Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:53

Afg‘oniston: Tolibon jurnalistlar va namoyishchi ayollarni ta’qib qilmoqda


Majburiy hijob o‘rashga qarshi chiqqan afg‘onistonlik ayollar.
Majburiy hijob o‘rashga qarshi chiqqan afg‘onistonlik ayollar.

O‘tgan hafta afg‘on jurnalisti Kobuldagi o‘z uyida shafqatsiz hujumga uchradi, xotin-qizlar huquqlarini talab qilib chiqqan namoyishchi ayollardan ikki nafari esa hibsga olindi.

Toliblarning Afg‘onistonda iqtidorga qaytishi so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligini xavf ostiga qo‘ydi. Yaqinda faollar va jurnalistlarga qarshi amalga oshirilgan sirli hujumlardan so‘ng jamoatchilik yanada ko‘ngilsiz voqealar hali oldinda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab xavotir ola boshladi, deb xabar bermoqda Ozodlikning afg‘on xizmati.

O‘tgan haftada jurnalistning o‘z uyida shafqatsiz hujumga uchrashi, ayollar huquqlari himoyasini talab qilib chiqqan namoyishchilarni izidan kuzatishlar va qo‘lga olishga urinishlar ortidan vaziyat tahlikali bo‘lib qoldi.

Zaki Kais 20 yil jurnalist bo‘lib ishlagan va avgust miyonalarida toliblar Kobulni ishg‘ol etganidan so‘ng Khawar mustaqil teleshirkatidan ketgan. 15 - yanvar kuni kimdir uning darvozasini taqillatib, yordamga chaqirgan. Zaki tashqariga chiqqanida esa unga noma’lum kimsalar hamla qilganlar – jurnalist boshi va bo‘ynidan shikastlangan.

“Kimdir sochimga chang soldi, boshqasi darvoza tabaqasini men tomonga itardi. Shu zaylda bo‘ynimni darvozaning ikki tabaqasi orasiga olib, siqishdi”, dedi u Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Jurnalistga ko‘ra, u qattiq bir buyum bilan boshidan zarba yegan va darvozani yopib olishga ulgurgani tufayli pichoqlanishdan qutulib qolgan.

Kais hujum qilganlarni tanimaganini, lekin toliblar va ularning maslakdoshlari tarafidan bir necha marta ta’qib etilganini va kaltaklanganini aytdi. Hujumdan so‘ng jurnalist qo‘rquvga tushib, oilasi bilan birga qochgan.

Toliblar hujum yuzasidan izoh berishmayapti, OAVlarni tamsil etuvchi kuzatuvchilar esa tergov o‘tkazishni talab qilmoqda.

“Afg‘onistondagi Tolibon rahbariyati jurnalist Zaki Kaisga hujum qilgan kimsalarni topib, javobgarlikka tortish maqsadida tergov boshlashi lozim”, deya bayonot berdi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining (JHQQ) Osiyo bo‘yicha koordinatori Stiven Batler 19 - yanvar kuni.

Kais faoliyati tufayli ta’qib va hujumga uchragan yagona afg‘onistonlik emas. So‘nggi oylarda o‘z huquqlarini talab qilib norozilik namoyishlariga chiqqan ayollar o‘tgan haftada qurollangan shaxslar tarafidan kaltaklanib, bir nechasi qo‘lga olindi.

Qo‘lga olishlaridan qutulib qolganlarning aksari o‘z xavfsizligini o‘ylab yashiringan. Namoyish qatnashchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda 19 - yanvarda toliblar namoyishchilarga qarshi “oblava” boshlab, gumondagi ayollarni “ayozda” tutib turishganidan so‘ng, u boshqa bir qancha ayollar bilan birga kechasi uyidan chiqib ketganini aytdi.

Tamana Zaryobiy Paryoniy hamda Parvona Ibrohimhel, xabarlarga ko‘ra, o‘sha tunda o‘zlarini Tolibon razvedka xizmati xodimlari deb tanishtirgan shaxslar tomonidan hibsga olingan. Ayollar Kobuldagi namoyishlarda, jumladan, 16 - yanvar kuni hijob kiyib yurishga qarshi norozilik aktsiyasida ishtirok etganlar. Tolibon politsiyasi namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatgan.

