Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:30

Pul va hokimiyat: Toshkentning oligarx hokimi Prezident Administratsiyasi rahbari bilan quda bo‘lmoqda


Toshkent shahar hokimi¸ monopolist maqomidagi eng yirik biznes korporatsiyalari egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov bilan quda bo‘lmoqda.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalari o‘tgan oy rasmiy unashtirish marosimi o‘tkazilgani va to‘yning yaqin oylarda bo‘lishi kutilayotganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan Toshkent hukumati mulozimlari va tadbirkorlar Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatning eng yirik monopolistiga aylangan Ortiqxo‘jayev bilan O‘zbekistondagi kadrlar siyosatini belgilovchi “seriy kardinal” Nizomiddinov o‘rtasidagi qudachilik rishtalarini “o‘zbek leviafani"¸ yoki "ajdahoning tug‘ilishi” deya baholadi.

Unashtiruv

Jahongir Ortiqxo‘jayev va Zaynilobiddin Nizomiddinovning keyingi yillar ichida qalinlashgan siyosiy-iqtisodiy hamkorligi qarindoshlik rishtasi bilan mustahkamlayotgani haqida Ozodlikka bir-biridan mustaqil bir necha manba xabar qildi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev va O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov quda bo‘lishmoqda. Ortiqxo‘jayevning kenja qizi Kamila va Administratsiya rahbarining Shahobiddin ismli o‘g‘lining unashtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi”¸ deb yozdi Prezident Administratsiyasiga aloqador mulozimlardan biri.

Bo‘lajak kelin-kuyovni taniydiganlarga ko‘ra¸ ularning ikkalasi ham Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabasi.

Kamila Ortiqxo‘jayeva va Shahobiddin Nizomiddinov Toshkentdagi Westminster universiteti talabalari
Kamila Ortiqxo‘jayeva va Shahobiddin Nizomiddinov Toshkentdagi Westminster universiteti talabalari

Ikkalasi studentlar kengashi prezidentligiga nomzod¸ ya’ni bir-biriga raqib bo‘lishgan. O‘shanda tanishishgan¸ deb bilaman”, - dedi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

Nizomiddinov o‘g‘liga otasining ismini qo‘ygan. Hozir bu bola Alisher Sa’dullayevning yonida yuribdi. Yoshlar ishlari agentligida kunda-shunda. Hamma unga paxta qo‘yadi. 21 yashar bolaga ancha yoshi kattalar ham “Ie, Shahobiddin aka” deb muomala qilishganiga guvohman. O‘zim shaxsan gaplashganman¸ kamtar va madaniyatli bolaga o‘xshadi”¸ - deydi Shahobiddin Nizomiddinovning tanishlaridan biri.

Ayni paytda Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘g‘lini shaxsan taniganlardan biri "qo‘lida bir emas¸ uchta iPhone 12 Pro max olib yurishi¸Toshkentda asosan Lexus rusumli mashinada harakatlanishini qo‘shimcha qildi.

Ijtimoiy tarmoqda panaga ko‘chgan kelin va ko‘rinmas kuyov

Jahongir Ortiqxo‘jayevning kenja qizi bundan bir necha yil avval ijtimoiy tarmoq¸ xususan¸ Instagramda o‘z shohona hayotini ko‘z-ko‘z qilish bilan tanilgandi.

Kamila Ortiqxo‘jayeva¸ aftidan tug‘ilgan kuniga berilgan sovg‘ani ko‘z-ko‘z qilmoqda.
Kamila Ortiqxo‘jayeva¸ aftidan tug‘ilgan kuniga berilgan sovg‘ani ko‘z-ko‘z qilmoqda.

Otasining mahalliy matbuotga aytgan 3 million 200 ming so‘mlik oylikka "yaxshi yashash" mumkinligi haqidagi gapidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda kenja qizning xususiy uchqichdagi sayohatidan to qimmatbaho mashinalariga qadar jamoatchilik muhokamasiga tushdi¸ zaharxanda va e’tirozlarga uchradi.

