Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2021, Тошкент вақти: 01:17

AQSh Jamol Hashoggi xotirasi uchun dunyo bo‘ylab jurnalistlarni himoya qiladi


Jamol Hashoggi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken uch yil muqaddam Saudiya Arabistoni hukumati buyurtmasi bilan o‘ldirilgani taxmin qilinadigan jurnalist Jamol Hashoggi xotirasiga bayonot e’lon qildi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar bermoqda.

“Qo‘shma Shtatlar butun dunyo odamlari, jazolanish yoki zarar yetkazilishidan qo‘rqmasdan o‘z fuqarolik huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozimligi tamoyilini hamisha himoya qiladi”, deyiladi bayonotda.

Jamol Hashoggining Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligi binosida o‘ldirilishiga doir tergov materiallari joriy yilning fevralida Kongressga berilganidan so‘ng AQSh bu kabi fojialar takrorlanmasligi uchun zarur choralarni ko‘rdi.

“Biz hukumatlarning o‘z mamlakatlaridan tashqarida jurnalistlar, faollar va dissidentlarga nisbatan amalga oshiradigan har qanday hujumlari oldini olish va ularga tezkorlik bilan munosabat bildirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirdik, – deydi Blinken. – Shuningdek, biz Amerika vizalarini berishni cheklash global siyosatini ishlab chiqdikki, Hashoggi nomi bilan ataluvchi mazkur siyosat Qo‘shma Shtatlarning jurnalistlar, faollar va dissidentlarning dunyoning istalgan nuqtasida eksterritorial ta’qib etilishiga aloqador shaxslarga berilgan vizalar qaytarib olinishini nazarda tutadi”.

AQSh Davlat departamenti Saudiya Arabistonining mamlakatdan tashqarida dissidentlar ta’qib etilishiga aloqador 76 nafar fuqarosi, jumladan, Hashoggining o‘ldirilishiga bosh qo‘shgan odamlar uchun viza cheklovlari ko‘rinishida sanksiyalar joriy etdi.

“Prezident Bayden Qo‘shma Shtatlar inson haqlarini o‘z tashqi siyosati markaziga qo‘yishini aniq-ravshan anglatgan edi... Inson huquqlari himoyasi Amerikaning milliy manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos keladi va bizning milliy xavfsizligimizni mustahkamlaydi, – deya qo‘shimcha qildi Blinken. – Qo‘shma Shtatlar jurnalistlar, faollar va dissidentlarning qayerda bo‘lmasin, xavfsiz shart-sharoitda ish olib borishlarini nazorat qilish uchun barcha maqbul vositalardan foydalanadi”.

The Washington Post gazetasi kolumnisti Jamol Xashoggi 2018 - yil oktabrida Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilgandi. Hodisadan so‘ng Xashoggining jasadi bo‘laklarga bo‘linib, konsullik binosidan olib chiqib ketilgan va haligacha topilgan emas.

Xashoggi Saudiya Arabistoni rasmiylari, xususan, shahzoda Muhammad siyosatini tanqid qilib kelgan. Jinoyatda shahzoda Muhammad qo‘li borligi haqidagi gumonlar qotillik ortidan darhol yuzaga keldi. Shahzodaning o‘zi Xashoggi o‘limiga aloqador ekanini qat’iyan rad etib keladi.

XS
SM
MD
LG