Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2025, Тошкент вақти: 01:36

O‘zbekistonda klasterlar paxta narxini tushirishni talab qilmoqda


Klasterlar 2023-yil uchun paxta hosili uchun xarid fnarxlarini tushirishni so‘ramoqda. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmatining O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida e’lon qilingan materialida aytilgan.

Uyushma qaydicha, uyushma mamlakatda faoliyat olib borayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlarining talab va takliflarini o‘rganish ortidan shunday xulosaga kelgan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan mavsumdagi paxta hosili bo‘yicha jahon bozori bilan ichki bozordagi tola narxi o‘rtasida yirik tafovut yuzaga kelgan. Oqibatda klasterlar qariyb 6 trillion so‘m (500 million dollarga yaqin) zarar ko‘rgan”, deyilgan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi xulosasida.

Uyushmaga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda yetishtiriladigan o‘rta turdagi paxta xomashyosining eng kam xarid narxini bir kilogramm uchun 10 ming 25 so‘mdan belgilagan. Holbuki, bu miqdor jahon bozoridagi narxdan ikki baravar yuqoridir.

Paxta narxi hanuz belgilangani yo‘q

2023-yilning paxta mavsumi boshlanganiga bir haftadan oshganiga qaramay, Vazirlar Mahkamasi haligacha paxta xomashyosi narxini belgilagani yo‘q. Bu esa paxtachilik klasterlari rejalarini tuzish, istiqboldagi choralarni belgilashda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra, hukumat xarid narxlarini belgilashda murakkab vaziyatda qolgan. Chunki jahon bozorida paxta xomashyosi narxi keskin tushgan.

Ayni paytda mamlakatdagi qurg‘oqchilik, yerlarning melioartiv holati yomonlashishi va cho‘llashishning kuchayishi ortidan rentabellik pasayib bormoqda.

Shuningdek, sentabrning ilk haftasi o‘rtasiga kelib ham paxtani qo‘lda terish bo‘yicha narxlar belgilanmagan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ayni kunlarda paxta terimiga narx belgilash bo‘yicha ishlar vazirliklar bilan kelishuv jarayonida ekanligini ma’lum qilgan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lda terilgan paxtaning kilogrammi uchun 2100 so‘m, ikkinchi terimda esa 2600 so‘m narxlar belgilangani xususida xabarlar paydo bo‘lgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu ma’lumotlarni feyk, deb atagan.

2022-yili qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1500 so‘mdan, ikkinchi terimda 1800 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘langan. Bir tonna mahsulot xomashyosining o‘rta navi qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 10 million 25 ming so‘mni tashkil etgan.

Asriy qullikdan qutulish orzusi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevaning mustaqillik bayrami arafasidagi chiqishlarida prezident Shavkat Mirziyoyevning orzusi o‘zbek xalqi paxta qulligidan qutulishi bo‘lgani va u bu ishni sharaf bilan uddalagani aytilgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, mamlakatda rentabelligi past mintaqalarda paxta xomashyosi yetishtirishni kamaytirish bo‘yicha bir necha yillik strategik harakatlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bir necha yilda paxta ekiladigan maydonlar qariyb 215 ming gektar qisqartirilgan. Agrar sohani diversifikatsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlari rentabelligini oshirish va cho‘llanishning oldini olish maqsadida iqlimi meva-sabzavotchilik uchun juda mos bo‘lgan hududlarda paxta o‘rnini meva-sabzavot ekinlari egallagan.

Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, bo‘lsa-bo‘lmasa paxta ekaverish, uni arzon narxda xom ashyo sifatida sotish — iqtisodiyotni tushunmaslikdir. Bundan keyin paxta faqat rentabelligi yuqori mintaqalarda yetishtiriladi va uning eksporti yaqin besh yilda borib, mutlaqo to‘xtatiladi. Paxta tolasini qayta ishlovchi korxona va zavodlar quriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yili mamlakatda 1 million 71 ming gektar yerga paxta ekilgan. Hozirgi kunga kelib bu miqdor qariyb 20 foizga qisqargan.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ma’lumotlarida O‘zbekistonda yiliga 1 million tonnaga yaqin tola olinishi aytiladi. Biroq hozirgi kunda mavjud quvvatlar esa 706,2 ming tonna tolani qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu respublikada yetishtirilgan paxta tolasining 72,4 foizini tashkil etadi.

Agrar sohada korrupsiya: “pripiska”dan tomchilatib sug‘orishgacha

Mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar huquqni muhofaza qilish organlariga iqtibosan har yili paxtachilikda qo‘shib yozish bilan bog‘liq holatlarini keng yoritib keladi.

Jumladan, Ozodlikning paxtachilikda qo‘shib yozish jinoyatlari borasida e’lon qilgan surishtiruvlari ortidan Surxondaryo viloyatidagi tuman hokimliklariga nisbatan 4ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Biroq mazkur jinoyat ishlarining oqibatlari xususida ma’lumot yo‘q.

Shuningdek, paxtachilikda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishdagi soxtakorliklar ham ommaviy axborot vositalarida o‘nlab tanqidiy maqolalar nishoniga aylangan.

Natijada Vazirlar Mahkamasining agrar soha bo‘yicha ma’sullari, Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari javobgarlikka tortilgan.

Ochiq ma’lumotlar bazasidagi raqamlardan kelib chiqilsa, O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzlarining 2,4 milliard AQSH dollari aynan agrar soha zimmasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i 2023-yil 1-yanvar holatiga 29,2 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,4 foizni tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG