Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 10:26

“Odamlar og‘iz ochishga ham qo‘rqib qolgan” – Xitoy internet ustidan senzurani kuchaytirmoqda


Pekindagi global mobil internetga bag‘ishlangan anjuman - 26 - aprel, 2018

Xalqaro aloqalar bo‘yicha professor Ma Xiaolin Xitoyning eng yirik mikrobloging platformalardan biri Weibo tarmog‘ida 2 millionlik auditoriyaga joriy siyosat haqida fikr-mulohazalarini bayon etib borar edi. Lekin yaqinda mazkur platforma ma’muriyati unga qo‘ng‘iroq qilib, siyosat, iqtisodiyot hamda harbiy mavzularda boshqa yozmaslikni uqtirgan.

“Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis va sharhlovchi bo‘laturib endi faqat maishiy mavzularda yozishga majbur bo‘ladiganga o‘xshayman”, – deb yozdi Ma 31 - yanvar kuni o‘z blogida.

Assoshieyted Press (AP) agentligining yozishicha, Xitoyda internet sohasida taranglashayotgan siyosat va qudratli senzorlar o‘tkazayotgan tozalash kampaniyasi sabab Yaqin Sharq mavzusiga ixtisoslashgan Ma, boshqa nufuzli blogerlar kabi, o‘z qarashlarini auditoriyasiga yetkazishda tobora jiddiyroq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ammo u bu borada ochiq suhbatlashishni istamadi.

Xitoy kibermakon ma’muriyatining talabi bilan keyingi haftadan bloger va inflyuenserlar bir qator mavzularda yozishdan oldin hukumatdan tegishli tartibda ruxsat olishi kerak bo‘ladi. Ayni paytda ruxsat faqat davlat tasarrufidagi OAV va rasmiy targ‘ibotchilargagina beriladi degan hadiklar ham yangramoqda. Aslida siyosiy va harbiy mavzularda yozish uchun ruxsat olish tartibi 2017 - yildan beri mavjud, lekin u shu kungacha to‘liq tatbiq etilmagan edi. Endilikda sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ta’lim va huquqiy mavzularni yoritish uchun ham rasmiy ijozat talab etiladi. “Mutasaddilar axborot-ma’lumot jabhasini butunlay nazorat qilmoqchi”, – deydi Tayvandagi Sun Yatsen milliy universiteti tadqiqotchisi Titus Chen.

Bu talab bahs-munozara makonini sezilarli darajada cheklagan Xitoy rahbari Si Szinpin siyosatiga muvofiq yana bir qadam bo‘ldi. Si “raqamli suverenitet” g‘oyasini o‘z boshqaruvining asosiy tamoyillaridan biriga aylantirgan. Ushbu g‘oyaga muvofiq ijtimoiy tarmoqlarda erkinlik tobora bo‘g‘ilmoqda.

Yangi talablar Ma kabi Xitoy kommunistik partiyasiga ochiqdan-ochiq qarshi chiqa olmaydigan faollarning yangi kontent yaratishiga g‘ov bo‘lishi mumkin. Weibo ilovasi rahbari Vang Gaofey professor Maning postiga yozgan javobida qayd etishicha, rasmiy OAVda chop etilgan xabarlarga izoh berish mumkin bo‘ladi, lekin sharhlovchilarning o‘zlari mustaqil “xabar chiqara olmaydilar”.

Bu choralar “ijtimoiy fikrni to‘g‘ri o‘zanga solishda bloger va ijtimoiy tarmoqlarning mas’uliyatini oshirish va standartlashtirish” maqsadida tatbiq qilinmoqda, deb bayonot bergan Kibermakon ma’muriyati.

Yanvar oxirlarida yangi qoidalar haqida xabar tarqalganda, ma’muriyat “onlayn matbuotda tartib-qoidani kuchaytirish” mavzusida anjuman o‘tkazgan va unda ma’muriyat rahbari Juang Rongven agentlikning “nimalarga qodir ekani”ni ko‘rsatib qo‘yish davri kelganini pisanda qilgan edi.

4 - fevral kuni agentlik bir oy mobaynida onlayn qidiruv tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar va brauzerlarni nishonga olgan tozalash kampaniyasi o‘tkazilishini e’lon qildi. Shirkatlarning siyosatini hukumat talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan bunday tadbirlar avval ham o‘tkazib turilar, lekin izchil amalga oshirilmas edi. Masalan, 2017 - yilda Weibo geylar haqidagi kontentni pornografiyaga taqiq bilan chalkashtirib yuborgani sabab shikoyatlar yo‘llangach, kompaniya bu boradagi siyosatni qayta ko‘rish chiqishga majbur bo‘lgan edi.

Bu galgi qadamlar esa mavjud qoidalar tatbig‘iga qat’iy kirishilganiga ishora etmoqda. “Keng ko‘lamli kampaniya boshlangan, ulkan jarayon ketyapti. Bu hali o‘tkir mavzularda yozmaydigan foydalanuvchilarga munosabat!” – deydi Kaliforniyadagi Berkli universitetining onlayn senzura bo‘yicha tadqiqotchisi Siao Kian.

Boshqa bir mikrobloging platformasi – Sohu ma’muriyatining ma’lum qilishicha, tegishli ruxsatga ega bo‘lmagan foydalanuvchilarga dolzarb xabarlarni yozish yoki bo‘lishish taqiqlanadi. “Siyosat, iqtisod, mudofaa va diplomatiya mavzulari” tabu sirasiga kiritilgan. Shuningdek, “partiya va mamlakat tarixini kontekstdan uzib talqin etish, shoshilinch xabarlar berish va ularni sharhlash” ham man etilgan. Baidu platformasi ham ana shunday mazmunda bayonot bergan.

Tegishli ruxsatsiz sharh yozgan blogerlarga qanday chora ko‘rilishi hozircha noma’lum. O‘tgan hafta WeChat tarmog‘ida kundalik xabarlarni tarqatadigan foydalanuvchilardan biri “internet axborot agentligining xizmatlarini bajarayotgani” vajidan tarmoqdan o‘chirilgan edi. “Avgust qariya Yu” deb nomlangan ushbu blogni CCTV davlat telekanalining sobiq jurnalisti Yu Shengon yuritib kelgan. Yu bu borada izoh berishdan bosh tortdi. Baidu, Sohu, Weibo va Tencent vakillari ham so‘rovlarni javobsiz qoldirdi. Xitoy kibermakon ma’muriyati ham faks orqali yo‘llangan savolga javob qaytarmadi.

Tartib-qoidalarning keskinlashuviga koronavirus pandemiyasi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsa ajab emas. Xitoyda ilk kasallanishlar haqidagi xabarlarni asosan bloger va internet nashrlar tarqatgan edi. “Pandemiya davrida o‘zini OAV chog‘laganlar asossiz mish-mish tarqatib, boshqalarning huquq va erkinliklariga tajovuz qilgan holda jamiyat barqarorligi va osoyishtaligiga raxna soldi”, – deya iddao qiladi Kibermakon ma’muriyati yangi qoidalar yuzasidan bergan bayonotida.

“Yangi qoidalar senzorlarning hadiklarini aks ettiradi, lekin ular aynan nimadan hadiksirayotgani hamon qorong‘i bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili nazorat shu qadar kuchaytirildiki, odamlar og‘iz ochishga ham qo‘rqib qolgan”, – deya Berkli universiteti tadqiqotchisi Siao Kiandan iqtibos keltirgan Assoshieyted Press.

XS
SM
MD
LG