Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:22

Afg‘oniston masalasi Dushanbedagi ShHT sammiti kun tartibida ustunlik qilishi kutilmoqda


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Bishkekdagi sammiti- Qirg‘iziston, 14 -iyun, 2019
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Bishkekdagi sammiti- Qirg‘iziston, 14 -iyun, 2019

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar oahbarlari 16 - sentabr kuni Tojikistonda uchrashadi. Sammit kun tartibidagi asosiy masala – Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin yuzaga kelgan xavfsizlik vaziyati.

Tashkilotga Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lib, Dushanbedagi yig‘in davomida AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgani hamda Tolibon hokimiyatga qaytgani mintaqaga qanday ta’sir ko‘rsatishi diqqat markazida bo‘ladi.

Bir-biridan keskin farq qiluvchi ushbu davlatlar rasmiylari qay yo‘sinda murosaga erishishi noma’lum. ShHTga a’zo davlatlar Tolibon nazoratidagi Afg‘oniston bilan qanday munosabatda bo‘lish borasida turlicha fikrda.

20 yil oldin tashkil topgan blok o‘zini ko‘p tomonlama tashkilot sifatida ko‘rsatib, separatizm, ekstremizm va terrorizmdan iborat «uch illatga» qarshi kurashib keladi. Tashkilotga a’zo avtoritar mamlakatlar ushbu tahdidlar bo‘yicha bir xil qarashlarga ega.

ShHT, shuningdek, Yevrosiyoning o‘zgaruvchan geosiyosati uchun mikrokosmga aylangan. Xususan, Pekin va Moskva tashkilotdan mintaqada hamkorlik qilishning yangi usullarini topish hamda raqibining mintaqaviy ambitsiyalariga to‘sqinlik qilish yo‘lida foydalanib keladi.

ShHT a’zolari Afg‘onistondagi vaziyatdan chuqur xavotir olar ekan, blok qanday yo‘l tutishi Xitoyning Yevrosiyodagi ta’siri, shuningdek, blokning kelajakdagi ahamiyati uchun katta sinov bo‘lishini xulosa qilish mumkin.

Sammit kun tartibi

Yig‘in davomida butun e’tibor Afg‘onistonga qaratilishi kutilmoqda.

Pekin Tolibon bilan ishchi aloqalarni o‘rnatgan. Xususan, Xitoy jangari guruh hokimiyatni qo‘lga olganini tan oldi va Afg‘onistonga yordam va vaksina berishga rozi bo‘ldi.

Tolibon esa Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusini qo‘llab-quvvatladi hamda Xitoy ichki tahdid deb hisoblaydigan radikal uyg‘ur guruhlarga Afg‘onistonda faoliyat yuritishga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi.

AQSh va boshqa xorijiy qo‘shinlarning mintaqadan olib chiqib ketilgani Xitoy o‘z ta’sirini kengaytirishiga yo‘l ochib berdi, biroq Pekin qo‘shni Afg‘onistondagi xavfsizlik vakuumi qa’riga tushib qolmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan yo‘l tutmoqda.

Buning o‘rniga, Xitoy Markaziy va Janubiy Osiyo uchun umumiy yechim izlamoqda va o‘zining diplomat qudratini ko‘rsatish uchun ShHTdan forum o‘laroq foydalanishga umid qilmoqda.

Ammo bu amalda oson bo‘lmaydi.

Xitoydan tashqari, Rossiya ham Tolibon bilan aloqa o‘rnatishga tayyorligini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston bilan chegaradosh ShHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida qator muhim farqlarni bartaraf etish kerak bo‘ladi.

Tojikiston toliblarga dushman bo‘lib qolmoqda va jangari guruh o‘z ichki xavfsizligiga solayotgan tahdidlardan xavotirda. O‘zbekiston esa chegaraning narigi tomonidagi tartibsizliklarga aralashmay, Tolibon ko‘nglini olishga harakat qilmoqda.

Pokiston Tolibon bilan murakkab dinamikaga ega. Shunday bo‘lsa-da, Islomobod guruhning bosh homiysi bo‘lib qolmoqda. Hindiston esa jangarilarni Pokistonning ishonchli vakili deb biladi va Tolibon hukumati Dehli uchun tug‘diradigan xatarlardan xavotirda.

Bu kabi bir-biriga zid qarashlarga ega mamlakatlarni murosaga keltirish oson bo‘lmaydi. Pekin ShHT sammitida qanchalik murosaga bora olishiga qarab, blok a’zolari Xitoy yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilishga qanchalik tayyor ekani haqida bir qarorga kelishi mumkin.

