Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:40

Eronning yangi prezidenti yadroviy kelishuvni tiklashga qaratilgan muzokaralarni qo‘llamoqchi


Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisiy
Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisiy

Eronning saylangan prezidenti Ibrohim Raisiy 2015 - yilda Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuvni tiklashga qaratilgan muzokaralarni qo‘llashini bildirdi. Ammo Raisiy AQSh prezidenti Jo Bayden bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashishga rozi bo‘lmasligini aytdi.

O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongan Raisiy 21 - iyun kuni ilk marotaba so‘zga chiqib, Vashington Eronga qarshi barcha sanksiyalarni olib tashlagan taqdirda ham Bayden bilan uchrashish niyatida emasligini aytdi.

«Biz milliy manfaatlarimizni kafolatlaydigan muzokaralarni qo‘llab-quvvatlaymiz .... Amerika zudlik bilan bitimga qaytishi va bitim bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajara boshlashi kerak», - dedi Raisiy.

«Har qanday uchrashuv Eron xalqi uchun natija berishi kerak», - deya qo‘shimcha qildi u.

18 - iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovda qariyb 62 foiz ovoz to‘plagan Raisiy murosasiz siyosatchidir. U avgust oyining boshida lavozimiga kirishadi.

Amaldagi prezident Hasan Ruhoniy o‘z lavozimini ketma-ket ikki muddat egallagani uchun saylovda nomzodini ko‘rsata olmadi. Ruhoniy pragmatik bo‘lib, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuv uning rahbarligi ostida imzolangan edi.

2018 - yilda AQSh kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketdi va Eronga qarshi moliyaviy sanksiyalarni qaytadan joriy qila boshladi. Bunga javoban Tehron bitimga binoan o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini buza boshladi. Natijada kelishuvni imzolagan qolgan to‘rt davlat – Angliya, Fransiya, Germaniya va Rossiya kelishuvga Vashingtonni qaytarish uchun Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qila boshladi.

Eron o‘z iqtisodiga keskin zarba bo‘lgan AQSh sanksiyalaridan xalos bo‘lishni istaydi. Raisiy Vashington Eronga qarshi joriy qilgan barcha sanksiyalar bekor qilinishi kerakligini aytdi.

Ammo prezident agar sanksiyalar olib tashlansa, Bayden bilan uchrashishi yoki yo‘qligi haqidagi savolga rad javobini berdi.

60 yoshga to‘lgan Raisiy 1988 - yilda minglab siyosiy mahbus o‘lim jazosiga mahkum etilgan va qatl etilgan sud jarayonlarini nazorat qilgan sudyalarning biridir.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Raisiy insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor ekanini aytib keladi. AQSh esa unga qarshi sanksiya joriy qilgan.

Raisiy Fors ko‘rfazidagi arab davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishini aytdi. Xususan, prezident Eronning mintaqadagi raqibi Saudiya Arabistoni bilan besh yil oldin uzilib qolgan diplomatik munosabatlarni tiklashga umidvor.

Ikki mamlakat aprel oyida Iroqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkaza boshladi.

Raisiy «Saudiya Arabistoni elchixonasining ochilishi Eron uchun muammo emasligini» aytdi.

XS
SM
MD
LG