Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:20

Pandora Papers: Oybek Umarovning Irlandiyadagi shirkati va g‘oyib bo‘lgan “britaniyalik investorlar”


"Pandora hujjatlari"da nomi chiqqan "britan kompaniyalari"ning O‘zbekistondagi sherigi Shavkat Mirziyoyevga yaqin sirdaryolik senator Ulug‘bek Sotiboldiyevdir (o‘rtada).
"Pandora hujjatlari"da nomi chiqqan "britan kompaniyalari"ning O‘zbekistondagi sherigi Shavkat Mirziyoyevga yaqin sirdaryolik senator Ulug‘bek Sotiboldiyevdir (o‘rtada).
  • "Pandora hujjatlari" (Pandora Papers) nomi berilgan global surishtiruv O‘zbekistonga “britaniyalik investor” maqomida kirib borgan kompaniya mulkdorlari 2017 - yildan boshlab Irlandiyaga ko‘cha boshlaganini o‘rtaga chiqardi.
  • Bu shirkatlarning ko‘chishiga Britaniyada 2017 - yilda qobiq (shell) kompaniyalarning asl egalarini ochiqlashni talab qiluvchi qonunning kuchga kirgani sabab bo‘lgan.
  • Irlandiyada kompaniya ochib¸ uni boshqalar boshqaruviga topshirganlar orasida prezident Shavkat Mirziyoyevning qaynjiyani Oybek Umarov ham bor.
  • "Pandora hujjatlari"da nomi tilga olingan TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP kompaniyalarining qog‘ozdagi egasi Mirziyoyevga yaqin senator Ulug‘bek Sotiboldiyevdir.

2018 - yil oktabrida Ozodlik “Mirziyoyev O‘zbekistonga kiraëtgan “Britaniya kompaniyalari” asl egalari kimligini biladimi?» deb nomlangan jurnalistik surishtiruv e’lon qilgan edi.

Bu surishtiruvda jumladan¸ Shotlandiyada ro‘yxatga olingan TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP kompaniyalari nomi tilga olingan edi. 2017 - yili bu ikki "britaniyalik investor"ga 2017 - yili 165 million dollarlik investitsion loyiha iddaosi bilan shaxsan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi 18 ming gektar paxta yerini tortiq qilgan¸ mislsiz imtiyozlar bergan edi.

Na ungacha¸ na undan so‘ng buncha katta sarmoya egalarini O‘zbekistonda ko‘rgan ham¸ eshitgan ham topilmadi.

Ayni shu kompaniyalar nomi hozirda global media nazarida qolayotgan “Pandora hujjatlari” munosabati bilan Irlandiyada tilga tushdi.

4 - oktabr kuni The Irish Times gazetasi “Pandora hujjatlari: Qanday qilib Irlandiya O‘zbekistondagi katta sarmoya manbasi bo‘la oladi?” degan savolni kun tartibiga qo‘ydi.

Nashrga ko‘ra¸ Britaniyada qobiq (shell) kompaniyalar asl egalarini ochiqlashni talab qiluvchi qonun kuchga kirgan 2017 - yildan beri O‘zbekistonga “britaniyalik investor” maqomida kirib borgan kompaniya mulkdorlari Irlandiyaga ko‘cha boshlagan. Ular orasida Britaniya idoralariga o‘z asl egalari kimligini ochiqlashni istamayotgan TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP ham bor.

Ayni paytda qobiq ortiga berkinishga imkon beruvchi Irlandiyada kompaniya ochib¸ uni boshqalar boshqaruviga topshirganlar orasida prezident Shavkat Mirziyoyevning qaynjiyani Oybek Umarov ham chiqib qoldi.

Ozodlik o‘tgan oy e’lon qilgan jurnalistik surishtiruv prezident kenja kuyovi Otabek Umarovning ukasi Oybek Umarovning keyingi to‘rt yilda bevosita Mirziyoyev qo‘llovi va davlat mablag‘lari evaziga O‘zbekistondagi eng badavlat tadbirkorlardan biriga aylanganini ko‘rsatgan edi.

