Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:47

"Buxoro Mirziyoyev davrida yana bir marta bombalanmoqda". Buzilishlar haqida yozgan faollar bosim ostida


Buxoro markazida buzilish ishlari 26-fevral kuni boshlab yuborilgan.
Buxoro markazida buzilish ishlari 26-fevral kuni boshlab yuborilgan.

Buxoroning tarixiy qismiga tutash hududda “Boqiy Buxoro” sun’iy etnografik sayyohlik majmuasi qurilishi sabab o‘nlab tarixiy binolarning buzib tashlanayotgani o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarini junbushga keltirdi.

Buzilishlar haqida yozgan bloger va jurnalistlar esa bosimlar ostida qolgani o‘rtaga chiqmoqda.

Buxoro. Fevral, 2023
Buxoro. Fevral, 2023

“Hozir Buxoroda sodir bo‘layotgan voqea aql bovar qilmaydigan jinoyatdir va bu buzishlar O‘zbekiston tarixiga eng qora kunlardan biri sifatida kiradi”, - dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan o‘zbekistonlik bloger.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa “Buxoro markazida bir dunyo imoratlarni buzib, o‘rniga yasama tarixiy shaharcha qurmoqchi bo‘layotganlar - Buxoroning ham, O‘zbekistonning ham dushmanlari”, deb yozdi.

Bloger Otabek Bakirovning yozshicha, “Buxoroda 2024-yil 26-fevral Toshkentda 2009-yil 13-noyabrda skverdagi daraxtlarni kesishning boshlanishi kabi esda qoladi va tarixga qora sahifa bo‘lib kiradi”.

Ozodlikka Buxorodagi buzilishlar haqida gapirgan kamida to‘rt nafar bloger o‘zlariga nisbatan kuchli bosimlar boshlanganini aytib, ularning so‘zlarini efirga bermaslikni so‘rashdi.

“Menga tahdidlar bo‘lyapti. Sizdan o‘tinib so‘rayman, gaplarimni efirga bermang, meni tushunasiz degan umiddaman”, - dedi Ozodlik bilan suhbatda ismi sir qolishini so‘ragan bloger.

"Buxoro yana bir marta bombalanmoqda"

Alerte Héritage tashkiloti qadimiy shahar markazidagi buzilishlarni Buxoroning o‘tgan asr boshida Mixail Frunze qo‘mondonligidagi qizil armiya tarafidan bombalanishi voqeasiga qiyosladi.

“Buxoro Mirziyoyev davrida yana bir marta bombalanmoqda”, deya bong urdi tashkilot.

Alerte Héritage O‘zbekiston rahbariyatiga murojaat qilib “bu kuppa- kunduzi bo‘layotgan vayrongarchiliklar”ni to‘xtatishni talab qildi.

“Snoslar YUNESKO bilan kelishilmasdan boshlandi. Bu degani Buxoroni vayron qilish qonunga zid va xalqaro kelishuv hamda respublika o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga rioya qilmaslik, degani. Nemislar Stalingradni ham bunchalik vayron qilmagan. Buxoro yuz yil oldin bir marta o‘rislar tarafidan bombalangandi¸ endi esa Buxoroni yangi O‘zbekiston mulozimlari vayron qilmoqda. Stop!!!”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Xabarlarga ko‘ra, Buxoro markazida sun’iy etnografik sayyohlik majmuasi qurilishi uchun yer ochish maqsadida shaharning tarixiy qismiga tutash bufer hududda joylashgan binolarni buzish 26-fevral kuni boshlab yuborilgan.

"Boqiy Buxoro" sayyohlik markazi dizayni.
"Boqiy Buxoro" sayyohlik markazi dizayni.

“Siz bir qarang, Buxoro markazida naqadar didsiz, bema’ni narsalarni qurishmoqchi. 470 million dollar evaziga. Buxoro shahri va viloyatida suv ta’minoti va gaz ta’minoti hali to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan, yo‘llar vayronaga aylanganiga qaramay bu ishlar qilinyapti. Ammo bu ahmoqona "o‘yinchoq" uchun pul bor.

Bu "etnopark" deb ataladi. Odatda, "etnoparklar" madaniy meros yo‘q joylarda quriladi. Yaqin atrofda qadimiy shahar bo‘lsayu, uning yonginasida arzon qalbaki qurilmaning nima keragi bor? Buxoro hokimiyati oshkoralikdan shunchalik qo‘rqadiki, bu “singapurlik” mijoz va investor kim ekanligini haliyam uyalmay yashirmoqda”, deb yozdi bloger Nikita Makarenko o‘zining Telegram-kanalida.

Buzilayotgan binolar orasida ikki yil avval ta’mirlangan sport majmuasi, o‘zbekistonlik mashxur me’mor Rixard Bleze loyihasi asosida o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida sovet modernizmi uslubida qurilgan viloyat hokimligi binosi, Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ham bor.

Paxta zavodi yotoqxonasiga badarg‘a qilingan san’at maktabi

Buxoro san’at maktabi.
Buxoro san’at maktabi.

Tarmoqlarda San’at maktabi va sport majmuasi buzilishi aks etgan videolar tarqaldi. Tasvirlarda 2002-yilda qurilgan «Buxoro arena» sport majmuasi va futbol stadionida ishchilarning stadiondagi o‘rindiqlarni buzayotgani aks etgan.

Buzilishi boshlangan ma’muriy binolarning bir qismi, jumladan, viloyat va shahar hokimliklari hamda viloyat prokuraturasi binolarini hozirgi paytda qurilishi davom etayotgan “Buxoro-siti”ga joylashtirish rejalangan. San’at maktabi esa, sobiq paxta zavodi yotoqxonasiga vaqtincha ko‘chirilgan.

"Buxoroning go‘zal va zamonaviy ixtisoslashtirilgan san’at maktabi buzilmoqda. Bu hatto chet elliklarni ham hayratga soladigan haqiqiy san’at saroyi edi. Hamma mamlakatda ham bolalar uchun bunday sharoitlar yaratilmagan. Darhaqiqat, bu yerda bizning yosh avlodimizga munosib sharoitlar mavjud edi. Bu yotoqxona. Musiqa, raqs, o‘quv mashg‘ulotlari uchun maxsus xonalar, majlislar zali yo‘q. Musiqa asboblari, xususan, pianino bir necha kun tashqarida, yomg‘ir ostida qolib ketgan. Hammasi nima uchun? Sayyohlik markazi uchunmi? Sayyohlar besh yulduzli mehmonxonalarda yashaydilar, derazadan ajoyib manzaraga qarashadi. Bizning bolalarimiz eski yotoqxonada o‘qiydimi?", deb yozdi bloger Islom Kaparzo.

"Motamsaro ona" haykali Buxoro shahridagi Xotira va qadrlash maydonidan olinib, Kogon shahridagi bog‘ga o‘rnatilgan.

Buxorodagi buzilish aks etgan tasvirlarni 1-mart kuni “Gazeta.uz” nashri ham e’lon qildi.

Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuxriddin Muxiddinov Gazeta.uz bilan suhbatda quriladigan markaz hududi bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqish jarayonida turli variantlar muhokama qilinganini ta’kidlagan.

“Quriladigan markaz hududi bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqish jarayonida turli variantlar muhokama va tahlil qilindi. Oxiri Eski shaharning bufer qismida joylashgan 32 gektarlik maydon tanlandi. Chunki bu yerda bir qancha ma’muriy binolar: viloyat va shahar hokimliklari, moliya boshqarmasi, xalq qabulxonasi viloyat bo‘limi kabi tashkilotlarning binolari hamda markaziy o‘yingohning joylashgani shu hududda o‘ziga yarasha muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Ushbu ma’muriy markazga tashrif buyuradigan viloyatning barcha tumanlaridagi aholi shaharning shimoliy qismidan janubiy qismiga o‘tishda faqat Islom Karimov ko‘chasi orqali kelar edi. Bu esa noqulayliklar va transport harakatida tirbandliklarni hosil qilardi”, deya Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Gazeta.uz nashri.

Buxoro stadioni.
Buxoro stadioni.

Bufer zona, bu umumjahon madaniy meros obyektini saqlash va uning atrofidagi tarixiy shahar landshaftlari va boshqa hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p bosqichli kompleks boshqaruvni ta’minlaydigan va shaharning rivojlanish dinamikasini hisobga oladigan muvozanatli arxitektura tizimidir.

Bu hududda YUNESKO roziligisiz qurilish yoki ta’mirlash ishlarini amalga oshirish mumkin emas.

“Yodgorlik shunchaki me’moriy obyekt emas. Uning atrofi, bu yodgorlik mos keladigan shahar ko‘rinishi ham uning ajralmas qismidir. Shaharsozlik amaliyotida "bufer zona" tushunchasi bor. Bunday bufer zona Buxoroda ham bor. To‘g‘rirog‘i, bor edi. Bugun biz uning YUNESKO roziligisiz buzilishlarni ko‘rmoqdamiz. Bundan tashqari, vayron qilingan hududda 1960-80-yillarga oid me’moriy yodgorliklar mavjud bo‘lib, ularning asosiy qismi mashhur me’mor Rixard Bleze loyihasi bo‘yicha qurilgan. Shulardan biri Buxoro hokimligi binosi hisoblanadi. Hozirgi kunda uning Toshkentdagi binolarini, jumladan, kurantli binoni saqlab qolishga harakat qilinmoqda”, - deydi san’atshunos Boris Chuxovich.

Buxoro shahar hokimligi ilgari yakuniy qaror YUNESKO xulosasini olgandan keyin qabul qilinishi va qurilish ishlari shundan so‘nggina boshlanishini bildirgan edi.

Ҳукумат Бухоро Туризм марказини барибир қурмоқчи. Бухороликлар қарши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:09 0:00

YUNESKO vaziyatni "kuzatmoqda"

O‘tgan hafta uzoq davom etgan sukutdan so‘ng, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi Buxoro markazining buzilishi yuzasidan bayonot berdi:

"YUNESKO Buxoroning Butunjahon merosi obyekti saqlanish holatini, shu jumladan, bufer zonasida potensial qurilish rejalariga nisbatan fuqarolik jamiyati tomonidan bildirilgan xavotirlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Butunjahon merosi markazi qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lish va vaziyatga oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston rasmiylariga murojaat qildi.

Butunjahon meros markazi mahalliy rasmiylar Butunjahon merosi konventsiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishiga hamda navbatdagi sessiyasi 2024-yil iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi qo‘mitasini avvaldan ogohlantirmasdan va uning baholashisiz hech qanday buzish - qurilish loyihalarini amalga oshirmasligiga umid qiladi.

YUNESKO ushbu obyektning Butunjahon mislsiz qiymatini saqlab qolishda ekspertiza hamda ko‘magini taqdim etishga hamisha tayyor”, deyiladi bayonotda.

Faollar fikricha, shaharda qurilishi rejalanayotgan sun’iy etnografik sayyohlik majmuasi qadimiy Buxoroni nafaqat o‘ziga xosligidan mahrum qilishi, balki Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘chirilish tahdidlari ostida qoldirishi mumkin.

“Bu buzishlarni YUNESKO qat’iyan taqiqlagan. Bufer hududda bunaqa ishlarni YUNESKO ruxsatisiz amalga oshirish mumkin emas. Tashkilotning roziligi esa olinmagan. Bu buzishlar Buxoro madaniy merosi va arxitekturasiga qarshi qilinayotgan mudhish jinoyatdir. Buni kim qilayotganini ham bilmaymiz. Ular qurishni rejalayotgan narsa arxitektura deyishga arzimaydi. Agar bu qurilish Buxoroda amalga oshsa, shahar qiyofasi abadiy buziladi. Bu jinoyat Chingizxon shaharni vayron qilgani yoki Frunze boshchiligidagi Qizil Armiya bombardimon qilganidan ham battar jinoyatdir”, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan bloger.

"Buxoro Turizm markazi” qurilishi, mahalliy matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, Ozodlikning qator surishtiruvlari qahramoni Baxtiyor Fozilovga tegishli ENTER Engineering shirkatiga berilgan. Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Baxtiyor Fozilov offshordagi firma orqali ushbu shirkatning 51 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

Buxoro san’at maktabi.
Buxoro san’at maktabi.

Hukumatning Buxoroda xalqaro “Turizm markazi” qurish rejasi haqida dastlab 2022-yilning 26-dekabrida bosh vazir Abdulla Aripov o‘tkazgan yig‘ilishda e’lon qilingandi.

Aripov o‘sha paytda loyiha qurilishi uchun 32,6 gektar maydondagi 29 ta davlat tashkiloti va xususiy mulkdorlarga tegishli binolarni buzib, boshqa joyga ko‘chirishni ma’qullagan.

XS
SM
MD
LG