Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:15

"Jin chiqarishmi" yo jon chiqarish? SSV aholini "soxta tabib"lardan ogohlantirdi


Jin chiqarish marosimlarida duolar bilan birga bemorga jismoniy bosimlar o‘tkaziladi, kaltaklanadi. Illyustrativ surat.
Jin chiqarish marosimlarida duolar bilan birga bemorga jismoniy bosimlar o‘tkaziladi, kaltaklanadi. Illyustrativ surat.

Farg‘onadagi jin chiqarish marosimi. “Jin chalgan” odam ko‘rpaga o‘rab qo‘yilgan. Mulla duo o‘qiyapti.

Ba’zan bunday marosimlarda bemorga jismoniy bosimlar o‘tkaziladi, kaltaklanadi.

Kaltaklar qaqshatqich bo‘lishi ham mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda bunday o‘nlab videolar bor, tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan jin haydovchi tabiblar tarmoqlar orqali o‘z targ‘ibotini faollashtirgani kuzatiladi.

Oqqo‘rg‘on tumanida ikki erkak "jin chiqarish" paytida bir ayolni o‘ldirib qo‘ydi.
Oqqo‘rg‘on tumanida ikki erkak "jin chiqarish" paytida bir ayolni o‘ldirib qo‘ydi.

Toshkent viloyatida bunday marosim ayanchli yakun topdi.

Oqqo‘rg‘on tumanida ikki erkak "jin chiqarish" paytida bir ayolni o‘ldirib qo‘ydi.

Oqqo‘rg‘ondagi sud gumondorlarni firibgarlik va ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirishda aybdor deb topdi.

Marosim ishtirokchilaridan biri ikki yarim yilga, ikkinchisi esa uch yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Bir hafta o‘tib esa jin chiqarish vaqtida ayolni o‘ldirgan erkaklarga qaror chiqargan sudya jarimaga tortildi.

Mazkur sud qarori matnida bir qator grammatik xatolar, ya’ni jumlalar bir-biriga mos kelmasligi holati kuzatilgan.

Qayd etilishicha, mazkur sud hukmi yozilishida jiddiy e’tiborsizliklarga yo‘l qo‘yilgan, xususan, sudyaning beparvoligi oqibatida hukmning loyiha varianti "E-XSUD" elektron bazasiga kiritilgan.

Shu sababli, ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyat sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Hodisa o‘tgan yil yozida sodir bo‘lgan, jin chiqaruvchilar ayolga bir soat davomida duo o‘qishgan, ammo "ish qiyin bo‘lganligi sababli" zanjir, bolg‘a kabi buyumlar bilan bemorni kaltaklashgan.

Marosimda ayolning qarindoshlari, jumladan, uning eri ham qatnashgan.

Jabrlanuvchi qiynoqlar oqibatida qovurg‘asi sinishi, a’zolarining yorilishi va ichki qon ketishi sabab hayotdan ko‘z yumgan.

Jin chiqarish payti o‘lim holatlari O‘zbekistonda bundan oldin ham kuzatilgan.

"Qur’oniy shifo" deb ham ataladigan ruhiy shifo arab va musulmon dunyosida keng tarqalgan amaliyotdir. Xususan, O‘zbekistonda ko‘pincha "jin chiqaruvchilar"ga ayollar murojaat qilishi aytiladi.

Islomdan avval ham mavjud bo‘lgan jin chalish inonchi va uni haydash amaliyoti O‘zbekistonda keng tarqalgan.

"Qaysar jinlar bo‘ladi, ular urib chiqariladi"

An’anaviy jin haydash amallarida mulla duo o‘qib “jin chalgan” odamni yelkasi yo boshiga uradi.

Qo‘qonlik G‘ayratjon qori jin haydash bo‘yicha Farg‘onada tanilgan mullalardan.

“Jin kirgan bo‘lsa chiqarish qiyin bo‘ladi. Qur’on, hadislar o‘qib uni chiqarishga harakat qilamiz. Qaysar jinlar bo‘ladi, ular urib chiqariladi. Og‘riq yetadigan darajada urilmaydi-yu, jin chalgan odamni yelkasiga qoqib chiqariladi”, deydi G‘ayratjon qori Ozodlik bilan suhbatda.

Jin chiqarish tadbiri aks etgan boshqa bir videoda bemorning yelkasiga choyshab bostirilgan, choyshab ustida mulla olov yoqmoqda.

Mullaning aytishicha, jin go‘yo olovdan qo‘rqadi, olov ta’sirida chiqib ketadi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan jin haydovchi tabiblar o‘z targ‘ibotini faollashtirgani kuzatiladi.

Facebook¸ Odnoklassniki¸ YouTube kabi tarmoqlarda yuzdan ortiq jin haydovchi mullalar sahifasi mavjudligini ko‘ramiz.

Videolarning haqiqiy yoki saxnalashtirilganligini tekshirish imkonsiz.

O‘zbekistonda jin chiqarish marosimi.
O‘zbekistonda jin chiqarish marosimi.

Xizmatlar narxi bir tashrif uchun 200 AQSH dollari atrofida.

Bu tabiblar tarmoqlardagi sahifalarida jin chiqarish barobarida saraton¸ qandli diabet¸ virusli gepatit va ayollar bepushtligi bilan bog‘liq kasalliklarni “tez va samarali davolash"ni va’da qiladilar.

