 - yilda rasmiylar mustabid hukmdorning so‘nggi kunlari va atrofidagilarning hokimiyat uchun kurashi tasvirlangan britan kinochilari suratga olgan komediya janridagi "Stalinning o‘limi" filmi namoyishini taqiqlashdi. O‘sha yili Sovuq Urush haqidagi "44-yil farzandi" trilleri ham "tarixiy faktlarni buzib talqin qilgani" vajidan man etildi.

"Bunday filmlar bizning davlatimizda ommaviy namoyish qilinishi kerak emas", degandi o‘sha paytdagi madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy. Rossiyadagi Stalin tarafdorlari uning qattiqqo‘l siyosatini qichqa fursatlarda amalga oshirilgan sanoatlashtirish talablari bilan oqlaydilar. Ular shuningdek, Ikkinchi Jahon urushida natsistlar Germaniyasining tor-mor etilishi ko‘p jihatdan Stalinning xizmatlari ekanini ta’kidlashadi. Tanqidchilarga ko‘ra, g‘alaba Stalin tufayli emas, balki uning xatolariga qaramay qo‘lga kiritilgan.

Ammo Putin davrida Rossiya jamiyati ongida mustabid hukmdor asta-sekinlik bilan oqlanmoqda. Bugungi kunda ruslar orasida Stalinni e’zozlash uning vorisi Nikita Xrushchev 1956 - yilda Politbyurodagi jo‘shqin nutqida destalinizatsiya jarayonlarini boshlab berganidan buyon eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.

Shuning uchun ham "Stalinning donerlari" kafesi mashmashasi rus televideniyesi va ijtimoiy tarmoqlarda haddan ziyod e’tiborni jalb etgani ajablanarli emas. Bu yangilik Stalin va uning tarixdagi o‘rniga aloqador har qanday mavzu kabi shiddatli bahslarni keltirib chiqardi.

"Go‘sht qayerdan keltirilganini surishtirmagan ma’qul", deb yozdi Olga Marsheva o‘zining Feysbuk sahifasida.

Ba’zi amaldorlar Voltmanning o‘zini tanqid qilib, Stalin borasida sukut saqlamoqda."Bu bahslarni olovlantirish kerakmas, Stalin murakkab shaxs bo‘lgan", deydi Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari Kengashi rahbari Valeriy Fadeyev.

Uddaburon rus tadbirkorlari o‘z brendlari nomini chiqarishda halqaro mashmashalar va azaliy munozaralardan ustalik bilan foydalanib kelishadi. . Angliyada sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi, yaqinda esa Kremlning siyosiy raqibi Aleksey Navalniy Rossiya davlati tomonidan "Novichok" tipidagi asabni falajlovchi modda bilan zaharlangani gumon qilingach, 2018 - yilda fermer Aleksey Yakushev "Novichok" nomli o‘simlik yog‘ini sota boshlagan. 2014 - yilda Rossiya Qrim yarimorolini o‘ziga qo‘shib olgach, mamlakat suvenir rastalarida Putinning surati hamda iqtiboslari tushirilgan futbolkalar sotilgandi.

Qozog‘iston chegarasiga yaqin Orenburgdan Moskvaga ko‘chib kelgan Voltmanning aytishicha, uning Rossiya poytaxtida tirikchilik qilish orzulari endi chippakka chiqishi mumkin. U kafesini qayta ochsa, tahdidlardan tortib yordam berish va’dalarigacha bo‘lgan mujdalarni olgan. Stalin borasida ham uning qarashlari yakdil emas. "Men Stalin haqida juda ko‘p o‘qiganman, uni na qoralayman, na ulug‘layman. U juda ko‘p xatolar qilgan. Shu bilan birga, yaxshi ishlari ham ko‘p", deydi Voltman.

XS
SM
MD
LG