Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2022, Тошкент вақти: 09:40

Global Voices: O‘zbekiston va Qozog‘istonda so‘z erkinligiga bosim kuchaymoqda


O‘zbekistonda shu yilning fevralida ijtimoiy tarmoqlar va global internet-kompaniyalarni O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida joylashgan serverlarda qayta ishlashga majburlovchi qonun qabul qilingan. Illyustrativ surat

O‘zbekiston va Qozog‘istonda jurnalistlik faoliyatini yuritish tobora qiyinlashib bormoqda. Bu haqda Qozog‘istonda yashayotgan italiyalik jurnalist Paolo Sorbello Global Voices mustaqil nashri uchun maqola yozdi.

Sorbello polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning O‘zbekistonga kirishiga taqiq qo‘yilgani, Qozog‘istonda davlat xavfsizlik xizmatlari jurnalist va faollarni nishonga olayotgani hamda ikki mamlakatda senzurani kuchaytirish maqsadida «ma’lumotlarni mahalliylashtirish» bo‘yicha yangi qonunlar qabul qilinganini misol o‘laroq keltirdi.

The Guardian, Al Jazeera, The Diplomat va Eurasianet nashrlari bilan hamkorlik qilib kelgan mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska noyabr boshida Qozog‘iston – O‘zbekiston chegarasida O‘zbekiston hududiga kiritilmadi. Buning o‘rniga xavfsizlik xodimlari uni Toshkent aeroportidan Istanbulga majburan uchirib yubordi.

Pikulitska joriy yilning fevralida o‘zining Twitter sahifasida akkreditatsiyaga ariza topshirganidan olti oy o‘tib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan rad javobi olganini ma’lum qilgandi.

Xorijiy jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikning Rustam ismli xodimi unga jinsiy tegajog‘lik qilgan va O‘zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozishini so‘rab, bosim o‘tkazgan. Keyinroq vazirlik Pikulitskadan kechirim so‘radi va unga akkreditatsiya berdi. Ammo iyun oyida jurnalist yana bosimga uchray boshlaganini ma’lum qildi.

Pikulitska noyabr oyi o‘rtasida Podrobno.uz saytiga bergan intervyusida O‘zbekistonda akkreditatsiya olish uzoq va mashaqqatli jarayon ekanini so‘zlab berdi. Jurnalist Livandan tortib, Afg‘onistongacha bo‘lgan mamlakatlarda rasmiy ruxsat olish bu qadar murakkab bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

Qozog‘istonda Apple va Facebook

23 - noyabr kuni Facebook butun dunyo bo‘ylab jurnalistlar, faollar va siyosatchilarni nishonga olish uchun foydalanilgan josuslik dasturini ishlab chiqargan NSO Group Isroil shirkati ustidan sudga murojaat qildi. 2021 - yilning iyul oyida bir necha OAV shirkatning Pegasus dasturi qator mamlakatlarda jurnalistlar, faollar va huquqbonlar, hatto davlat rahbarlarini kuzatishda qo‘llanilganini xabar qilgandi.

Dastur yuzasidan sudga murojaat qilgan Apple Pegasus josuslik dasturi tomonidan nishonga olingan bo‘lishi mumkin bo‘lgan mijozlariga elektron pochta orqali maktub yubordi. Maktubni olganlar orasida «The Village Kazaxstan» onlayn jurnali asoschisi Aisana Ashim ham bor. Ashim maktub suratini internetda ulashib, «[davlat tomonidan homiylik qilingan hujumchilar] kimligingiz yoki nima qilayotganingizda kelib chiqib, sizni alohida nishonga olishlari mumkin», deb yozdi. Qozog‘istonda o‘nlab boshqa jurnalist va faol Apple shirkatidan ayni maktubni olishganini ma’lum qilishdi.

Noyabr oyida Qozog‘iston hukumati Facebook bilan «zararli kontent bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish» haqida «qo‘shma bayonot»ni e’lon qildi. Qozog‘iston bayonotida aytilishicha, nomini Meta deb o‘zgartirgan Facebook Qozog‘iston hukumatiga «Facebookning “Kontent haqida hisobot berish tizimi”ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va eksklyuziv kirish huquqini bergan, bu esa hukumatga Facebookning global kontent siyosati va Qozog‘istonning mahalliy qonunlarini buzishi mumkin bo‘lgan kontent haqida xabar berishga yordam beradi».

Ammo aftidan, bayonot Facebook shirkatidan mustaqil ravishda e’lon qilingan. Meta matbuot kotibi Ben MakKonagi elektron pochta orqali The Washington Post gazetasiga yozgan javobida shirkat «dunyo hukumatlari mahalliy qonunlarni buzayotgani haqida bizga xabar berishlari uchun maxsus onlayn kanali borligini» aytgan.

«Biz Facebook siyosati, mahalliy qonunlar va xalqaro inson huquqlari standartlariga muvofiq har qanday hukumatdan mustaqil ravishda individual so‘rovlarni baholash uchun izchil global jarayonga amal qilamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

«Bu jarayon dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham xuddi shunday».

«Ma’lumotlarni mahalliylashtirish»

Sorbello «ma’lumotlarni mahalliylashtirish» qonunlarini hukumatga so‘z erkinligini ko‘proq nazorat qilish imkonini beruvchi qurol o‘laroq tasvirladi.

Joriy yilning boshida Qozog‘istonda «ma’lumotlarni mahalliylashtirish» to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilingandi. Yangi qonun ijtimoiy media shirkatlaridan mahalliy hokimiyat tomonidan bolalar uchun zararli deb belgilagan kontentni 24 soat ichida o‘chirib tashlashni talab qiladi. Bu talabni bajarmagan shirkatlar xizmatlari mamlakat hududida to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

O‘zbekistonda esa shu yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlar va global internet-kompaniyalarni O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida joylashgan serverlarda qayta ishlashga majburlovchi qonun qabul qilindi.

Shu qonun asosida «O‘zkomnazorat» Facebook, Google, Mail.ru, Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter va Yandex kompaniyalarini O‘zbekiston qonunchiligi talablarini bajarish lozimligi haqida ogohlantirgan.

3 - noyabr oqshomida O‘zbekistonda Telegram, Facebook, YouTube va «Odnoklassniki» tarmoqlari ishlamay qoldi. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Informatizatsiya va telekommunikatsiya nazorati bo‘yicha Davlat inspeksiyasi – «O‘zkomnazorat» saytida nomi tilga olingan ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, Telegram messenjeri shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reestriga kiritilgani haqida rasmiy ma’lumot paydo bo‘ldi.

Bularning hammasi Skype, Twitter, TikTok, «VKontakte» va WeChat tarmoqlariga shu yil iyulida joriy qilingan cheklov amal qilib turgan pallada yuz berdi.

«O‘zkomnazorat» qarori amalda O‘zbekistonda barcha tarmoqlar bloklanganini anglatardi.

Total cheklov joriy qilingani haqidagi xabarlar tarqalganidan ko‘p o‘tmay, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari cheklov o‘rnatilganidan xabar topgani va tarmoqlar faoliyatini tiklashga buyruq berganini ma’lum qildi.

Asadovga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zkomnazorat»ning qarorini «bir tomonlama va o‘ylanmay qilingan harakat» deb baholagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda blok bekor qilingani olqishlangan bo‘lsa-da, ayrim kuzatuvchilar bu holat Mirziyoyevning yaxshi o‘ylab ko‘rilgan harakati ekanini aytishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, prezident bu bilan aholiga aloqa tarmoqlari va ommabop saytlarni nazorat qila olishini eslatib qo‘yishni ko‘zlagan.

XS
SM
MD
LG