Mirziyoyevning ishongan “xorijiy investorlari”

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgandan so‘ng mamlakatdagi yuzlab million¸ hatto milliardlab dollarlik ulkan loyihalarni bungacha nomini birov eshitmagan¸ na sayti va na tarixi bor “xorij investorlari”ga tortiq qilish keng urfga kirdi.

Bunday “xorij investorlari”ning qayerdan paydo bo‘lgani¸ prezident yoki Bosh vazir qarori bilan ko‘p million dollarlik loyihaning ularga qanday asoslarda taqdim etilayotgani haqida jamoatchilikka ma’lumot berilmaydi.

Tender yoki tanlovsiz davlatning ulkan hududi¸ strategik obyektlari va boyligi tutqazilayotgan bunday “xorij kompaniyalari”ning mulkdorlari kimligi esa¸ mutlaq maxfiyligicha qolmoqda.

Mirziyoyev davrining “yirik xorijiy investorlari” ofshorda registratsiya qilingani bois ular asl egalarini topishning deyarli imkoni yo‘q.

“Pandora hujjatlari” kabi sizdirilgan rasmiy hujjatlar papkasi bundan mustasno. Aynan shu kabi hujjatlar O‘zbekiston singari boshqaruvdagi korrupsiya darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan davlatlardagi maxfiylik pardasining bir chetini ko‘tarishga imkon beradi.

Buni “Pandora hujjatlari”da nomi keltirilgan ikki kompaniya misolida ko‘rish mumkin.

Qog‘ozda bor¸ amalda yo‘q investorlar

Shotlandiyada ro‘yxatga olingan TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP nomi ilk bor O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 - yil 15 - sentabrda imzolagan qarorida tilga olindi.

Bu qaror “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Qaror bilan «Mirza obod universal trade cluster» xususiy korxonasining TRONTEX LP (Buyuk Britaniya) va GRATUM TRADING LP (Buyuk Britaniya) xorijiy kompaniyalari ishtirokida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Bek cluster qo‘shma korxonasi tashkil etishiga ruxsat berildi.

Bu ruxsat barobarida Mirziyoyev hukumati “britaniyalik investor”lar hammuassis bo‘lgan Bek cluster MChJ QKga Sirdaryoning sug‘oriladigan erlaridan 18 ming gektar hududni tortiq qildi; klaster va uning tarkibiga kiruvchi barcha tashkilotlarni boj va soliq to‘lovlaridan ozod etdi¸ “istisno tariqasida” o‘zbek fermerining tushiga ham kirmaydigan haq - Bek cluster MChJning o‘zi yetishtirgan mahsulotga o‘zi narx belgilashiga izn berdi. Shuningdek, “Asaka” va boshqa tijorat banklariga bu klasterga imtiyozli kredit ajratishni buyurdi.

Prezident qarorida 2017-2021 - yillarda Bek cluster va uning tarkibidagi tashkilotlarning 165 million dollarlik investitsion loyihani amalga oshirishi iddao qilindi.

Bunday favqulodda imtiyozlar berilgan “britaniyalik investor”ning qaerdan paydo bo‘lgani¸ qanday tanlangani¸ qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ paxtachilikda qanday tajribaga egaligi¸ 165 million dollarlik loyihaga o‘z hisobidan qancha sarmoya ëtqizgani¸ O‘zbekiston tijorat banklarining bu “investorlar” tuzgan Bek cluster qo‘shma korxonasiga qaysi shartlar bilan qancha kredit bergani haqida na rasmiy hujjatda¸ na mahalliy matbuotda lom-mim deyildi.

Mazkur savollar o‘rniga mahalliy matbuot buni O‘zbekistonga “xorij investorlari”ning ishonchi ortaëtgani¸ “britaniyaliklarning O‘zbekistonda zamonaviy agroklaster qurishi” misoli sifatida taqdim qildi.

O‘tgan to‘rt yil ichida prezident qarori ham¸ “britaniyalik investorlar” nomi ham unutildi.

