Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:41

AP: JSST olimlari koronavirus hayvonlardan tarqagan degan xulosaga keldi


COVID-19 infeksiyasini qo‘zg‘atadigan virusning eng yaqin turdoshi koronaviruslarni tarqatishi ma’lum bo‘lgan ko‘rshapalaklarda topilgan - illyustrativ surat.
COVID-19 infeksiyasini qo‘zg‘atadigan virusning eng yaqin turdoshi koronaviruslarni tarqatishi ma’lum bo‘lgan ko‘rshapalaklarda topilgan - illyustrativ surat.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xitoylik olimlar COVID-19 kelib chiqishi bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma tadqiqot natijalariga asoslangan holda virus ko‘rshapalaklardan boshqa hayvon orqali odamlarga yuqqani ehtimoli yuqori ekanini xulosa qildi.

Virus laboratoriyadan tarqalib ketgani ehtimoli esa juda oz ekani aniqlangan. Bu haqda hisobot nusxasi bilan tanishib chiqqan Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Bu xulosalar kutilgan xulosalar bo‘lib, ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, hisobotda ilmiy jamoaning xulosalariga asos bo‘lgan faktlar batafsil yoritilgan. Olimlar virus laboratoriyadan tarqalgan, degan gipotezadan tashqari boshqa barcha qarashlar bo‘yicha qo‘shimcha tadqiqot o‘tkazilishi kerak, degan xulosaga kelganlar.

Hisobot e’lon qilinishi bir necha marotaba kechiktirildi. Bu esa Xitoy tomoni xulosalarni o‘zgartirishga urinayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. JSST rasmiysi o‘tgan hafta oxirida hisobot «yaqin bir necha kun ichida» e’lon qilinishini aytgan edi.

Dushanba kuni Jenevada ishlayotgan diplomat AP agentligiga hisobotning deyarli yakuniy nusxasini yuborgan. Hisobot chop etilishidan oldin o‘zgartirilishi yoki yo‘qligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Hisobotni yuborgan diplomat ismini oshkor qilishni istamagan, chunki ularda hisobotni rasmiy nashrdan oldin boshqalar bilan ulashish huquqi yo‘q.

Tadqiqotchilar rasmiy nomi SARS-CoV-2 bo‘lgan virusning paydo bo‘lishi borasida to‘rt ssenariyni o‘rganib chiqqanlar. Ro‘yxatning birinchi pog‘onasini virus ikkinchi hayvon orqali tarqalgani haqidagi nazariya egallagan. Virus ko‘rshapalaklardan odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarqalgani ehtimoli ham o‘rganib chiqilgan va bu holat ham ehtimoldan uzoq emasligi xulosa qilingan. Shuningdek, virus muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotlari orqali tarqalgani haqidagi qarash ham ko‘rib chiqilgan, ammo buning ehtimoli ozligi xulosa qilingan.

COVID-19 infeksiyasini qo‘zg‘atadigan virusning eng yaqin turdoshi koronaviruslarni tarqatishi ma’lum bo‘lgan ko‘rshapalaklarda topilgan. Ammo, hisobotda aytilishicha, «ushbu viruslar va SARS-CoV-2 viruslari o‘rtasidagi evolyutsion masofa bir necha o‘n yillikni tashkil etadi va o‘rtada bir pog‘ona yo‘qligini ko‘rsatadi».

Hisobotda e’tirof etilishicha, pangolinlarda juda o‘xshash viruslar topilgan, ammo norka va mushuklar ham COVID-19 virusini yuqtirishi mumkin bo‘lgani uchun ular ham virus tashuvchisi bo‘lishi mumkin.

Hisobot JSST xalqaro ekspertlar guruhining yanvar oyining o‘rtalaridan fevral oyining o‘rtalariga qadar COVID-19 ilk marotaba keng tarqalgan Uxan shahriga qilgan tashrifiga tayanadi.

Uxan missiyasiga yetakchilik qilgan JSST mutaxassisi Piter Ben Embarek juma kuni hisobot yakunlanganini va faktlar tekshirilib, tarjima qilinayotganini aytgan edi.

«Keyingi bir necha kun ichida bu jarayon yakunlanadi va biz uni ommaviy ravishda chiqaramiz, deb o‘ylayman», — dedi u.

Hisobot mualliflari epidemiya 2019 - yil dekabrida dastlab Uxan dengiz mahsulotlari bozorida boshlangani yoki yo‘qligiga aniq javob topolmagan.

Uxanь bozorida epidemiya boshlanishidan oldin boshqa hududlarda koronavirus aniqlangani uchun epidemiya boshqa joyda boshlanganini taxmin qilish mumkin. Ammo hisobotda qayd etilishicha, aniqlanmay qolgan yengilroq infeksiyalar sodir bo‘lgan bo‘lishi, shu sababdan bozor bilan oldingi holatlar o‘rtasida bog‘lanish bo‘lishi mumkin.

«Shu sababga ko‘ra Xuanan bozorining epidemiya kelib chiqishidagi roli yoki infeksiya bozorga qanday kirib kelgani to‘g‘risida hozircha qat’iy xulosa chiqarish mumkin emas», deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG