Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:29

Kosmonavt va olimlar "Yuriy Gagaringa maktub" yo‘llashdi


Sovet kosmonavti va fazodagi birinchi odam Yuriy Gagarin.
Sovet kosmonavti va fazodagi birinchi odam Yuriy Gagarin.

Inson kosmosga parvoz qilganiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan Google kompaniyasi “Yuriy Gagaringa maktub” yozdi. Maktub videorolik ko‘rinishida tayyorlangan bo‘lib, unda kosmosni o‘zlashtirishning 60 yillik tarixiga oid arxiv kadrlaridan foydalanilgan.

Maktubda kosmonavt va olimlar Yuriy Gagaringa minnatdorlik bildirib, unga insonning Oyga parvozi, Xalqaro fazo stansiyasiga ekspeditsiyalar, “qora tuynuk”, Perseverance marsyurarining “Qizil sayyora”ga qo‘ndirilgani haqida so‘zlab berishadi.

Maktubni yozishda rossiyalik kosmonavtlar Mixail Korniyenko, Sergey Kud-Sverchkov va Andrey Borisenko, Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi astronavti Naoko Yamadzaki, olimlar Yuriy Kovalev, Sergey Popov va Konstantin Batigin, shuningdek rejissyor Fyodor Bondarchuk, fantast yozuvchi Piter Uotts, bloger Yan Toples va boshqalar ishtirok etishgan.

Yuriy Gagarinning ilk parvozidan beri 566 kishi kosmosda bo‘lgan, ulardan uch nafari orbitalararo parvozlarni amalga oshirgan.

10 - aprel kuni Rossiya mudofaa vazirligi birinchi sovet kosmonavtlariga oid shu paytgacha maxfiy sanalgan bir qancha hujjatlar, jumladan kosmonavtlar Yuriy Gagarin, German Titov hamda Aleksey Leonovlarning ayrim shaxsiy hujjatlari, birinchi kosmik ekspeditsiya bo‘yicha parvoz topshirig‘i, kosmonavtlarning baho daftarchalari, xizmat tavsifnomalari va mukofot qaydnomalarini e’lon qildi.

9 - aprel kuni esa “Roskosmos” Gagarin nomi bilan atalgan "Soyuz MS-18" havo kemasini Xalqaro fazo stansiyasiga yo‘lladi. Mazkur tashuvchi raketa korpusiga birinchi kosmonavt portreti va uning ism-familiyasi bosh harflari tushirilgan. Kema amerikalik astronavt Mark Vande Hay va kosmonavtlar Oleg Novitskiy va Pyotr Dubrovlarni orbitaga olib chiqdi.

Bundan o‘n yil muqaddam, Yuriy Gagarin parvoziga 50 yil to‘lgani sharafiga BMT tomonidan 12 - aprel — Xalqaro insonning kosmosga parvozi kuni deb e’lon qilingan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun Yuriy Gagarin qo‘ngan joyni ziyorat qiladi va Engels shahrida kosmik sohaga doir masalalar yuzasidan selektor yig‘ilishi o‘tkazadi.

“Roskosmos” rahbariyati, avvalo bosh direktor Dmitriy Rogozin agentlik burungi mavqeini tobora boy berayotgani, korrupsiya janjallari va qator yirik loyihalar ijrosi oqsab kelayotgani tufayli Putinning tanqidiga nishon bo‘lib qolayotir.

Avvalroq hukumat 2025 - yilgacha amalga oshirish mo‘ljallangan federal kosmik dastur byudjetini 150 mlrd rublga qisqartirgan edi.

Yubiley yilida ham Rossiya kosmonavtikasi bir qancha muammolar bilan to‘qnashdi. Jumladan, Xalqaro kosmik stansiyada bir necha marta havo sizib chiqishi ro‘y berishi, birinchi xususiy kosmodrom qurilishi to‘xtab qolishi kabi voqealar bilan “Roskosmos”ning obro‘sizlanishi davom etdi.

XS
SM
MD
LG