Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 01:18

OzodDayjest: Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov shirkatiga nisbatan tergov harakatlari qayta boshlandi


Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov.

Yasharayotgan koronavirus: 20-45 yoshdagi fuqarolar orasida xastalikka chalinish ikki karra ortdi. Cinfxonalarga ovozli kameralar o‘rnatish tashabbusi e’tiroz uyg‘otdi.
Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta’sis etgan “Megatek-Avto” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan rasmiy munosabat berildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.


Siyosatshunos: Sinfxonalarning ovozli kameralar vositasida nazorat qilinishi erkinlikka zid

O‘zbekiston bo‘ylab barcha maktablarda o‘quvchilarning muassasada bo‘lish vaqti Face ID tizimi orqali nazorat qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan qo‘shma hay’at majlisida ma’lum qildi (www.gazeta.uz, 6- may).

Bundan tashqari, sinfxonalarga ovozli kameralar o‘rnatish va ularni ichki ishlar organlari tomonidan nazorat qilinishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikriga ko‘ra, o‘quvchilar kameralar ostida fikrlashga majburlansa, bu mamlakatni to‘laqonli totalitar davlatga aylanishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

“O‘zbekistonda totalitar nazorat tafakkuri juda ham kuchli zehniyat sifatida saqlanib qolyapti. Ya’ni, erkin va mas’uliyatli odamni shakllantirish, hur va erkin ruhiyatni parvarishlash emas, odamlarga ishonmaslik va ular ustidan davlat nazoratini muttasil ushlab turish siyosiy tizimi yana kuchayib bormoqda. Totalitarizm, diktatura, nazorat tizimi har doim jamiyatdagi illatlar va adolatsizliklar nomi bilan parvarish qilinadi. Har doim shunday bo‘lgan. Lekin faqat zaif jamiyatlar va avtoritar boshqaruvga moyil kuchlargina jamiyat erkidan voz kechib, nazorat tizimini kengayishiga, odamlarni muttasil nazorat tizimiga bo‘ysundirishga intilgan”, deya ta’kidlaydi K.Rabbimov.

Qayd etilishicha, erkin davlatlarning birontasida sinfxonalar u yoqda tursin, maktab hovlisi yoki atrofi ham kameralar bilan kuzatilmaydi. Bolalar imkon qadar erkin bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilib beriladi.

“Kuch ishlatar tizimlarga tashabbus va imkoniyat berilsa, ular bajonidil butun jamiyatni nazorat qilishdan xursand bo‘ladi. Lekin erkin bo‘lmagan O‘zbekiston rivojlana olmaydi. Aksincha, kuch ishlatar tizimlarini o‘zlari jamiyat nazoratida bo‘lishi kerak”, deb hisoblaydi siyosatshunos K.Rabbimov.

Yasharayotgan koronavirus: 20-45 yoshdagi fuqarolar orasida xastalikka chalinish ikki karra ortdi

O‘zbekistonda 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar orasida koronavirusga chalinish holati deyarli ikki barobarga ortdi. Bu haqda Zangiota tumanidagi 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Afsuski, martda boshlangan kasallikka chalinish holatlari aprel oyida o‘sishda davom etdi. O‘ziga xos jihatlaridan kasallik yasharganini qayd etilish mumkin. Ya’ni koronavirusga chalinganlar, jumladan, uning og‘ir shakli bilan og‘riganlarning yosh toifasi – 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lganlar qariyb ikki barobarga ortdi. Bunda odamlar epidemiologik rejimga rioya qilmay qo‘ygani katta rol o‘ynadi”, dedi D. Mirazimov.

Shifokorga ko‘ra, yana ommaviy tantanalarni o‘tkazish boshlandi, bozorlar va jamoat joylarida esa odamlar deyarli niqob taqmay qo‘ydi. Bularning bari holatga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Mutaxassis endilikda eng katta umid emlash ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq “Rost24” nashri Zangiota maxsus shifoxonasining bolalar bo‘limi direktor o‘rinbosari Hilola Alimovaga tayanib COVID kasalligiga chalingan bolalar soni keskin ko‘payayotgani, ular orasida o‘lim holati ham qayd etilgani haqida xabar bergan edi.

Bundan tashqari, bolalarda pnevmoniya holati kuzatilmoqda. 2020 - yilning dekabr oyida bu yerda 50 o‘rinli bolalar bo‘limi tashkil etilgan edi. Hozirda u 100 o‘ringa kengaytirilgan.

Birinchi o‘zbek kosmonavti ta’sischiligidagi MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta’sis etgan “Megatek-Avto” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan rasmiy munosabat berildi (www.xabar.uz, 2 - may).

2020 - yil 3 - dekabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani ichki ishlar idorasi tergov bo‘linmasi tomonidan “Megatek-Avto” MChJ ulushdorlari bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va holat bo‘yicha tergov olib borish uchun Toshkent shahri IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, joriy yil 20 - aprel kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, 29 - aprel kuni bekor qilingan.

Dastlabki tergov jarayonida mol-mulkka qo‘yilgan taqiq yechilgani holati yuzasidan Tergov departamenti tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Haqiqatni aniqlash va holatga qonuniy baho berish maqsadida jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olinib, “Megatek-Avto” MChJ hamda jinoyat ishiga aloqador “Grand Ravon Oil” va “Vodiy Grand Optima” firmalarining barcha mol-mulkiga taqiq qo‘yildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Megatek-Avto” ta’sischisi Solijon Sharipov ilk o‘zbek fazogiri sifatida ikki bor (1998, 2004) parvoz qilib, jami 201 kun koinotda bo‘lgan. Rossiya va Qirg‘iziston qahramoni unvonlari, O‘zbekistonning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG