Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:20

AQSh Davlat kotibi Navalniy tarafdorlariga kuch ishlatilishini qoraladi, Eron va Xitoyni ogohlantirdi


AQShning yangi tasdiqlangan Davlat kotibi Entoni Blinken Davlat departamentidagi taqdimda-- 27 -yanvar, 2021
AQShning yangi tasdiqlangan Davlat kotibi Entoni Blinken Davlat departamentidagi taqdimda-- 27 -yanvar, 2021

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Bayden ma’muriyati Rossiyaga nisbatan choralar ko‘rishi mumkinligini bildirdi. Ehtimoliy choralar muxolifatchi Aleksey Navalniy himoyasiga chiqqan namoyishchilarga qarshi nomutanosib kuch ishlatilgani ortidan kiritilishi mumkin.

Blinken 1 - fevral kuni efirga uzatilgan TV intervyuda “haddan ortiq zo‘ravonlikdan” tashvishda ekanligini aytgan.

Blinken shuningdek, Xitoy va Eron mavzulariga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning aytishicha, Xitoy Honkong ustidan nazoratni kuchaytirish yo‘lida o‘ta qo‘pol harakat qilgan. Blinken, shuningdek, Eron yadroviy qurolga kerak bo‘ladigan parchalanuvchi moddalarni ishlab chiqarishiga sanoqli oylar qolganidan ogohlantirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi namoyishlar ortida “Rossiyaning ichki ishlariga qo‘pol aralashayotgan” Vashington turganini iddao qilmoqda.

“Rossiya hukumati muammo bizda, deb o‘ylayotgan bo‘lsa, qattiq adashyapti. Muammo ularda, ularning hukumatida. Rossiyaliklar korrupsiya va yakkahokimlikdan charchagan. Rossiya hukumati o‘z nigohini tashqariga emas, ichkariga qaratishi lozim”, degan Blinken NBC News bilan suhbatda.

AQSh Rossiyaga nisbatan qanday choralar ko‘rishi mumkinligiga Blinken suhbat chog‘ida aniqlik kiritmadi. Uning bildirishicha, Navalniyning hibsga olinishi, Rossiyaning 2020 - yili AQShda bo‘lib o‘tgan saylovlarga aralashuvi, Rossiya moliyalashtirgan hakerlar guruhi AQSh hukumatining kompyuter tarmoqlariga uyushtirgan hujumi hamda Rossiya Afg‘onistonda o‘ldirilgan har bir AQSh soldatiga mukofot va’da qilganligi haqidagi iddaolar ortidan AQShning munosib javob choralari muhokama qilinyapti.

Blinken, Tehron yadroviy dastur bo‘yicha 2015 - yildagi shartnomadagi majburiyatlarga qat’iy amal qilishni zimmasiga olsa, mazkur shartnomaga AQShning qaytishini bildirgan.

Ushlab turilgan amerikaliklarning ozod etilishi kengaytirilgan yadroviy dastur bo‘yicha shartnomaning shartlaridan biri bo‘lishi haqidagi savolga Blinken izoh bermagan.

“Shartnoma qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, amerikaliklar ozod etilishi kerak. Nuqta. Biz, u yoki bu tarzda, ular vataniga qaytishini ta’minlaymiz”, degan Davlat kotibi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari Uxan shahriga tashrif buyurgan, lekin Xitoy ularni koronavirus ilk bor aniqlangan maskanlarga borishiga ruxsat berishda “ancha sustkashlik qilyapti”, deydi Blinken.

Blinken Xitoy shaffof harakat qilmayotganini “hal etilishi kerak bo‘lgan muammo” deb atagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati Tramp tomonidan Xitoy mahsulotlariga joriy qilingan tariflar Xitoyga emas, AQShning o‘ziga ko‘proq ziyon keltirayotganini ko‘rib chiqadi.

XS
SM
MD
LG