Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:29

Feysbukdagi sirli profil. Sobiq xodim Adliya vazirligini tarmoqda soxta akkauntlar yuritishda aybladi


Toshkentdagi Adliya vazirligi binosi.
Toshkentdagi Adliya vazirligi binosi.

Toshkent shahar sudida ijtimoiy tarmoqda Adliya vazirligini obro‘sizlantirishda ayblangan sobiq mulozimning ishi ko‘rildi.

Ozodlikka kelib tushgan ayblov xulosasi va hukm nusxasiga ko‘ra, vazirlik sobiq mulozimi Husan Ravshanov sudda o‘ziga qo‘yilgan aybni rad etgan.

Bundan tashqari, Ravshanov sudda Adliya vazirligi rahbarlariga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangani, tergov izolyatorida o‘ziga nisbatan ruhiy bosim qo‘llanganini aytgan.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, sudlanuvchining ko‘rsatmalari sudda inobatga olinmagan.

19-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya hay’ati Adliya vazirligi sobiq mulozimi Husan Ravshanovga oid quyi instansiya sudi hukmini kuchda qoldirdi.

Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sobiq xodimi Ravshanov shu yil 11-sentabrda JKning 139-moddasi ("tuhmat") bilan ayblanib, 2 yilga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingandi.

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tuzgan ayblov xulosasiga ko‘ra, Husan Ravshanov Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limida yetakchi mutaxassisi bo‘lib ishlayotgan paytida, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Sanjar Karimov nomi bilan sahifa ochgan”.

Ayblov xulosasi va bu xulosani qariyb to‘liq tasdiqlagan sud hukmida aytilishicha, Husan Ravshanov 2022-yilning aprel va may oylarida e’lon qilgan postlarida “g‘araz va past niyatlarda vazirlik va uning sha’ni, qadar-qimmati va obro‘sini yerga uruvchi maqolalarni yashirin tarzda ijtimoiy tarmoq sahifalariga sizdirib kelgan”.

Ayblovda jumladan, Ravshanovning o‘z sahifasida Andijon viloyati Adliya boshqarmasi sobiq rahbari Abdumutalib Dadajonovni obro‘sizlantiradigan maqola yozgani aytiladi.

Mazkur maqolada, go‘yoki Andijon viloyati notariuslaridan yig‘ilgan pora pullari vazirlikning notarial idoralar ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Umarovga berilishi iddao qilingan.

Husan Ravshanov ustidan chiqarilgan sud hukmi nusxasi.
Husan Ravshanov ustidan chiqarilgan sud hukmi nusxasi.

Sudda ma’lum bo‘lishicha, Sanjar Karimov profilidan mazkur maqolalarni ko‘chirib bosgan yoki ulashgan Facebook tarmog‘idagi “Xalq nazorati”kanali adminlarining “profil egasi vazirlikning o‘zida” qabilidagi sharhlardan so‘ng Adliya vazirligi tekshiruv o‘tkazgan.

Tekshiruvlarda Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi faoliyati ko‘zdan kechirilganda bo‘lim xodimlarining kompyuterlaridan, go‘yoki Sanjar Karimov profili uslubidagi yozuvlar topilgan.

Adliya vazirligi tasarrufidagi ekspertiza markazlari va sudga oid adabiyotshunoslik ekspertizalari matnlarning vodiy shevasiga xos uslubda yozilgani, profil egasi ehtimoliy vodiy shevasiga mansub ijodkor ekani haqida xulosa bergan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalib Dadajonov ham Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, Sanjar Karimov profili egasiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Sudda ma’lum bo‘lishicha, Adliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Sanjar Karimov sahifasida Dadajonovga nisbatan maqolada keltirilgan iddaolar tasdig‘ini topmagan.

Ammo ayni ekpsertiza xulosalari asosida Husan Ravshanov qamoqqa olingan va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi bilan tuhmat hamda 237-moddasi bilan yolg‘on guvohlik berish aybi qo‘yilgan.

Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sobiq xodimi Husan Ravshanov.
Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sobiq xodimi Husan Ravshanov.

Husan Ravshanov sud jarayonlaridagi ko‘rsatmalarida, 2023-yilning 3- fevralida qamoqqa olingani, Ichki ishlar vazirligining yerto‘lasiga joylashtirilgani va tergov harakatlari jarayonida ruhiy bosimlarga uchragani haqida ko‘rsatma bergan.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro huquqiy normalarga ko‘ra, jinoyatda ayblanayotgan shaxsning huzuriga tergov organi, protsessual harakatlarning ishtirokchilaridan boshqa shaxslarning kirishi mumkin emas.

Ammo, Adliya vazirligining sobiq xodimi Husan Ravshanovning sudda aytishicha, IIVning tergov izolyatoriga doimiy ravishda Adliya vazirligi mulozimlari kirishib, unga bosim o‘tkazgan.

Husan Ravshanov ko‘rsatmasiga ko‘ra, IIV izolyatoriga dastlab Adliya vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Jahongir Uzoqov kirgan, unga aybni tan olishni “maslahat” bergan.

Shuningdek, 2023-yilning 12-fevralida Adliya vazirligining Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qo‘chqorov ham kirib, ishdan bo‘shash haqidagi kompyuterda yozilgan arizaga imzo chektirib oldi, deb ko‘rsatma bergan.

Ravshanovning sudda aytishicha, undan Adliya vaziri o‘rinbosarlari Muzraf Ikramov hamda Axtam Muhammadiyevlarga qarshi ko‘rsatma berishni talab qilishgan.

Sudlanuvchi Husan Ravshanovning sudda iddao qilishicha, Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva uning qo‘lga olinishida "faol qatnashgan".

“Uyga borsam, melisalar kutib turgan ekan. Kishan solib olib ketishdi, meni olib ketishayotganida negadir uyim oldida Sevara O‘rinboyeva va Vazir o‘rinbosari Xudoyor Meliyevlar turgandi”, degan sud majlisida Ravshanov.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi ham, Toshkent shahar sudi ham Ravshanovning bu ko‘rsatmalarini e’tiborsiz qoldirgan.

OzodNazar: Ўликдан кафан ёки “Ишчанлик обрўсига” блогер “путур этказган” ҳоким
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:47:22 0:00


Faolning aytishicha, sudda so‘roq qilingan vazirlik mutasaddilarining barchasi tergov izolyatoriga kirganini tasdiqlagani ham inobatga olinmagan.

Sud hukmiga munosabat bildirgan Ravshanov, Ozodlikka ishni ko‘rgan sudyalar "shunchaki tergov organi xulosalarini qat’iylashtirib bergani"ni aytdi.

Ravshanovga ko‘ra, sudda berilgan iltimosnomalar qanoatlantirilmagan, dalillar o‘rganilmagan, Adliya mulozimlarining ko‘rsatmalariga esa huquqiy baho berilmagan.

“Men avvalo Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Sanjar Karimov nomli profil egasi emasman. Bu borada tergovning ham, sudning ham qo‘lida mening nohaqligimni isbotlaydigan dalil yo‘q. Bu profil men qamoqda bo‘lgan paytimda ham, hozir ham ishlab turibdi. Istasangiz, tekshirib ko‘ring”, deydi Ravshanov.

Feysbukdagi sirli profil egasi kim?

Husan Ravshanov suddagi ko‘rsatmasida Adliya vazirligi mulozimlarini ijtimoiy tarmoqlardagi qator soxta profillarni yuritganlikda ayblagan.

Shunday profillardan biri Feysbukdagi "Ismigul Shayxuddinova" sahifasidir.

"Misol uchun Sevara O‘rinbayevani (Aliya vazizining matbuot kotibi - tahr.) mening taxminim bo‘yicha "Zarnigor Xalilova nomli "Facebook" ijtimoiy tarmog‘ida akkaunti va "Telegram" messenjerida kanali mavjud. Ushbu akkaunt va kanalda turli hil (orfografiya saqlandi - tahr.) mavzularda maqolalar va postlar joylashtirib boriladi, ularning orasida Adliya vazirligi tizimi bilan bog‘liqlari ham mavjud. "Ismigul Shayxuddinova" nomli akkaunt mavjud, ushbu akkauntni adashmasam D.R (sud materiallaridan to‘liq ism-sharifi keltirilgan F.T yoki Y.SH va boshqalar yuritishi mumkin. Lekin shuni aniq bilimanku (orfografiya saqlandi - tahr.) ushbu akkauntning egasi Adliya vazirligi tizimida ishlaydi. "Adolat" huquqiy axborot markazida ishlovchi jurnalistlarning ham barchasida yashirin akkauntlar mavjud bo‘lib, ularda ham Adliya vazirligi tizimi bilan bog‘liq maqolalar joylashtirilib turadi", deya ko‘rsatma bergan Adliya vazirligining sobiq xodimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Husan Ravshanov joriy yilning 12- fevralida sudda bergan ko‘rsatmasida Feysbukdagi "Ismigul Shayxuddinova" profilini yuritganlar orasida shaxsan sobiq Adliya vaziri va hozirda prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov ham borligini iddao qilgan, ammo uning bu haqdagi ko‘rsatmasi "sud protokoliga kiritilmagan".

Suddagi ko‘rsatmadan ko‘p o‘tmay "Ismigul Shayxuddinova" profili Feysbuk tarmog‘idan yo‘qolib qolgan. Ayni nomdagi profil Telegram messenjerida hanuz mavjud, ammo uning ayni profil ekani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Feysbukdagi ushbu sirli profil ortida kim turgani birinchi marta muhokama mavzusiga aylanayotgani yo‘q.

Oliy Majlisning sobiq deputati Rasul Kusherbayev 2020-yil may oyida Feysbukdagi “Ismigul Shayxuddinova” nomli profil egasi ustidan Ichki ishlar vazirligiga arz qilgan. Deputatning murojaatida profil egasi Kusherbayevning o‘zga millatga mansubligini aytib, milliy adovat uyg‘otishga uringanini ta’kidlaydi.

Sobiq deputatga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi unga profil egasining topilmagani haqida javob xati yo‘llagan.

“Ismigul Shayxuddinova” profilining egasi kimligi tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Sayyor qabuldagi janjal

Adliya vazirligining sobiq mulozimi Husan Ravshanov bilan bog‘liq ish shu yilning 2023-yilning 4-may kuni jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.

O‘shanda Bosh prokuratura sayyor qabulida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Ravshanovning oilasi bilan bahslashib, hujjatlarni yirtib tashlagani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgan.

Ortiqova Milliy gvardiya xodimlariga Ravshanov oilasini chiqarib tashlashni buyurgandi. Bu sayyor qabuldan so‘ng Husan Ravshanov ozodlikka chiqarilgan.

Ravshanov ustidan sudlovni kuzatayotgan huquq faoli Abdurahmon Tashanovning qayd etishicha, o‘sha paytda sobiq mulozim qamoqda protsessual qonunchilikka zid ravishda saqlanayotgandi va unga nisbatan ayblov xulosasini Svetlana Ortiqova tasdiqlagan edi.

Оилавий етимхонами ёки оилавий бизнес? - Ўзбекистондаги меҳрибонлик уйи тарбияланувчиларининг муаммолари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:54 0:00

Adliya vazirligi holatni "o‘rganmoqchi"

Ozodlik Husan Ravshanovning sudda yangragan ko‘rsatmalari yuzasidan Adliya vazirligiga murojaat qildi. Vazirlikning Ozodlikka yo‘llagan rasmiy izohida ko‘rsatmalarning "ayrim qismlari tergovga oidligi va Adliya vazirligi unga munosabat bera olmasligi" aytilgan.

"Iqtibosda nomlari keltirilgan adliya xodimlari bo‘yicha aniq gap aytish uchun o‘rganish talab etiladi. Rasman bizda bunday ishlar mumkin emas, odob-axloq qoidalariga zid. Holatni batafsil o‘rganib javob beramiz", deyiladi Adliya vazirligining rasmiy izohida.

O‘zbekiston Adliya vazirligi avvalroq pedofiliya bilan bog‘liq mojaro markazida bo‘lgan edi.

Dastlabki sud instansiyasining shu yil yozida voyaga yetmagan qizlarni jinsiy aloqaga majburlashda aybdor deb topilgan Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va viloyatning Yangiariq tumani FVB sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlarga chiqargan 1,5 yillik ozodlikni cheklash hukmi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan.

Buning ortidan 19-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati Xorazmda sodir etilgan pedofiliya jinoyati bo‘yicha sud muhokamalarini qayta boshlagan.

Shu yilning 3-noyabr kuni Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati O‘zbekiston Respublikasi JKning 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) bilan ayblangan Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq mulozimlarni sud zalidan qamoqqa olgan.

Adliya vazirligi sobiq mulozimning jinoyatini haspo‘shlagani haqidagi tanqidlarni rad etgan.

XS
SM
MD
LG