Sammitda Afg‘oniston masalasidan tashqari Eronni guruhga to‘liq a’zo o‘laroq qo‘shib olish masalasi ham muhokama qilinadi. Sammitda yaqinda lavozimiga kirishgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy qatnashmoqchi.

Blok, shuningdek, joriy oy oxirida Rossiyada terrorizmga qarshi kurashish va a’zo mamlakatlar harbiylari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni oshirishga qaratilgan harakatlar doirasida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazadi.

Sammit nimaga erishishi mumkin?

ShHT Tojikiston poytaxtidagi yig‘inda nimalarga erishishi tashkilot uchun muhim savoldir.

ShHT 2001 - yilda Shanxay beshligi asosida tashkil etilgan. Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin blok chegaradagi nizolarni hal qilish uchun platforma o‘laroq xizmat qilishi kutilgandi. So‘nggi yillarda esa ShHT xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish va gumanitar yordamga bag‘ishlangan kengroq kun tartibini qabul qildi.

Ammo blok muayyan yutuqlarga erisha olmagani uchun tanqidga ham uchrab keladi. Afg‘oniston bilan bog‘liq muammolar anchadan buyon ShHTning diqqat markazida bo‘lib keladi. Lekin bugunga qadar ba’zi quyi darajadagi uchrashuvlar hamda Afg‘onistonni tashkilotga kuzatuvchi sifatida jalb qilishdan boshqa biror jiddiy chora ko‘rilgani yo‘q.

ShHTning qo‘li bog‘lanib qolgani qisman atayin ko‘rilgan choralar natijasidir. Blok asosan Xitoy tashabbusi bo‘lsa-da, Rossiya uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoni o‘z «ta’sir doirasi»ning bir bo‘lagi sifatida ko‘rib keladi. Pekin Moskvaning mintaqada kuchayib borayotgan manfaatlarini hurmat qila boshlagan. Shu asnoda, ShHT ikki qudratli mamlakat bir mintaqada qanday hamkorlik qilishini aniqlashga qaratilgan tajribaga aylandi.

So‘nggi yillarda Moskva va Pekin o‘rtasidagi hamkorlik kuchayganiga qaramay, Moskva hali ham Xitoyning ambitsiyalaridan xavotirda. Shu sababdan blok doirasida Moskva Xitoyning ayrim tashabbuslarini qo‘llab, qolganlariga qarshi chiqib keladi.

2017 - yilda ShHTga Hindiston va Pokiston qo‘shib olinganini ko‘plab kuzatuvchi Rossiyaning blokni zaiflashtirish hamda va Xitoyning ta’sirini cheklash urinishi deb baholadilar.

Mintaqaviy xavfsizlik haqida gap borar ekan, Pekin va Moskva bir xil fikrlashga moyil, lekin Rossiya mintaqada uzoq vaqtdan beri davom etayotgan ta’siridan voz kechishga oshiqmayapti. Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashgani sari, Rossiya mintaqadagi davlatlar bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirdi va Xitoy a’zo bo‘lmagan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) orqali Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir nechta qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazdi.

Xitoyning mintaqadagi ambitsiyalari

Pekinning Yevrosiyodagi qudrati so‘nggi o‘n yil ichida keskin o‘sdi va o‘sishda davom etmoqda. Ammo asosiy savol ShHTga hali-hanuz ehtiyoj bor yoki yo‘qligidadir.

Tashkilot a’zolari o‘zi uchun muhim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratar ekan, Xitoy o‘z ta’sirini «Bir kamar, bir yo‘l» kabi yirik loyihalar orqali kengaytirishga kirishdi.

Xitoylik siyosatchilar hali-hanuz yirik masalalarga ko‘p tomonlama yondashish tarafdori bo‘lib, Pekin AQShdan keyin Afg‘onistonda yetakchi o‘rinni egallashga oshiqmayapti.

Pekinning Dushanbedagi sammit strategiyasi haqida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I iyulь oyida Markaziy Osiyoga qilgan safari chog‘ida qisman ma’lum bo‘ldi.

Van safari davomida yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashdi. Uchrashuvlar davomida Afg‘oniston asosiy mavzu bo‘ldi. Mahalliy rasmiylar Xitoy rahbariyatiga chegara xavfsizligi va Afg‘onistonda birgalikda ishlashni taklif qilgan bo‘lishsa-da, taraflar biror aniq chora ko‘rishga kelishib olmadi.

XS
SM
MD
LG