Uch kun o‘tgach ijtimoiy tarmoqlarda Paryoniyning videosi yoyinlandi: ayol odamlardan yordam so‘rar, bu paytda eshigini kimdir qattiq taqillatardi.

“Iltimos, yordam beringlar, toliblar meni izlab kelishdi. Uyda men va singillarim bor xolos”, deya yolvorgan u.

Paryoniy va Ibrohimhelning ahvoli haqida turli xabarlar kelyapti: ayrim afg‘on OAVlariga ko‘ra ularni qo‘yib yuborishgan, boshqalar esa ayollarning qaerdaligi noma’lumligi haqida yozishmoqda. Paryoniyga qo‘shib uch singlisi ham hibsga olingan, degan ma’lumot ham bor.

Tolibon politsiyasi vakili Paryoniyning videoyozuvini “sahnalashtirilgan tomosha” deb atadi, biroq Ozodlik afg‘on xizmatining ushbu masala bo‘yicha izoh olishga urinishlari zoye ketdi.

Кобулдаги мухбир: «Ҳар бир аёл қўрқувда»
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

Tolibon razvedka xizmati vakili esa Paryoniy va Ibrohimhelning ushlangani haqidagi xabarlarni na tasdiqladi va na inkor etdi, ammo u Twitter da mujmal javob qoldirdi.

“Afg‘on xalqining diniy va milliy qadriyatlari tahqirlanishiga ortiq yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozdi Xolid Hamroz Kobuldagi namoyishlar chog‘ida ayollar burqani yoqishganini nazarda tutib.

Shuningdek, Hamroz huquq himoyachilarini chet eldan boshpana olish ilinjida Tolibonga tuhmat qilishda aybladi.

Ilk bor 1996–2001 - yillarda Afg‘onistonni idora qilganida ayollarning ishlashini va qizlarning ta’lim olishini taqiqlab qo‘ygan, shafqatsiz tartiblari bilan nom chiqargan Tolibon ekstremistik guruhi o‘tgan yili avgustda hokimiyatga qaytgach, islom tamoyillari va milliy manfaatlarga zid bo‘lmasligi sharti bilan fikr bildirish erkinligi berishini bildirgan edi.

Ammo ayollar va qizlarga nisbatan cheklov choralari qayta joriy etilishiga, jumladan, paranji yopinish va jamoat joylariga mahram erkak hamrohligida borish majburiyligi hamda qizlarning ta’lim olishi cheklab qo‘yilishiga qarshi norozilik chiqishlariga toliblar ko‘pincha zo‘ravonlik bilan javob berdi.

Ayollar namoyishlarini yoritgan muxbirlar ham qo‘lga olindiki, bu Afg‘onistonda mustaqil OAVlar xavfsizligi va istiqboli borasida tobora ko‘proq xavotir uyg‘otmoqda.

Avgustdan beri o‘nlab nashrlar yopilib, har o‘n jurnalistdan qariyb sakkiz nafari boshqa ish qidirishga majbur bo‘ldi. Turli tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, sohada qolgan jurnalistlar ham bosim ostida va o‘zini o‘zi senzura qilgan holda ishlashda davom etmoqda.

Human Rights Watch yaqinda e’lon qilingan yillik hisobotida afg‘on OAVlariga nafaqat Tolibon, balki “Islom davlati” jangarilari ham tahdid solayotganini, xususan, ular bir necha jurnalistni o‘ldirishganini bildirdi.

Biroq, oxir-oqibat toliblar jurnalistlarni himoya qilishi kerak, deb hisoblaydi Afg‘oniston Erkin OAVlarni qo‘llab-quvvatlash agentligi yuristi Nosir Ahmad Nuriy.

“Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan barcha voqealar ortida Islom amirligi turibdi. Ular javobgarlikka tortilmas ekan, vaziyat shu zayl davom etaveradi va OAVlar xavfsizligi ta’minlanmay qoladi, ular birin-ketin yopiladi”, dedi u Ozodlik muxbiriga bergan intervyusida.

XS
SM
MD
LG