Mislsiz imtiyozlar¸ yuzlab sirdaryolik fermerdan tortib olingan 18 ming gektar yer va o‘zbek banklari pullari bilan siylangan “britaniyalik ta’sischilar”ning o‘z zimmasiga olgan investitsion majburiyatini bajargan-bajarmagani haqida jamoatchilikka bir enlik ham hisob berilmadi.

Oradan to‘rt yil o‘tib¸ O‘zbekiston agrosanoatiga eng katta sarmoya yotqizgani iddao qilingan “britaniyalik” bu investorlar nomi “Pandora hujjatlari”dan chiqib keldi.

Qobiq ichidagi qobiq...

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra¸ TRONTEX LP (Limited Partnership- cheklangan sherikchilik) 2015 - yilning 16 - sentabri¸ GRATUM TRADING LP esa 2016 - yilning 20 - sentabrida Shotlandiyada ro‘yxatga olingan. Uning asl egalari boshqa bir offshor hudud – Belizda ro‘yxatga olingan kompaniya ichiga yashiringan.

Ikkala LP ham bitta – 196 Rose Street, Edinburgh, Office 7 manzilida registratsiya qilingan¸ rasmiylashtirish ham bitta agentlik - Global Advisors tomonidan amalga oshirilgan.

2017 - yil Britaniya hukumati xorij¸ xususan¸ postsovet davlatlaridagi korruptsion sxemalarning mamlakatda ro‘yxatga olingan shirkatlar orqali faoliyat yurgizishini cheklovchi qonun qabul qildi. Unga ko‘ra¸ Britaniyada registratsiya qilingan shirkatlar o‘z yakuniy benefitsiari (haqiqiy egasi – tahr.) yoki PSC – person of significant control – shirkat aksiyalarining 25 foizidan ko‘piga egalik qiluvchilar shaxsini ochiqlashi shart. Qonunga amal qilmagan shirkatlarga kuniga 500 funt sterling jarima belgilandi.

Bu qonundan bir yil o‘tib¸ TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP hujjatlarida aksiyalarning egasi sifatida Irlandiyada ro‘yxatga olingan boshqa ikki shirkat nomi paydo bo‘ladi.

2018 - yil 6 - noyabr kuni ikkala shirkat ham go‘yo qonunga amal qilib¸ aksiyalar ustidan muhim nazoratga ega shaxslar nomini ochiqlaydi. Ammo haqiqiy mulkdorlar ism-familiyasi o‘rniga Irlandiyada ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar nomini keltiradi: TRONTEX LP Intrus Alliance LP ni¸ GRATUM TRADING LP esa¸ Galor Trade LPni o‘z asosiy mulkdori sifatida ko‘rsatadi.

O‘z mulkdorlarini bir kunda “ochiqlagan” Intrus Alliance LP va Galor Trade LP ning kkalasi ham Irlandiyadagi bitta adres - Office 115, Commerce House, 14 Washington Street West, Cork manzilida ro‘yxatga olingan.

The Irish Times nashrining yozishicha¸ mazkur manzil egasi uning Intrus Alliance LP va Galor Trade LP tomonida ishlatib kelinayotganidan mutlaq bexabar bo‘lgan.

Registratsiya hujjatlarida Irlandiyada ro‘yxatga olingan bu kompaniyalar egasi sifatida bolgariyalik 41 yashar Daniel Milchev Petkov va estoniyalik 41 yashar Zerar Goren ko‘rsatilgan.

Ayni paytda bu shirkatlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan Global Advisors agentligi The Irish Times gazetasiga Petkov va Gorenning “shunchaki nominal” mulkdorlar ekanini e’tirof etgan.

Bu ikkala shaxs nomi registratsiya hujjatlariga¸ Global Advisors matbuot xizmatiga ko‘ra¸ “kompaniyalar asl egalari so‘roviga muvofiq” kiritilgan. Agentlik Irlandiya nashrining asl egalar kimligini ochiqlash so‘rovini mutlaq rad etgan.

Bundan esa¸ TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP mulkdorlarini Shotlandiyadan Irlandiyaga ko‘chirishdan yagona maqsad – ular asl egalarini ochiqlash talabiga chap berish ekani anglashiladi.

Britaniyadagi shamolning O‘zbekistondagi epkini?

Bek cluster MChJ QK nomi 2018 - yil bahori va 2019 - yil yozida Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryoga qilgan safaridan beri biror joyda ko‘zga ko‘rinmaydi.

Ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan narsa faqat bu emas. O‘zbekistonga 165 million dollar investitsiya kiritishi aytilgan “britaniyalik investorlar” asl mulkdorni ochiqlash talabi ijrosidan qochib¸ Shotlandiyadan Irlandiyaga ko‘chish barobarida ular nomi O‘zbekistonda ta’sis etilgan Bek cluster MChJ QK hujjatlaridan ham butkul g‘oyib bo‘ldi.

4 - oktabr kuni rasmiy manbadan olingan registratsiya hujjatida prezident qarori bilan bu “qo‘shma korxona”ning xorijiy hammuassisi deb tanlangan TRONTEX LP va GRATUM TRADING LP dan asar ham yo‘q.

2021 - yil oktabriga kelib¸ senator Ulug‘bek Norxo‘jayevich Sotiboldiyev va Nasipa Irismatovna Sotiboldiyeva sirdaryolik yuzlab fermerdan tortib olingan 18 ming gektar yer berilgan Bek cluster MChJning yagona rasmiy egasiga aylangan.

45 yashar Sotiboldiyev 2017 - yili “britaniyalik investorlar” bilan qo‘shma korxona tuzishiga Mirziyoyevning shaxsan o‘zi ruxsat bergan Mirza obod universal trade cluster xususiy korxonasining yagona egasi. Bu MChJ aksiyalarining 84.80 foiziga Sotiboldiyev¸ qolgan 15.20 foiziga Bek corp MChJ egalik qiladi. Bek Corp MChJning yagona egasi ham yana Ulug‘bek Sotiboldiyevning o‘zidir.

Sotiboldiyev 2018 - yil sentabrida Shavkat Mirziyoyev mansub O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Senati a’zoligiga tayinlangan¸ Mirziyoyev shaxsan taniydigan¸ uning ishonchiga kirgan va boshqalarga o‘rnak qilib kelayotgan tadbirkor. “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan¸ Senatning byudjet va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi.

Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra¸ sirdaryolik senator hozirga qadar O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan qirqqa yaqin kompaniya ta’sischisidir. Bu kompaniyalardagi “biznes sherigi” Nasipa Sotiboldiyeva. Familiyadoshligiga qaraganda, bu ayol bevosita oila a’zosi.

Ayni paytda Mirziyoyev ruxsati bilan “britaniyalik investor”lar hammuassiligida ta’sis etilgan Bek Cluster MChJ QK keyingi to‘rt yil ichida O‘zbekistonda 20 dan oshiq boshqa MChJlar ta’sischisiga aylangan.

4 - oktabr kuni Ozodlik prezident qarorida Bek Cluster qo‘shma korxonasining hammuassisi deyilgan “britaniyalik inevstorlar”ning qachon¸ nima sababga ko‘ra O‘zbekistondagi eng yirik bu klasterdan chiqqanini aniqlashga urindi.

Klaster hujjatlarida berilgan mobil telefonga javob bergan shaxs¸ o‘zini Bek Cluster hisobchisi, deb tanishtirdi. Suhbatdosh senator Ulug‘bek Sotiboldiyev bilan bevosita bog‘lanish va “britaniyalik investor”larning g‘oyib bo‘lishiga oydinlik kiritish so‘rovini rad etdi.

Sirdarëlik senatordan 165 million dollarlik investitsion loyihadagi «britaniyalik sheriklari» kimligi¸ ularning qayerdan kelib¸ qayerga g‘oyib bo‘lganiga oid savollarga javob olish imkoni yo‘q bir paytda¸ “Pandora hujjatlari”dan o‘zbekistonlik yana bir Mirziyoyev davrining katta tadbirkori nomi chiqib keldi.

Bu - Ozodlik o‘tgan oy e’lon qilgan surishtiruv markaziga qo‘yilgan prezident Mirziyoyevning qaynjiyani¸ qo‘qonlik Oybek Umarovdir.

Qo‘qonlik Umarovning Irlandiyadagi biznesi?

Ozodlik ixtiyoridagi “Pandora hujjatlari”dan ko‘rilishicha¸ 35 yashar Oybek Umarov 2017 - yil 27 - noyabrida Irlandiyaning Office 29, Clifton House, Lower Fitzwilliam Street manzilida ro‘yxatga olingan Hydra Partners LP egasidir.

Buyuk Britaniya va Irlandiyada egasi maxfiy minglab kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi Las International kompaniyasi ham ayni shu manzilda joylashgan.

Irlandiya nashri bog‘langan Las International matbuot kotibi o‘z kompaniyasi cheklangan sherikchilik asosidagi shirkatlar tuzish va ularga registratsiya adresi taqdim qilish bilangina shug‘ullanishi¸ bunday shirkatlar faoliyatiga umuman aloqasi yo‘qligini aytish bilan cheklangan.

“Pandora hujjatlari” Shavkat Mirziyoyev qaynjiyani Oybek Umarovning 2017 - yil noyabrida nega aynan Irlandiyada shirkat tuzib¸ bu shirkatdan qaysi maqsadda foydalanganiga oydinlik kiritmaydi.

Xalqaro mutaxassislar ta’kidicha¸ Buyuk Britaniya¸ shuningdek Irlandiya hududida registratsiya qilingan har qanday shirkat¸ uning egasini nafaqat bu davlatlar¸ balki aksar dunyoda legal biznes tizimiga aylantiradi.

Bunday shirkatlar qonuniy yuridik shaxs sifatida bank hisoblari ochishi va boshqa boyliklarga egalik qilishi¸xususiy mulk sotib olishi¸ istalgan biznes kelishuvlari tuzishi¸ banklardan qarz olishi mumkin. Ofshor shirkatlar bilan sherikchilik qilish esa¸ bunday shirkat asl egalarining mutlaq sir qolishiga asos yaratadi.

"Pandora hujjatlari" korrupsiyaga botgan davlatlar¸ xususan¸ Yaqin Sharq¸ Afrika va postsovet davlatlari birinchi oilalarining qobiq shirkatlar vositasida G‘arb¸ xususan¸ Londondan qimmatbaho villalar sotib olganini o‘rtaga chiqardi.

TAHRIRIYATDAN: Joriy oy ikkinchi muddat prezidentlikka saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev mamlakatda tub ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, O‘zbekiston yillik yalpi ichki mahsuloti hajmining yarmiga teng soya iqtisodiyotini ochiqqa chiqarish, mamlakatni " o‘g‘ri va kalamushlar"dan tozalash iddaosi bilan hokimiyatga kelgan edi. Ammo Ozodlik va boshqa mustaqil jurnalistik guruhlar e’lon qilgan surishtiruvlar keyingi to‘rt yilda Mirziyoyevga sadoqatli amaldorlar¸ ular oila-a’zolariga aloqador mahalliy va xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston iqtisodining eng serdaromad soha va loyihalarini yashirin va yarim yashirin qaror hamda farmoyishlar bilan o‘z nazoratiga olayotganini ko‘rsatmoqda. Ozodlikning so‘nggi surishtiruvi Shavkat Mirziyoyev oilasining bunday jarayonga bevosita aloqadorligini hujjatlar asosida fosh qildi.

Manfaatlar to‘qnashuvi¸ hokimiyat vakolatini suiste’mol qilish va korrupsiyaga yo‘g‘rilgan bu jarayonga oid ma’lumot¸ tafsilot¸ eng muhimi¸ hujjatlarga ega bo‘lsangiz¸ ularni Ozodlikka yuborishingizni so‘raymiz. Ozodlik o‘z manbalarining shaxsi sir qolishini kafolatlaydi. Ma’lumotlarni Telegramdagi +420724971539 raqami yoki @ozodnews manziliga yuborishingiz mumkin.

Maqola britaniyalik professor Kristian Lasslet bilan hamkorlikda hozirlandi.

XS
SM
MD
LG