Buning ortidan Kamila Ortiqxo‘jayeva o‘z hashamatli hayoti aks etgan video va suratlarni o‘chirib tashladi hamda ijtimoiy tarmoqdagi faolligini keskin chekladi. Shunday bo‘lsa-da, uning ayrim eski va yangi rasmlarini Instagramdagi miss__uzb, richkidstashkent ("Toshkentning boy bolalari") sahifalarida ko‘rsa bo‘ladi.

Kamila Ortiqxo‘jayevaning Instagramdagi Miss_Uzb akkauntida 2021 - yil 29 - may kuni qo‘yilgan surat.
Kamila Ortiqxo‘jayevaning Instagramdagi Miss_Uzb akkauntida 2021 - yil 29 - may kuni qo‘yilgan surat.

Ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi cheklangan bo‘lsada¸ Kamila Ortiqxo‘jayevaning tarmoqlar¸ xususan¸ O‘zbekistonda jiddiy e’tirozga sabab bo‘layotgan TikTok ishqibozi ekani aytiladi.

2020 - yil dekabrida Jahongir Ortiqxo‘jayev uyushtirgan "Toshkent yoshlar forumi"da TikTokda eng ko‘p ko‘rilayotgan o‘zbekistonliklar uchun maxsus Tashkent City TikTok Awards tadbiri tashkil etildi.

Bu tadbirning asl tashabbuschisi¸ aynan hokimning TikTokka ishqiboz qizi Kamila Ortiqxo‘jayeva ekani aytildi.

Kamila Ortiqxo‘jayeva otasi tashkil qilgan TikTok Awards tadbirida faol qatnashdi.
Kamila Ortiqxo‘jayeva otasi tashkil qilgan TikTok Awards tadbirida faol qatnashdi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning o‘g‘li Shahobiddin esa¸ jamoatchilik nazaridan panada qolmoqda¸ uning tarmoqdagi profillari yopiq.

Instagramdagi ochiq profilida uning shaxsan o‘zi olgani yozilgan suratlardan, asosan qimmatbaho brendlar ishqibozi ekani tushuniladi.

Shahobiddin Nizomiddinovniki ekani aytilgan Instagram sahifasida uning o‘zi olgani yozilgan suratlar joylangan.
Shahobiddin Nizomiddinovniki ekani aytilgan Instagram sahifasida uning o‘zi olgani yozilgan suratlar joylangan.

Pul va siyosiy hokimiyatning "qo‘rqinchli" sintezi

O‘zbekistonda hokimiyatning yuqori pog‘onalarida o‘tirganlarning quda-andachilik rishtalari bilan bog‘lanib ketgani yangi hodisa emas.

Karimov davridagi eng qudratli amaldorlar - MXX raisi general Rustam Inoyatov va Davlat Soliq qo‘mitasi raisi¸ general Botir Parpiyevlarning qudaligi ularning ham iqtisodiy¸ ham siyosiy kuchini oshirgan jiddiy omillardan biri sifatida ko‘riladi.

O‘zbekistonning qudratli xavfsizlik xizmatiga 20 yildan ortiq rahbarlik qilgan Rustam Inoyatov.
O‘zbekistonning qudratli xavfsizlik xizmatiga 20 yildan ortiq rahbarlik qilgan Rustam Inoyatov.

Siyosiy hokimiyatning oligarxlar bilan qo‘shilib ketishi ham yangilik emas.

Xususan¸ 2009 - yili Shavkat Mirziyoyevning jiyani Diyora Rossiyaning eng boy odamlaridan sanalgan milliarder Alisher Usmonovning jiyani va merosxo‘ri Bobur Usmonovga turmushga chiqqan edi.

O‘shanda mahalliy va xalqaro matbuot Mirziyoyev va Usmonov – hokimiyat va katta pulning chatishuvi Islom Karimovga yoqmagani haqida yozgan. 2013 - yili Bobur Usmonov Toshkentdagi avtohalokatda o‘lishi ortidan uning maxsus suiqasd qurboni bo‘lgani haqida taxminlar ham tarqagan edi.

Ozodlik gaplashgan toshkentlik tadbirkorlardan biri Ortiqxo‘jayev va Nizomiddinovning oilaviy klanga birlashuvi O‘zbekistondagi korrupsiya va iqtisodning sanoqli shaxslar qo‘lida markazlashuvini yangi bosqichga ko‘tarishini aytadi.