Ozodlik muxbiri Facebook sahifasida “Jin chiqarish terapiyasi bilan shug‘ullanishi"ni aytgan shaxs bilan suhbatlashdi.

“Hamma kasalliklarga vujudga kirib olgan jinlar sabab bo‘ladi. Bu jinlarni duolar o‘qib quvlab chiqaramiz”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘rab tabib.

Ba’zida tabiblar yordam beramiz deb, bemorga zarar yetkazib qo‘yishadi.

Uch yil avval ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini "dunyodagi eng kuchli Rashid tabib” deya tanitib, minglab kasallarni faqat suyak uni va tovuq pati kukuni bilan davolashga urinayotgan qoraqalpog‘istonlik Rashid Kartbayev bemorlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari malomatiga qolgandi.

Bir necha yuz ming so‘m pul evaziga tabibning suyak unini sotib olgan bemorlar bundan sog‘ligiga faqat ziyon yetgani haqida Telegramdagi maxsus kanal orqali shikoyat qilib chiqishgan.

Taxiatosh tumanilik ayol esa, tabibning tovuq pati kukunidan oq qon kasaliga chalingan qizi ahvoli og‘irlashib qolgani, keyin esa nobud bo‘lganini ma’lum qilgan.

Undan oldin Andijon viloyatining Shahrixon tumanida Hasan domla degan tabib "ming dardni davolagani" haqida gaplar paydo bo‘lgan.

Tarmoqlarda tarqalgan reklama roliklariga ishonib nafaqat O‘zbekistonning o‘zi, balki qo‘shni mamlakatlardan ham bemorlar shifo ilinjida tabib uyi oldiga tizilishgan edi.

Keyinchalik uning "soxta tabib"ligi fosh bo‘lgach odamlar bormay qo‘yishgan.

Okkultizm-afsun, shuningdek diniy marosimlar orqali kasalliklarni davolash xalq tabobati hisoblanmaydi.

SSV: Tovlamachilardan ehtiyot bo‘ling!

Bu me’yor Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 29-dekabrda 3111-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risida”gi nizomda belgilab qo‘yilgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilgan.

Vazirlik shundan kelib chiqqan holda, aholini “muqaddas dinimiz nomidan foydalanib, soxta obro‘ orttirishga urinayotgan tovlamachilardan ehtiyot bo‘lishlarini va o‘z sog‘liklarini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, deya ogohlantirgan.

Tabiblarga murojaat qilgan ayollar ba’zi holatlarda jinsiy tegajog‘lik qurboni bo‘lgan holatlar haqida xabar qilingan.

Besh yil avval mullaning eski kitoblar qo‘yilgan xontaxta yonida qip-yalang‘och ahvolda yosh ayol bilan intim holatda o‘tirgani aks etgan video tarmoqlarda tarqagandi.

Videodagi domla tug‘mas ayollarga dam solish bilan butun viloyatga dong‘i ketgan "kuf-sufchi" mulla edi.

Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonda sifatli tibbiy xizmatning yetishmasligi odamlarni muqobil, ba’zida shubhali usullardan shifo izlashga undamoqda. Chorasiz bemorlar orasida firibgarlik va boshqa turdagi jinoyat qurboni bo‘layotganlar ham oz emas.

“O‘zbekistonda sifatli tibbiy xizmat yo‘qligi odamlarni har xil tabib, jin chiqaruvchi mullalarga borib darmon izlashga majbur qilyapti. Bu oldin ham bo‘lgan, lekin hozir ko‘paydi. Kelini tug‘masa ginekologga emas, tabib, mullaga olib boradi. Ruhiy hastaligi bo‘lsa jin chalibdi, deb mullaga o‘qitishga olib boradi. Bu aslida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi naqadar abgor ekanini ko‘rsatadi”, deydi farg‘onalik faol Abdusalom Ergashev.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Iroqning Kurdiston viloyatidan bo‘lgan Mullo Mahmud Hasan Ali Kalak Kurdistoniy Samarqand va Buxoro shaharlariga borishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarda o‘zining “tabib ekani”ni aytgan Kurdistoniy Qur’on oyatlarini o‘qigan holda hatto SPID, saraton kabi dardlardan xalos qila olishi, ko‘rlarning ko‘zini, karlarning qulog‘ini ochishi iddao qilinadi.

Kurdistoniy "O‘zbekistonga kelishidan avvalroq yetarlicha shov-shuv ko‘tarildi va o‘ziga xos zamin yaratildi. Natija kutilganidan ham a’lo bo‘ldi – dardiga davo topmagan yuzlab bemorlar unga yopishdi, yo‘llarini to‘sib yig‘ladi, hattoki tavof qilib yubordi".

Oldinroq Marg‘ilon shahrida noqonuniy tabiblik bilan shug‘ullangan Erali Sheraliyev “muolajasi” sababli bir bemor o‘lgani ortidan “tabib” jinoiy javobgarlikka tortilgandi.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra soxta tabiblar qo‘llagan “davolash” usuli bemorning markaziy nerv tizimi, qon aylanishi, nafas va modda almashinuvini izdan chiqargan, bosh miya shishishiga olib kelgan.

2017-yilda Buxoroda traktorchidan chiqqan “karomatgo‘y” tabib qo‘lga olinib ishi sudga oshirildi.

XS
SM
MD
LG