Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 04:01

OzodDayjest: Namanganning chavandoz hokimi, terma jamoadan chiqarilgan grossmeyster, poyezd urgan ikki ayol


Namangan viloyat hokimi uloqda birinchi o‘rinni oldi. "Kun uz" fotosi.

Uloq musobaqasida birinchi sovrinni viloyat hokimi ilib ketdi. Mashhur opa-singil shaxmatchilar O‘zbekiston terma jamoasidan chiqarib yuborildi. Joriy hafta O‘zbekiston matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Mingga yaqin chavandoz qatnashgan uloq musobaqasida birinchi sovrinni hokim qo‘lga kiritdi

Namangan shahri Davlatobod tumanida joylashgan “Otchopar” maydonida g‘alla va paxta rejasini birinchilardan bo‘lib bajargan to‘raqo‘rg‘onlik zahmatkashlar sharafiga uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi (www.kun.uz, 27 - dekabr).

Sovuq havo va yog‘ingarchilik bo‘lishiga qaramay, ko‘pkarida viloyatning barcha tumanlaridan, qo‘shni viloyatlar va Qirg‘izistondan jami mingga yaqin chavandoz qatnashdi.

Uloqqa viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ham qo‘shildi va solimlardan birinchi tuyani qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi tuya to‘raqo‘rg‘onlik Oxun polvonga nasib etdi. Bundan tashqari, sovringa tikilgan toy, buzoq, qo‘y-echki, televizor kabi qimmatbaho sovg‘alarni uloqni belgilangan joygacha dadil ortmoqlab borgan g‘oliblar qo‘lga kiritdi.

“Ko‘pkarida uloqni xuddi doshqozon singari qaynab turgan maydondan olib chiqish haqiqiy g‘oliblikdir. Lekin bundayin taloto‘pdan uloqni ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun chavandozga yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak. Oting uchqur bo‘lsa-yu, senda chapdastlik yetishmasa, g‘olib chiqishni orzu qilmasang ham bo‘laveradi” , - deb yozadi Kun.uz nashri.

Mingdan ziyod chavandoz qantashgan musobaqada birinchi sovrinni qo‘lga kiritgan hokim Sh.Abdurazzoqov chavandozlik malakasi va mahoratini qachon, qayerda orttirganiga oydinlik kiritilmagan.

O‘zbekistondagi ilk xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova terma jamoadan chiqarib yuborildi

O‘zbekiston tarixida ayollar o‘rtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Mo‘minova va uning singillari – grossmeyster Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar mamlakat terma jamoasidan chetlatilgani ma’lum bo‘ldi (www.xabar.uz, 24 - dekabr).

Nafisa Mo‘minova hozirda Yevropadagi shaxmat klublaridan birida faoliyatini davom ettirmoqda. Oilaning kenjasi Gulruhbegim Tohirjonova esa Missuri universiteti jamoasi safida dona suradi va bundan keyin xalqaro musobaqalarda AQSh sharafini himoya qiladi.

“Amerika davlati qizimning olti oylik o‘qishi uchun 150 ming dollar mablag‘ ajratgan. Malakali murabbiylar bilan ta’minlangan. Uning musobaqalarga borish xarajatlari ham to‘liq shu davlat tomonidan qoplanadi” ,- degan shaxmatchi qizlarning otasi Alisher Mo‘minov.

Ma’lum bo‘lishicha, opa-singillarni terma jamoadan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi chiqarib tashlagan.

Farg‘onalik Alisher Mo‘minovning uch qizi – Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonova, Gulruxbegim Tohirjonovalar professional shaxmatchi sifatida katta yutuqlarga erishib kelmoqda.

Davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis hamda bloger Aziza Umarova grossmeyster opa-singillarning g‘alabalari soyada qolishi ketishida federatsiyaning qo‘li borligini taxmin qilgan.

“Bizda shunday talantlar qadrlanmayotganidan juda afsuslanaman. Lekin shu ajoyib opa-singillarning qachondir Qo‘qonda, oddiy o‘zbek oilasida dunyoga kelganidan juda faxrlanaman. Ular qayerda bo‘lmasin, o‘zbek qizlari bo‘lib qoladilar. Qolgani – sport mutasaddilarining aybi”,- deb yozadi A.Umarova.

Bir hafta ichida quloqchin taqib ketayotgan ikki ayolni poyezd urib ketdi

Toshkent viloyati hududidagi temir yo‘llarda ikki nafar fuqaroni yuk poyezdi urib ketdi (www.daryo.uz, 30 - dekabr).

IIVga ko‘ra, halokat fuqarolarning ehtiyotsizligi oqibatida – quloqchin taqib harakatlangani tufayli sodir bo‘lgan.

22 - dekabr kuni soat 13:00 atrofida Toshkent mintaqasida yuk poyezdi 1988 - yilda tug‘ilgan fuqaroni urib yuborgan. Qulog‘iga naushnik taqib, temir yo‘l izida yurib ketayotgan fuqaro jarohat oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Shuningdek, 28 - dekabr kuni soat 16:25 da Toshkent–Sariog‘och yo‘nalishidagi yuk poyezdi 18-20 yoshlar atrofidagi ayolni urib yuborgan. O‘rganish ishlari davomida ushbu fuqaro ham quloqchin taqqan holda temiryo‘l izlarida harakatlangani aniqlangan. Ayol jiddiy jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 6 - sentabr kuni Samarqandda yuk poyezdi quloqchin taqqan yigitni urib ketmaslik uchun favqulodda to‘xtashni amalga oshirgan edi.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG