Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:52

Iqtisodiy va siyosiy savdo. Rossiya tashqi savdoda yana O‘zbekistonning birinchi hamkoriga aylandi


O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi sammitida. Qozon shahri, Tatariston. 19- aprel, 2021.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi sammitida. Qozon shahri, Tatariston. 19- aprel, 2021.

O‘zbekiston hukumati e’lon qilgan tashqi savdoga doir yangi ma’lumotlar 2014 - yildan buyon Rossiya ilk bor Xitoydan o‘zib ketganini ko‘rsatmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi o‘tgan hafta e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bilan o‘zaro savdo hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etgan, bu Xitoy bilan qayd etilgan 7,4 milliard dollardan bir oz ko‘proq.

O‘zbekistonning Rossiya va Xitoy bilan savdo aylanmasi mos ravishda 3,4 milliard dollar va 2,4 milliard dollar manfiy saldoga ega.

Mamlakatning umumiy tashqi savdo ulushida Qozog‘iston (3,9 milliard dollar), Turkiya (3,4 milliard dollar) va Janubiy Koreya (1,9 milliard dollar) ham o‘rin olgan.

O‘zbekiston bilan tashqi savdoga doir ma’lumotlarni sharhlagan Eurasia.net nashrining yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat iqtisodiyotini dunyoga ochish borasidagi sa’y-harakatlari o‘zini oqlagan.

"O‘zbekistonning tashqi savdosi so‘nggi yillarda kuchli o‘sishni qayd etmoqda. O‘tgan yil COVID-19 pandemiyasi global iqtisodiyotga jiddiy zarba berganiga qaramay, mamlakatning 2021 - yildagi savdo aylanmasi 42,1 milliard dollarni tashkil qildi. Bu 2020 - yilga nisbatan 5,8 milliard dollarga ko‘p deganidir", deyiladi maqolada.

Nashrning solishtirishicha, 2019 - yilda O‘zbekiston 42,2 milliard dollarlik tashqi savdoni amalga oshirgan. Bu marhum prezident Islom Karimov vafot etgan 2016 - yildagi 24,2 milliard dollarlik ko‘rsatkichga nisbatan ancha ijobiy o‘zgarishdir.

Eurasia.net ga ko‘ra, 2010 - yillarning boshidan boshlab Xitoyning O‘zbekiston bilan savdosi o‘sdi. Bunga o‘n yillikning birinchi yarmida Rossiya bilan savdo hajmi pasaygani ham sabab bo‘ldi. 2010 - yilning o‘rtalaridan boshlab esa O‘zbekiston Rossiya va Xitoy bilan tashqi savdoda deyarli bir xil ko‘rsatkichlarini qayd etib kelmoqda.

O‘zbekistonning 2020 - yil dekabr oyida Moskva boshchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishi Rossiya importini yana biroz jonlantirdi.

Rossiya kompaniyalari ham O‘zbekiston bozoridagi ishtiroki bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. 2022 - yil boshiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2300 dan ortiq Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Xitoy kapitali ishtirokidagi kompaniyalar esa 2000 tadan kamroq.

Nashrning tahlilchi Farhod Mirzaboyevdan iqtibos keltirishicha, COVID-19 pandemiyasi Xitoy bilan savdoni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Xitoy bilan logistika zanjiri murakkablashdi. Buning ortidan transport xarajatlari oshdi. Menimcha, bularning barchasi vaqtinchalik. Agar O‘zbekiston Yevroosiyo Ittifoqiga qo‘shilmasa, Xitoy tez orada yana yetakchilik mavqeyini tiklaydi», — deb aytgan o‘zbekistonlik tahlilchi.

Eurasia.net O‘zbekiston hukumatning tabiiy gaz eksportini to‘xtatish qarori kelgusi ko‘rsatkichlarga ta’sir qilishi mumkinligini taxmin qilmoqda

Avvalroq Energetika vazirligi rasmiysi "gaz eksporti to‘liq to‘xtatilgani va hozirda faqat ichki iste’molchilarga yetkazib berilayotganini aytgan.

"O‘zbekiston gazni asosan Xitoyga eksport qilib kelgan. 2021 - yilning yanvar-oktabr oylarida mamlakat Xitoyga 4 mlrd.kub metr gazni 600 million dollarga sotgan. Rossiya O‘zbekiston bilan gaz oldi-sotdisini 2020 - yildayoq to‘xtatgan", deb yozadi Eurasia.net.

"Putin Rossiyasi bilan savdo"

Ayni paytda tashqi savdoda Rossiya ulushining ortishi o‘zbekistonlik ayrim iqtisodchilar nazarida "xavotirli tendensiyadir".

Mustaqil iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovning yozishicha, "Rossiyaning Xitoyni ortda qoldirishida birinchi navbatda Rossiya kredit va qarzlari haddan ziyod o‘ringa ega. Boshqacha aytganda, Putin Rossiyasidan olgan kredit va qarzlar evaziga Putin Rossiyasining tovar va xizmatlarini sotib olyapmiz. Bu juda yomon tendensiya", deb yozdi Otabek Bakirov o‘zining Telegram -kanalida.

Rossiya yetakchiligidagi YeOIIning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 30 foizdan oshganiga e’tibor qaratgan muallifga ko‘ra, "sovetcha mustamlakachilikning va iqtisodiy gegemoniyaning yangi shakli bo‘lgan YeOII" O‘zbekistonning iqtisodiy suverenitetiga real xavf soladi.

Bakirovning fikricha, aslida Xitoy ham O‘zbekiston uchun tashqi savdoda istalgan sherik bo‘la olmaydi.

"...agressiya va siyosiy elitani korrupsiyalashtirish asosiy qadriyati bo‘lgan bu ikki davlatning O‘zbekistonga iqtisodiy ta’siri shiddat bilan yuksalmoqda", deb yozgan Bakirov O‘zbekiston "ko‘proq qo‘shnilari bilan savdo qilishi kerakligi, bu boyishning eng arzon va afzal yo‘li", ekanini ta’kidlaydi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan chegaralari ochilgan va savdo hajmi ortgan. Ammo yangi e’lon qilingan raqamlar 2021 - yilda, xususan, Afg‘oniston va Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan tashqi savdodagi ulushi qisqarganini ko‘rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG