Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

OzodDayjest: Aksilkorrupsiya agentligi Ramatovlar oilasining korrupsiyaga aloqadorligini o‘rganmoqda


Byudjet talon-toroji ortayotganidan xavotir bildirildi. Ramatovaga tegishli bo‘lgan ofshor shirkat aksilkorrupsiya agentligida savollar uyg‘otdi. Tugayotgan haftada mahalliy matbuotda chop etilgan ayrim maqolalar mazmuni bilan OzodDayjest ruknida tanishing.

Byudjet talon-toroji ortmoqda: g‘aznachilik oppoqmi?

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash ketayotgan bo‘lsa-da, taassufki, korrupsion holatlar kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda (“Ishonch” gazetasi, 5- aprel).

2020-yilda 2,5 mingdan ziyod davlat muassasasida 301 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani, davlat xaridlarini narxni sun’iy oshirish orqali amalga oshirish holatlari aniqlangan. 2021-yilda esa Hisob palatasi 338 milliard so‘mli kamomad, o‘zlashtirish hamda samarasiz xarajatlarni fosh qilgan.

“Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, korrupsion holatlar yil sayin ortib bormoqda. Vaholanki, bizda bunday holatlarni bartaraf etish uchun tashkil etilgan tashkilotlar ham bor! Masalan, g‘aznachilik tuzilmasini oling”, deb yozadi gazeta.

Qayd etilishicha, g‘aznachilik byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.

“Byudjet mablag‘lari hisobiga bunyod etiladigan har bir qurilishning, shu jumladan, boshqa har qanday xarajatlarning amalga oshirilishida g‘aznachilikning “ruxsati”ni olish o‘ziga yarasha “azob” ekanini ko‘p eshitganmiz. Ammo... Yuqoridagi korrupsion raqamlarda g‘aznachilikdagi mutasaddilarning zarracha aybi yo‘q degan gapga ishonish qiyin. Umuman, ayni faoliyatning samaradorligi qanchalik tahlil qilinmoqda? Mazkur holatlarga javobgarlik borasida ham ularning “betaraf” qolishi nechog‘li to‘g‘ri?” deya savol qo‘yadi “Ishonch” gazetasi.

Viktor Alimasov: Qo‘rqoqlikdan hamon qutulolmayapmiz, qutulolmasak ham kerak

Aql, tafakkur uyg‘oq turishi uchun jamiyatga tanqidiy fikrlar suv bilan havodek zarur, deydi falsafa fanlari doktori Viktor Alimasov fikr va so‘z erkinligi xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan (www.kun.uz, 7-aprel).

“Esingizda bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kelgach yozgan birinchi kitobi ham tanqidiy tahlil haqida edi. Bu prezidentning o‘tgan va yangi davrga bo‘lgan munosabati aslida. Tushungan odamga bu o‘ziga xos signal ham edi. Natijada oxirgi yillarda o‘zbek jamiyatida asta-sekin tanqidiy fikrlash qobiliyati shakllana boshladi. Bu borada biz ko‘plab chiqishlarni, hurfikrlik va plyuralizmga harakatlarni ham ko‘rdik”, deydi olim.

Suhbatdosh keyingi yillarda so‘z erkinligi borasidagi ortga qaytishlarga ham munosabat bildirgan.

“O‘ylashimcha, ortga qaytishlar prezident bilan bog‘liq emas. Negaki, aslida qo‘rqoqlikning o‘zi xalqimizga xos xislat. Biz qanchalik halim, mehribon va ehtiyotkor bo‘lsak, bu qo‘rqoqlik simvolidek ko‘rinadi. Biz ana shu halimlik, qo‘rqoqlikdan qutulolmayapmiz va fikrimcha, qutulolmasak ham kerak. Chunki bu xalqning qonida bor”, deydi V.Alimasov.

Olim erkin yashashni istamagan kishi aslo erkin bo‘lolmasligini urg‘ulaydi.

“Inson avvalo erkinlikni istashi kerak. Buning uchun maydonlarda hatto qon to‘kilgan. Ha, G‘arbda odamlar erkinlik uchun qon to‘kkan. Bizda bunday bo‘lmadi. Shuning uchun ham biz uni qadrlamasak kerak”, deydi u.

Faylasuf bugun taraqqiyot uchun g‘oyadan ko‘ra amaliy ish muhimligini ham qayd etgan.

“O‘ylashimcha, gap g‘oyalarni o‘ylab topishda emas. Gap odamlar farovon yashashini ta’minlay oladigan strategiyada. Agar odamlarga va ayniqsa o‘zbeklarga farovon yashash omillarini ko‘rsatsangiz hamda shunga imkoniyat bersangiz, u sizga hech qanday g‘oyasiz ham ergashadi, birlashadi va jonini jabborga berib ishlaydi”, deb xulosa qiladi u.

Ramatovaga tegishli bo‘lgan ofshor shirkat aksilkorrupsiya agentligida savollar uyg‘otdi

O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi Ra’no Ramatovaga tegishli bo‘lgan ofshor hududlardagi kompaniyalar va Shveysariya banklarida ochilgan hisob raqamlarni o‘rgana boshladi (“Rost24”, 5-aprel).

Joriy yil fevral oyida Credit Suisse bankida Ramatova xonim nomidagi hisobda 1 million dollardan ortiq mablag‘ bo‘lgani haqida ma’lumot tarqalgandi. R.Ramatova “Daryo” nashri bilan suhbatda bu ma’lumotni rad etib, hech bir xorijiy bankda o‘zi yoki uning oila a’zolariga tegishli hisobraqam mavjud emasligi, ilgari ham bo‘lmaganini ma’lum qilgandi.

Joriy yil 31-mart kuni esa “Rost24” nashri “Ramatova xonim ortidagi milliardlarga yetaklovchi biznes imperiya oshkor bo‘ldi” sarlavhali maqola e’lon qildi. Unda Korrupsiya va uyushgan jinoyatlarni tadqiq qilish markaziga tayangan holda, “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan pul o‘zlashtirish uchun R.Ramatova nomiga maxsus ofshor kompaniya ochilgani bayon qilinadi.

“Korrupsiya va uyushgan jinoyatlarni tadqiq qilish markazining keyingi ochiqlagan ma’lumotlari Ramatova xonimning familiyasi O‘zbekistondagi yashirin yirik moliyaviy o‘yinlarga aralashganini tasdiqlamoqda. Bu safar tadqiqot markazi taqdim etgan hujjat va tafsilotlarni shunchaki “feyk” deya inkor qilish imkonsizdek”, deb yozadi “Rost24”.

Endilikda Ochilboy Ramatov 10 yildan ortiq rahbarlik qilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning ofshor hududlardagi moliyaviy o‘yinlariga aloqadorligi o‘rganilishi kutilmoqda.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burhonov O‘zbekiston amaldorlarining xorijda hisobraqam yuritishi qonunan taqiqlanishi haqida aytgan edi.

XS
SM
MD
LG