Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:09

"Muhimi ular uchishi kerak". Harbiy ekspertlar o‘zbek dronlari va mudofaa sanoati haqida


AQShning "Reaper" og‘ir droni parvozda
AQShning "Reaper" og‘ir droni parvozda

O‘zbekiston "Markaziy Osiyoda ilk bor" zamonaviy texnologiyalar asosida uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi.

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining bu haqdagi xabari mamlakat Qurolli kuchlari kuni nishonlanganidan bir kun o‘tib, 15 - yanvar kuni e’lon qilindi.

Lochin dronlarini ishlab chiqarish va boshqa harbiy texnikani modernizatsiyalash bilan O‘zbekistonda bir necha yil oldin tuzilgan aynan shu qo‘mita shug‘ullanadi.

Ammo Qozog‘istonda ham uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarilayotgani ma’lum. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari esa o‘zlari ishlab chiqarmasdan, razvedkachi va qiruvchi bu moslamalarni Isroil, Turkiya, AQSh va Rossiyadan sotib olmoqda.

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, “xalqaro texnik talab va standartlarga to‘liq javob beradigan” Lochin dronlari qo‘mita tasarrufidagi Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qo‘mita YouTube tarmog‘iga bu mavzuga doir maxsus videorolik ham joylashtirdi.

Unda kvadrokopter va uchoq shaklidagi UUAni ko‘rish mumkin.

Qo‘mita vakillarining urg‘ulashlaricha, Lochin dronlari bir qancha maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, razvedka qilish, real vaqt rejimida kuzatish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajarish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi, neft va gaz hamda boshqa sohalarda foydalanish imkoniyatini beradi.

Ayni paytda Mudofaa sanoati qo‘mitasi mazkur dronlar qaysi hududda yig‘ilayotgani, ularni ishlab chiqishda qaysi mamlakat texnologiyasidan foydalanilgani, bitta dronni yig‘ish qanchaga tushayotgani hamda bu apparatlarni kelajakda xorijga eksport qilish istiqboli bor-yo‘qligiga oid savollarga aniqlik kiritmadi.

O‘zbekistonda dronlar qattiq nazorat ostida

Bir paytlar faqat harbiy maqsadlarda foydalanilgan pilotsiz uchish apparatlari so‘nggi 5-6 yil ichida butun dunyo, jumladan, O‘zbekistonda ham aholining maishiy hayotida keng ommalashdi.

Dronlardan jurnalistlar, geodezistlar, kinooperatorlar, politsiya xodimlari va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ham keng foydalanmoqda.

Ulardan hatto jinoyatchilarga qo‘l kelmoqda. Avvalroq “Tramadol” psixotrop dori vositasining 600 dona plastinkasi Qozog‘istondan chegarasi orqali O‘zbekistonning Toshkent tumani Oqtosh aholi punktida o‘tkazilishining oldi olingani, dron yordamida “Makarov” to‘pponchasini chegaradan o‘tkazganlar qo‘lga olingani xabar qilingandi.

2017 - yilning avgustida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sovetlardan qolgan “kukuruzchi” AN-2 uchoqlari o‘rniga uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish to‘g‘risida farmon chiqardi.

Bu paytgacha dronlarni O‘zbekistonga keltirish, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan edi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston hukumati cheklovlarni biroz yumshatdi, ularni ishlatish uchun maxsus ruxsatnoma olish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

2020 - yilda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi urushdan keyin butun dunyoda harbiylar va hukumatlarning uchuvchisiz texnologiyalarga qiziqishi keskin oshdi. Harbiy ekspertlar Ozarbayjon kuchlari Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz havo vositalarini ishlatgani tufayli qurolli ziddiyatda sezilarli yutuqlarga erishganini aytishadi.

2021 - yilning avgust oyida O‘zbekiston Qurolli kuchlari mamlakat janubida Rossiyada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlari ishtirokida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

Bu mashqlarda O‘zbekiston O‘zbekistonga eksport shartnomasi bo‘yicha yetkazilgan va optik havo razvedkasi uchun qo‘llaniladigan ruslarning ZALA 421-16E dronlaridan foydalangan.