Bu - o‘zbek leviafani (Injildagi qudratli afsonaviy dengiz maxluqi - tahr.) tug‘ilishi, degani. Ortiqxo‘jayev tom ma’noda Toshkentni o‘z shaxsiy hovlisiga aylantirdi. Zaynilobiddin Nizomiddinov esa¸ Surxondaryoning haqiqiy xo‘jayini. Ayni paytda mamlakatdagi kadrlar siyosati shuning qo‘lida. Keyingi paytda mamlakatdagi hamma klyuchevoy idoralarning birinchi o‘rinbosari lavozimiga Nizomiddinovning o‘z odamlari - surxondaryoliklar qo‘yilmoqda. Toshkent shahar prokurori surxonlik¸ Transport va Investitsiya vazirining o‘rinbosarlari¸ tamojnya¸ soliq zamlari hammasi surxondaryolik. Toshkent shahridagi klyuchevoy postlarga ham Nizomiddinov o‘z odamlarini qo‘ymoqda – Toshkent shahar tamojnyasi¸ Yunusobod soliq¸ Chilonzor soliq¸ hammasiga surxondaryoliklar qo‘yildi. Nizomiddinov Ortiqxo‘jayev bilan quda bo‘lganidan keyin ko‘rasiz, masshtabning qanaqa kattalashishini. Bu juda xavfli o‘yin”.

Akfa/Artel korporatsiyasi mulkdori Jahongir Ortiqxo‘jayev Shavkat Mirziyoyev bosh vazirligidayoq uning homiyligida biznes imperiyasi yaratgan tadbirkor sifatida ko‘riladi. Mirziyoyev uni 2018 - yili davlat ichida davlat deb ko‘riladigan Toshkentga hokim qilib tayinlaganidan keyin manfaatlar to‘qnashuvi normaga aylandi – avvaliga Toshkent¸ keyingi ikki yil ichida esa¸ O‘zbekistondagi aksar davlat loyihalarini jamoatchilikka ochiqlanmagan qaror va farmoyishlar, yashirin tenderlar bilan Ortiqxo‘jayevning xususiy shirkatlariga beriladigan bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev qo‘llovi bilan bo‘layotgan jarayonda Ortiqxo‘jayevning yaqin hamkorlari¸ mazkur loyihalarga oid qaror va farmoyishlarning guvohlik berishicha¸ Bosh vazir Abdulla Aripov¸ Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov va Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovlardir.

Jahongir Ortiqxo‘jayev qizlari va kuyovlari bilan birga.
Jahongir Ortiqxo‘jayev qizlari va kuyovlari bilan birga.

Bo‘lajak kelin-kuyov ta’lim oladigan Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining birinchi rektori vazifasida ishlagan Abduvohidov Ortiqxo‘jayevning qo‘shaloq qudasi – Akfa/Artel egasining bir qizi Abduvohidovning o‘g‘liga¸ boshqasi esa uning jiyaniga turmushga chiqqan.

2013 - yilda Britaniyada chiqadigan nufuzli "Gardian" nashri Toshkent Xalqaro Vestminster universitetiga 9 yil davomida rektorlik qilgan Abduvohidovning sobiq KGB zobiti ekaniga e’tibor qaratgan edi.

Karimov davrida hukumatdan haydalgan va bir muddat qudasi - Ortiqxo‘jayevning Akfa/Artel shirkatida ishlab yurgan Abduvohidov Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Prezident Administratsiyasida Davlat maslahatchisi lavozimini egalladi. Yoshlar siyosati, fan va ta’lim sohasi uchun mas’ul Abduvohidovning ayni lavozimda qilgan ilk ishlaridan biri Toshkentda birinchi xususiy oliy ta’lim muassasasi - Akfa Universitetini ochishda ko‘maklashish bo‘ldi. Uzmetronom nashri uning 2019 - yilda janubiy koreyalik hamkorlar bilan qudasi muassisligidagi universitetning tibbiyot yo‘nalishini rivojlantirish borasida bitim imzolashda bosh-qosh bo‘lgani haqida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG