Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:59

Oq Uy Bayden va Putin videosammitda nimalar haqida so‘zlashishini ma’lum qildi


AQSh Prezidenti Jo Bayden va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Jeneva sammitida. 16 - iyun, 2021
AQSh Prezidenti Jo Bayden va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Jeneva sammitida. 16 - iyun, 2021

Oq Uyning matbuot kotibi Jen Psaki AQSh prezidenti Jo Bayden ertaga, 7 - dekabr kuni himoyalangan videoaloqa kanali orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan so‘zlashishi haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Muloqot Ukraina tevaragida vaziyat keskinlashgani manzarasida kechadi.

Oq Uy xabarnomasida aytilishicha, ikki rahbar Amerika-Rossiya munosabatlariga doir turli mavzularni, jumladan strategik barqarorlik, kiberxavfsizlik hamda mintaqaviy masalalarni muhokama qilishadi.

“Prezident Bayden AQSh Rossiya harbiylarining Ukraina bilan chegaradagi xatti-harakatlaridan tashvishmandligini urg‘ulayajak va Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning suvereniteti va hududiy butligini dastaklashini tasdiq etajak”, deyiladi xabarnomada.

Prezidentlar videoaloqa orqali suhbatlashib olishi xususida kelishuvga erishilgani avvalroq Kreml tomonidan ma’lum qilingandi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga Bayden va Putinning virtual sammiti chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyat, Eron bilan yadro bitimi va Amerika-Rossiya munosabatlari ham muhokama qilinishini aytdi.

Kreml voizi Dmitriy Peskov esa muloqotda, shuningdek, ikki tomonlama aloqalar hamda iyun oyida bo‘lib o‘tgan Jeneva sammitida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilinishini bildirdi.

Baydenning o‘zi 3 - dekabrdagi bayonotida uni Putin bilan “uzoq suhbat” kutayotganini aytgan va Qo‘shma Shtatlar Ukraina masalasida Rossiyaning hech bir “qizil chizig‘i”ni tan olmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Bayden u va maslahatchilari Kremlning agressiv intilishlarini tiyishga qaratilgan tashabbuslar turkumini tayyorlashayotganini ma’lum qildi. Bundan oldinroq Putin Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi yoki ushbu mamlakatda NATO harbiy infratuzilmasining joylashtirilishi Rossiya uchun “qizil chiziq” ekanligini aytgan edi.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, Ukraina bilan chegara yaqinida turgan Rossiya qo‘shinlari soni 94 ming askarni tashkil qiladi. AQSh razvedkasi so‘nggi paytlarda Rossiya qo‘shin guruhlari taxminan 70 ming harbiy xizmatchidan iboratligini, ammo bu raqam 175 minggacha ortishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

AQSh va Germaniyaning qator OAVlari razvedkadagi o‘z manbalariga tayanib, yanvar-fevral oylarida Rossiya iqtidordagi hukumatni ag‘darish yoki hududlarni ishg‘ol etish maqsadida Ukraina hududiga keng miqyosda bostirib kirishi mumkinligi haqida yozdi. Ayni mazmundagi razvedka ma’lumotlarini bir necha kun avval Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov ham e’lon qildi.

Biroq Moskva bunaqa rejalari borligini inkor etib, qo‘shinlarini o‘z hududida o‘zi xohlagandek joylashtirishga haqliligini iddao qilmoqda. “Amerika ovozi” yozishicha, Bayden ma’muriyati vakillari Putinning niyatini hali bilmasliklarini aytishyapti.

O‘tgan hafta Stokholmda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokara o‘tkazarkan, “Ukrainaga qarshi dushmanona xatti-harakatlarini davom ettirgudek bo‘lsa”, Rossiyani “jiddiy talafot va oqibatlar” kutajagini aytgan.

Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Stokholmda o‘tgan YeXHT sammiti doirasidagi rasmiy tushlik chog‘ida Lavrov va Blinken tortishib qolgan: Rossiya vaziri Ukrainada 2014 - yilda yuz bergan voqealarni “davlat to‘ntarishi” deb atagan va NATO bilan EIni “o‘zgacha fikrni bostirish” hamda Rossiyaga tahdid solishda ayblagan.

Blinken esa bunga javoban, 2014 - yilda Ukraina prezidenti Yanukovich, uning itoatidagi kuchishlatar tuzilmalar Kiyev Maydanida 100 ga yaqin kishini o‘ldirganidan so‘ng Rossiyaga qochganini aytgan, shuningdek NATO – mudofaa ittifoqi ekanligini urg‘ulagan.

XS
SM
MD
LG