Rossiya armiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Yug-2021” mashg‘ulotlari qo‘shni Afg‘onistonda vaziyat keskinlashgan bir paytda amalga oshirildi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik sobiq harbiylardan biri 2014 - yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Xitoyning Chengdu Pterodactyl I uzoq masofaga ucha oladigan uchuvchisiz apparatlarini sotib olganini yodga oldi.

Vazni 1100 kg bo‘lgan apparat 100 ot kuchiga ega va 200 kilogrammgacha yuk tashiy olish qudratiga ega bu dronlar tanklarga qarshi raketalar va nishonga yo‘naltirila oladigan bombalarni tashiy olishini xabar qilingan edi.

O‘zbekistonda Lochin dronlarining ishlab chiqarilayotgani to‘g‘risidagi xabarni izohlagan suhbatdosh O‘zbekiston dronlarni ishlab chiqarayotgan birinchi mamlakat emas, dedi.

- Qozog‘iston allaqachon o‘z pilotsiz uchuvchi uchoqlarining uchta modelini ishlab chiqarmoqda. Ular ko‘pmaqsadli, harbiydan tashqari boshqa sohalarda ishlatilishi mumkin. Har holda, O‘zbekistonda bu sohada siljish bo‘layotgani quvonarli, chunki O‘zbekiston harbiy intervensiyaga duch kelsa o‘zidan boshqa ishonadigan do‘sti yo‘q – u na NATO, na KXShT a’zosi. Shu bilan birga bizda xo‘jalik ishlariga mo‘ljallangan pilotsiz uchqichlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak. Bundan oldin esa bu masalada qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish lozim, - dedi u.

O‘tgan yilning dekabr oyida Qirg‘izistonning Turkiyadan “Bayraktar” droni sotib olishi Rossiyaning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Moskva Qirg‘izistonni “KXShT qoidalarini buzganlikda” aybladi.

Bunga qadar Markaziy Osiyoda “Bayraktar” faqat Turkmanistonda bor edi. Mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan paradda turkman harbiylari dronlardan ikkitasini ko‘rsatishgandi.

Anqara “Bayraktar TV2” narxini rasman ochiqlamayotgan bo‘lsada, ekspertlar har birining narxini 5 mln. AQSh dollari atrofida ekanini taxmin qilib kelishadi.

Bloomberg nashri 2019 - yilda Turkiyaning “Baykar” firmasi Ukrainaga o‘nlab dronlarni yetkazib bergani haqida yozgan. Anqara va Kiyev o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Rossiya va Turkiya munosabatlarining sovuqlashishiga olib kelgan.

O‘rta balandlik, uzoq chidamlilik: “Bayraktar”, MQ-9 Reaper va boshqalar

Moskvadagi Strategiya va texnologiyalarni tahlil qilish markazi direktori, harbiy ekspert Ruslan Puxov Ozodlik bilan suhbatda dronlar oddiy va murakkab bo‘lishi, har qaysi davlat ham qiruvchi va uzoq masofaga ucha oladigan og‘ir harbiy razvedkachi apparatni ishlab chiqara olmasligini aytadi:

- Razvedka yoki kuzatish uchun apparatlarni yig‘ishni yo‘lga qo‘yish qiyin ish emas. Istagan davlat “Ali Express” orqali arzonga Xitoydan apparat sotib olib, uni jihozlab yoki rangini o‘zgartirib, harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin. Odatda bu qiruvchi yoki hujum qiluvchi moslama bo‘lolmaydi, ular arzon turadi. Ikkinchi turdagi harbiy dronlar – uzoq bo‘lmagan masofaga uchuvchilari. Bularni oddiy zavodlarda ishlab chiqarib bo‘lmaydi. Masalan, G‘arb sanksiyalariga tushgan Peterburgdagi “STS-Sentr” korxonasida “Orlan-10” razvedkachi dronlari ishlab chiqariladi. Ularni Rossiya Suriyada faqat razvedka uchun qo‘llab keladi. Sodda qilib aytsam – bunisi uchuvchi foto va videokamera. Ular ham juda qimmat emas, chunki hujum vositasi emas.

Uchinchi turdagi pilotsiz boshqariladigan apparatlar qatoriga o‘sha mashhur Turkiyaning “Bayraktari”, AQShning MQ-9 Reaper-i, Rossiyaning “Orioni” va boshqalar kiradi. MAEL (Medium Altitude, Long Endurance - O‘rta balandlik, uzoq chidamlilik - tahr.) sinfiga mansub bu uchqichlar razvedkachi-hujumchi sanaladi. Misol uchun, “Orion” 250 kilo yuk ko‘tara oladi, 200 km soatiga uchadi. Ular bombalarni tashiydi, boshqariluvchi raketalarni yo‘naltirib turadi. Albatta, bularning eng qimmati va sifatlisi -amerikaliklarning Reaper-i sanaladi, - deydi Ruslan Puxov.

Harbiy ekspertga ko‘ra, 7 km masofadan mo‘ljalga ura oladigan “Bayraktar”ning murakkab optik sistemasi va dvigatellari Kanadadan sotib olinadi, yaqin kelajakda dvigatellar Ukrainada, optik tizim esa Turkiyaning o‘zida ishlab chiqarilishi mumkin.

Suhbatdosh sifat jihatidan bu sinfga mansub og‘ir uchqichlar sanoqli mamlakatlar - Xitoy, Eron, Buyuk Britaniya, Isroil, BAA ishlab chiqarilayotganini bildirib, O‘zbekiston modullardan iborat konstruksiyani yig‘ishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

“O‘zbekiston mudofaa sanoatini tiklashga majbur”

Ozodlik suhbatlashgan Moskvadagi Karnegi Markazi maslahatchisi, siyosiy tahlilchi Temur Umarov O‘zbekiston SSSR davrida eng yirik harbiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi respublikalardan biri bo‘lganini yodga oldi.

- O‘zbekiston qurolli kuchlari salohiyatidan tashqari, Markaziy Osiyoda yaxshi qurollangan va jihozlangan davlatlardan biri sanaladi. Bu jihozlarning bir qismi Sovet davridan qolgan, albatta. Toshkentda hatto harbiy uchoqlar chiqarilgan. Oxirgi yillarda hukumat nafaqat Afg‘onistondagi vaziyat bosimi ostida, balki Karimov davridan olib borilayotgan mustaqil siyosat tufayli o‘z kuchiga ishonishga majbur, - deydi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan chegaradoshlik, bugunmi, ertami O‘zbekistonni o‘z harbiy sanoatini yaratishga majbur qiladi.

-Dunyoda oxirgi yillarda sodir bo‘layotgan urushlardan xulosa qilayotgan davlatlar bu urushlarni kamroq odamlarsiz, ko‘proq texnika va robotlarni qo‘llab va harbiy harakatlarni uzoqdan boshqarishga o‘tmoqda. Jangovar harakatlarni avtomatlashtirish hozir butun dunyoda trendda. O‘zbekiston dronlarni o‘zi ishlab chiqaradimi, olib kelib teradimi – bu muhim emas. Muhimi ular uchishi kerak, qo‘yilgan vazifalarni bajarishi lozim, - deydi siyosiy tahlilchi Temur Umarov.

Tarmoqlarda sovet davrida ishlab chiqarilgan o‘zbek harbiy texnikasining zamonaviylashtirilgan variantlari ko‘rinish berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda harbiylar uchun tungi ko‘rish moslamasi ishlab chiqilgan edi.

Mudofaa sanoati mutaxassislari mahalliy “Qalqon” engil zirhli avtomobillar uchun ruslarning “Utyos” pulemyoti asosida jangovar modul ham yaratganini xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG