Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:29

Buloqboshidagi soydan topilgan jasad oltin konidagi o‘g‘rilikka aloqador ko‘rilmoqda


1 - aprel kuni oltin izlovchi yigitning jasadi Buloqboshidagi soydan topilgani aytilmoqda.
1 - aprel kuni oltin izlovchi yigitning jasadi Buloqboshidagi soydan topilgani aytilmoqda.

1 - aprel kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Buloqboshi qishlog‘idagi soydan topilgan jasad Zarmiton oltin konidagi o‘g‘rilikka aloqador ko‘rilmoqda.

Marhumning qo‘shnilari iddaosicha, u noqonuniy ravishda oltin izlash bilan shug‘ullanib kelgan va sheriklari bilan kelishmovchilik qotillikka sabab bo‘lgan.

Olti oy avval ham Zarmiton oltin konidagi o‘g‘rilikka aloqador ko‘rilgan 20 yashar yigit jasadi yo‘l chetiga tashlab ketilgandi.

Ozodlikning 2 - aprel kuni aniqlashicha, ushbu voqeaga aloqadorlikda ayblangan shaxs yaqinda jazoni o‘tab chiqqan.

Soydan topilgan yigit

1 - aprel kuni Buloqboshi qishlog‘idagi soydan topilgan jasad haqida Ozodlikka voqeadan xabardor qo‘shrabotlik manba xabar qildi:

“Buloqboshidagi eski asfalt zavodining orqasida soy bor. Shu soyda kecha cho‘ponlar bir yigitni chalajon ahvolda topishgan. Cho‘ponlar “tez yordam”ga xabar bergan, lekin “tez yordam” yetib kelguncha, yigit olamdan o‘tgan”.

Boshqa bir qo‘shrabotlik yigit iddaosiga ko‘ra, soydan topilgan yigit 20 yoshlarda bo‘lib, u Zarmiton oltin konida noqonuniy ravishda oltin izlash bilan shug‘ullanib kelgan buloqboshiliklardan biridir:

“2001 yilda tug‘ilgan bola edi. Bizga yaqin mahallada yashardi. Bizning hududdagi ishsiz aholining 70-80 foizi noqonuniy ravishda oltin izlash bilan shug‘ullanadi. Sentabrdan beri shu oltin izlovchi bolalardan uchtasi o‘ldi. Hech kim bu noqonuniy ishlarga chek qo‘ymayapti. Natijada yosh-yosh bolalar o‘lib ketyapti. Bu yigit ham oltin izlovchi sheriklari bilan kelishmay qolganini aytishdi”.

Qo‘shrabot tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, soydan topilgan yigit o‘limi bilan bog‘liq voqeaga aloqador ish prokuraturaga oshirilgan.

“Barcha hujjatlar tuman prokuraturasida to‘plangan. Surishtiruv ishlarini prokuratura olib boryapti”, - dedi IIB mas’uli.

Samarqand viloyat huquq-tartibot idoralari mas’ullaridan biri Buloqboshidagi voqeani oltin izlovchilar bilan bog‘lamaslikni so‘radi:

“Buni noqonuniy oltin izlovchilar bilan bog‘lashga shoshilmaslik kerak. Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, marhum mast bo‘lgani va uning shu kuni to‘yda bo‘lgani aniqlangan. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Voqeaga doir tafsilotlar o‘rganilgach, matbuotda e’lon qilinadi”.

Sariq ajal

Bundan olti oy avval Qo‘shrabotda oltin izlovchi yigitlar bilan bog‘liq ikkita o‘lim holati yuz bergandi.

30 - sentabr kuni Qo‘shrabot tumani Tibbiyot birlashmasiga yaqin hududda 20 yoshli yigitning jasadi topilgan va uni Zarmiton oltin konida g‘ayriqonuniy tosh qaziyotgan payti tog‘ jismlari bosib qolgani aytilgan.

Yigitning shifoxonaga olib borilayotganda vafot etgani va sheriklari uni yo‘l chetiga tashlab ketgani aniqlangan.

2 - aprel kuni Ozodlik ushbu voqeaga doir qo‘shimcha tafsilotlarni aniqladi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan qo‘shrabotlik manbaga ko‘ra, ushbu voqeada ayblangan uning qo‘shnisi yaqinda ozodlikka chiqqan:

“Biz Qo‘shrabot tuman markazida yashaymiz. Qo‘shnim 1984 - yilda tug‘ilgan. Uni 30 - sentabrdagi voqeada ayblashgandi. Uni tog‘ bosib qolgan 20 yashar yigitni kasalxonaga olib ketilayotganda o‘lib qolgani uchun qo‘rqqanidan yo‘lga tashlab ketganlikda ayblashdi. Yaqinda u jazoni o‘tab, qamoqdan chiqib keldi”.

Yana bir yigit (A.Q) sentabr oyi boshida Zarmiton oltin konida noqonuniy tosh qazib olish uchun shaxtaga tushgan payti katta kuchlanishdagi yerosti kabelidan tok urishi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgandi.

Oltin "mafiyasi"

Zarmiton va Qoraqo‘tan oltin konlari Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olinadi.

Konlar maxsus qo‘riqchilar tomonidan qo‘riqlanadi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan konchilarning aytishicha, garchi bu hudud "rejimli zona" hisoblansa-da, mahalliy va yollanma ishchilardan iborat g‘ayriqonuniy guruhlar bemalol kon hududiga kirib, oltin qaziydi.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatidan bir necha bor izoh olishga urindi. Biroq har safargi urinishlar, jumladan, 2 - aprel kungi murojaatimiz ham natijasiz bo‘ldi.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning qimmatbaho metallarni qazib olishi prezidentning 2018 - yil 26 - noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG