Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:50

"O‘zining uyida svet o‘chmaydi". Tarmoqlar Norboyevani 5 yil oldingi zulmatga "qaytardi"


O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva.
O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva.

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyevaning "svet o‘chishi tarixda qolgani" to‘g‘risidagi so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklarning tanqid va g‘azabnok chiqishlariga sabab bo‘ldi.

Tarmoq foydalanuvchilari Senat raisining 6 - noyabr kuni Telegram-kanallarda tarqalgan bayonotiga javob sifatida o‘zlarining elektr energiyasisiz, zulmatda o‘tirgan surat va videolarini tarmoqlarga joyladilar.

Poytaxt toshkent doxil yirik shaharlar va qishloq joylarida elektr tarmog‘idagi uzilishlardan aziyat chekayotgan oddiy fuqarolar Senat raisini xalqning turmushidan bexabarlik va "yolg‘onchilik"da ayblashdi.

"5 yil oldingi tarix"

6 - noyabr kuni internetda tarqalgan qisqa videoda O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva mamlakatda elektr ta’minoti masalasiga to‘xtalib, elektrdagi uzilishlar "tarixda qolgani"ni aytadi.

- Umuman olganda, svet o‘chishi, zulmatda o‘tirib, televizor ko‘ra olmaslik – bu 5 yil oldingi tarix edi. Hozir bunday tarix, Xudoga shukur, bartaraf qilindi, - deydi videoda senator Norboyeva.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, parlament yuqori palatasi rahbarining so‘zlari joriy yilning 18 - oktabr kuni Toshkent shahrida o‘tgan “Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ochiq muloqot chog‘ida yangragan.

Bayonot videosi tarqalishi ortidan tarmoqlarda Tanzila Norboyevaga "javob" chellenji boshlanib ketdi.

Namanganlik YouTube foydalanuvchilaridan biri mahalliy elektr tarmog‘i xodimini so‘roqqa tutib, viloyat navbatchi dispetcheri tomonidan elektr tokini o‘chirish to‘g‘risida buyruq olinganini gapiradi va “Senat raisi butun xalqni aldabdi-da!”, deya xulosa qiladi.

Feysbuk foydalanuvchisi Nigora Alimova parlament rahbariga odamlar orasida ko‘proq yurishni tavsiya qildi.

“Hurmatli Tanzila Narboyeva bu safar biroz adashdingiz.

Chekka qishloq, ayrim rahbarlar oyog‘i yetmagan joylarga keling, bir-ikki kun o‘sha joylarga oddiy kiyimda o‘zgalar bilmas qilib boring. O‘shanda bilasiz svet o‘ch yoq, o‘ch yoq, o‘ch yoq.

Sizga qaysi yolg‘onchi rahbar svet bo‘yicha axborot berdi o‘zi.”

Feysbuk foydalanuvchisi Shamsijahon Shomurodov fikr bildiradi:

“Opamizni Toshkentga ko‘chib kelganlariga 5 yil bo‘lgan shekilli. Qishloqda svet, gazdan bezib ketgandan Toshkentdamiz-ku o‘zi siz kabi. 30 yil avvalroq kelganingizda 30 yil avvalgi tarix bo‘lardi Siz uchun.”

Muxbir Daliyev Telegram-kanalida Tanzila Norboyevani “kun qahramoni”ga chiqardi:

“Svet o‘chishi 5 yil avvalgi tarixda qolib ketgan, degan opani savolga tutib ko‘pam qiynayvermanglar.

Opaning uyida, yap-yangi ishxonasida, yurgan yo‘llarida svet rostanam o‘chayotgani yo‘q”, deb yozdi iqtisodchi bloger Otabek Bakirov.

Tvitterdagi "Rais buva” esa , Senat rahbarining so‘zlaridan "mamlakatning yarmidan ko‘pi haliyam 5 yil avvalgi tarixda yashayapti", degan xulosa kelib chiqishini aytadi:

Senat matbuot xizmati: Gap kontekstdan yulib olingan

Oliy Majlis Senati matbuot kotibi Mo‘min Ibodov Kun.uz nashriga Senat rahbarining so‘zlari jamoatchilik tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgani, “Norboyeva bu tadbirda boshqacharoq, to‘liqroq gapirgani” vatarqalgan lavha kontekstdan yulib olingani” ni bildirdi.

QALAMPIR.UZ nashri ham o‘z sahifasida Norboyeva xonimning nima masalada bunday javob qaytargani va muloqotning to‘liq shaklini keltirdi.

Biroq aynan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva 2020 - yilning 20 - noyabr kuni o‘tkazilgan Senatning 9-yalpi majlisida elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar masalasini tezkorlik bilan o‘rganish va hal qilishga va’da bergan edi.

U gaz-elektr ta’minoti masalalari to‘g‘risida tegishli tarmoq rahbarlari (vazirlar, hokimlar) bir oyda bir marta ommaviy axborot vositalari orqali xalq oldiga chiqib, matbuot anjumani va brifinglarni o‘tkazib turishi majburiy bo‘lishi kerakligini uqtirgandi.

- Aholining Senatimizning yalpi majlisini kuzatib turib, bizga yuborayotgan savollari, fikr-mulohazalarini tahlil qilib o‘tiribman. Hammasi onlayn tarzda bo‘lgani uchun minglab foydalanuvchilar “Gaz va elektr muammosini qachon hal qilasizlar?” savoli bilan bizga murojaat qilishyapti. Hammasi shu savollarni beryapti! – deb aytgan Tanzila Norboyeva.

O‘tgan oy ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev 2016 - yil dekabridagi prezident saylovlari arafasida aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining elektr va gaz muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

Mintaqalarda svet-gazning yo‘qligini shu kunlarda onasining janozasida qatnashish uchun Marg‘ilonga safar qilgoan taniqli xonanda Yulduz Usmonova ham tasdiqladi. Feysbukka joylangan videosida Usmonova Marg‘ilon shahrida “na svet, na gaz borligi”ni aytib, oilasi bilan “dildirab sovqotib chiqqani”dan yozg‘irdi.

O‘tgan 2020 - yilning noyabr o‘rtalarida O‘zbekistonda havo keskin sovib, qor yog‘ishi bilan mamlakat bo‘ylab energetik bo‘hron yuzaga kelgandi.

Rasmiylar energiya inqirozini ob-havo sovib, elektr iste’moli keskin ortgani bilan izohlamoqda, ammo yillardan buyon ayni muammo takrorlanayotganiga jo‘yali izoh yo‘q.

Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun gaz va boshqa energiya manbalariga boy mamlakatda nima uchun har yili aholi sovuqdan aziyat chekish va qorong‘uda o‘tirishga mahkumligi tushunarsiz.

Energetika vazirligi tizimdagi muammolarga havo haroratining pasayib ketishi va gaz hamda elektrdan noqonuniy foydalanishlar sabab ekanini aytib keladi.

Prezident Mirziyoyev o‘tgan yillarda energetika infratuzilmasiga yetarli sarmoya kiritilmaganini bir necha bor tanqid qilgan. Ammo inqirozning davom etayotgani sohaga kiritilayotgan millionlab dollar sarmoyalarning qayerga va qanday sarflanayotgani borasida savollarni paydo qilgan.

O‘tgan yil noyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida havo haroratining keskin pasayib ketishi joylarda aholining ommaviy norozilik chiqishlari sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG