Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:14

Prezident saylovi: YeXHT hisoboti, "beshta qovun" yoxud siyosiy raqobat haqida


Saylovda qatnashayotgan "muqobil nomzodlar"ning birontasi amaldagi hukumat yoki prezidentni tanqid qilmagan.
Saylovda qatnashayotgan "muqobil nomzodlar"ning birontasi amaldagi hukumat yoki prezidentni tanqid qilmagan.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va rasmiylar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o‘tgan hafta chiqargan oraliq hisobotidagi tanqidiy xulosalar borasida sukut saqlamoqda.

O‘zbekistonda 24 - oktabrda o‘tadigan prezident saylovlarini kuzatish uchun to‘laqonli missiya yuborgan tashkilot saylovoldi targ‘ibotlarida raqobat yo‘qligi, hukumat saylovchilarning huquqlarini cheklashda davom etayotgani va mustaqil nomzodlar ishtirokiga yo‘l ochish borasidagi tavsiyalar bajarilmaganini qayd etgan.

Ayni paytda YeXHT kuzatuvchilarining xulosalarini olqishlayotgan muxolifat va fuqaro jamiyati faollari tashkilotning O‘zbekistonga to‘laqonli missiya yuborish qarori qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini savol ostiga olmoqda.

Ularga ko‘ra, evropalik kuzatuvchilarning ishtiroki Karimov davridagidan farq qilmaydigan muxolifatsiz va siyosiy raqobatsiz saylovlarga "ortiqcha legitimlik" beradi.

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatini tanqid qilayotgan faollardan biri, mustaqil siyosatshunos va iqtisodchi Mahmud Davronov fikricha, O‘zLiDEP nomzodi bo‘lgan joriy prezidentdan tashqari saylovga qo‘yilgan 4 nomzod orasidagi munosabatni YeXHT monitoringchilari atagani kabi "raqobat muhiti" deb atash mumkin emas. Zotan raqobat bir-biriga muxolif nomzodlar o‘rtasidagina bo‘lishi mumkin.

U o‘tgan 5 yil davomida Mirziyoyev hukumati va’da qilgan islohotlar mamlakat aholisi kundalik hayotida o‘zgarish yasay olmadi, degan fikrda.

59 yashar Mahmud Davronov Mirziyoyevning islohot va’dalariga ishonib siyosatga kirgan faollardan.
59 yashar Mahmud Davronov Mirziyoyevning islohot va’dalariga ishonib siyosatga kirgan faollardan.

Hukumatni keskin tanqid qilgan Davronovga ko‘ra, matbuot va tarmoqlarda so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan erkin fikr ham, hukumat iddao qilgan so‘z erkinligi sohasidagi islohotlar natijasi emas. Boisi, bu fikrlarning hech biri rasmiy axborot vositalariga ko‘chgani yo‘q.

Mahmud Davronov, so‘nggi yillarda shakllangan muxolif guruhlar safidagi ziyolilardan biri.

Aytishicha, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganida, boshqa ko‘plab faollari singari u ham O‘zbekistonning yangi rahbariyati va’dalariga ishongan, ammo tez orada bu ishonchi so‘ngan.

- Muxolif kuchlar qatnashmasa, hech qanaqa raqobat bo‘lolmaydi. Beshta qovunni bizlarga bozorga qo‘yib qo‘ygan bo‘lsa, to‘rttasi chirigan. Bittasi shirinmi, shirinmasmi, pishganmi, pishmaganmi, to so‘yib yemagunimizcha bilmasak, noiloj, o‘sha bitta qovunni sotib olaveramiz. O‘zbekiston xalqi 35 millionga yetdi. Shu aholining 27 millioni yoki 28 millioni, balki bundan ham ko‘proq qismiga tanlash va saylash huquqi berilmadi. 1990 - yillar boshidagi birinchi konstitutsiyamizda xalq ham o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega edi. Aktiv guruhlar o‘z nomzodini saylovga ilgari surishi mumkin edi. O‘shanda "Birlik", "Erk" partiyalari bor edi va o‘shanda siyosiy raqobat bor edi. Keyinchalik Islom Karimov bu moddalarni qonunchilikdan chiqarib tashladi. Shundan beri nomzodlar faqat o‘zlarining partiyasidan ko‘rsatiladi. Muxolif partiyalar esa ro‘yxatga olinmaydi, - deb hisoblaydi Davronov.

U "Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik" demokratik partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulovning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Ayni paytda "Ozod Vatan" partiyasini tuzishga urinayotgan faollar safida ekanini bildirdi.

- Qonunimiz shundayki, siyosiy partiya saylovga 4 oy qolguncha ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ikkinchi narsa, partiya a’zolariga saylovda qatnashish imkoni berilgan. Biz o‘sha muddatga ulgurolmadik. Lekin men ham, Xidirnazar aka ham, partiya ro‘yxatga olinsa, saylovni kuzatamiz, hisob komissiyalariga kiramiz, deb o‘ylagan edik. Hukumat shundan qo‘rqib, partiyamizga ro‘yxatdan o‘tishga imkoniyat bermadi. Qancha a’zolarimiz bosimga uchradi. Bu saylovdan bitta natija kutaman. Bu natija oldindan ma’lum - Shavkat Mirziyoyev saylanadi. Xalqning hayotida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. 5 yil oldin qanday edi - hozir qanday? Shuni solishtirib tushunish mumkin. Ya’ni yashash yanada qiyinroq bo‘lib qoldi, afsuski. Siyosat o‘zgarmaguncha iqtisod ham o‘zgarmaydi, - deydi Mahmud Davronov.

Quyida siyosatshunos bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Сиёсатшунос: Ҳукуматимиз - учюзламачи. Гапи бошқа, фикри бошқа, амали эса умуман бошқа!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:26 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston markaziy saylov komissiyasi 24 - oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda 5 nafar nomzodni ro‘yxatga olgan:

  • Liberal-demokratik partiyadan Shavkat Mirziyoyev;
  • “Adolat” partiyasidan Bahrom Abduhalimov;
  • Ekologik partiyadan Narzulla Oblomurodov;
  • “Milliy tiklanish” partiyasidan Alisher Qodirov;
  • Xalq-demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova

Mazkur partiyalarning hammasi hukumatparast partiyalar sifatida ko‘riladi. Muxolifatdagi partiyalarga esa bu safar ham saylovda qatnashish uchun imkon berilmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik sanasining 30 yilligida qilgan chiqishida, "bo‘lg‘usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishi va yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etishiga ishonishi"ni aytgan.

XS
SM
MD
LG