Линклар

Шошилинч хабар
19 май 2024, Тошкент вақти: 14:28

Qarshiliklar zaharli charm zavodiga qarshi


Qarshi shahar, Shayxali mahallasi turg‘uni Pavel Rahmonov charm zavodidan chiqayotgan badbo‘y hidga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan.
Qarshi shahar, Shayxali mahallasi turg‘uni Pavel Rahmonov charm zavodidan chiqayotgan badbo‘y hidga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Qashqadaryo viloyat “Qarshi charm” qo‘shma korxonasi darvozasi oldida Shayxali mahallasi turg‘uni 15-avgust kuni o‘ziga o‘t qo‘yib, kuyish jarohati oldi.

Darvoza oldiga yig‘ilgan o‘n chog‘li odam korxonadan chiqayotgan badbo‘y hiddan atrofda yashayotgan aholining nafas olishi og‘irlashayotgani, odamlar turli xil kasallikka chalinayotgani haqida gapirgan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi mulozimiga ko‘ra, haqiqatan ham korxona bundan olti yil muqaddam sanitariya qoidalariga amal qilinmasdan mahalla ichiga qurilgan va ayni paytda Xitoy va Isroil bilan qo‘shma korxona bo‘lgani sababli uni boshqa joyga ko‘chirish muammo bo‘lib qolmoqda.

"Meni yashagim kelmayapti"

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ko‘rinishicha, yig‘ilganlar korxonadan chiqayotgan sassiq hiddan yashash juda qiyin bo‘lib borayotgani haqida gapiradi:

“Mana ahvol, sasib-bijib yotibdi, janjal qilganimiz yo‘q. Faqat prezidentga murojaat qilamiz deb keldik”

“Mening ikkita kelinimning bolasi tushdi, nima qilay? Buni yo‘qotish kerakmi yoki xalqni ezish kerakmi?

“Ovqat yeyolmayapman, ovqat yesam qayt qilib tashlayapman. Uch-to‘rt kundan buyon mazamni qochirib tashladi”.

“Kechalari uxlab bo‘lmayapti, bolalarni har hafta duxturga oborib million-million so‘m pul sarflayapmiz, bularni kim qoplab beradi? Hidiga umuman chidab bo‘lmayapti, bizni hokimiyat ham, hech kim tinglamayapti”.

“Mening ayam shu sassig‘ni dastidan jigar sirroz bo‘lgan!”

Videoning yarmida 40 yoshlar atrofidagi bir yigit bunday deydi:

“Sog‘liqni ham olib qo‘ydi. Men o‘zim bir shopirman. Ishlagan pulimning yarmi ovqatga ketsa, yarmi doriga ketadi. Akmal degan egasi o‘sha kuni kelganimizda seni o‘ldiraman, ikki kunda men seni qamataman... degan menga. Nega meni o‘limga haydayapti, o‘lmoqchiman men. Nima qilay men, yashamoqchiman. Lekin men shunday qilolmayman. Onasini emsin bo‘ldi. Meni yashagim kelmayapti, shu Akmalni deb yashagim kelmayapti! Umuman, vopshe yashagim kelmayapti”.

Oxirgi gaplarini ayta turib yigit cho‘ntagidan baklajka chiqaradi-da va undagi suyuqlikni ustiga sepib, o‘t chaqib yuboradi.

Atrof qiy-chuv, dod-voy ovozlariga to‘ladi. Odamlar lovullab yonayotgan yigitning ustini yopib, olovni o‘chirib oladi. Ammo yigitning yuzi, qo‘llari va badanida kuyish jarohatlar borligi ko‘rinadi.

Voqea guvohlarining aytishicha, yigit tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilgan.

"60 foiz kuygan"

16-avgust kuni Ozodlik o‘ziga o‘t qo‘ygan yigit, Qarshi shahrida taksichilik qilib kun o‘tkazayotgan Pavel Rahmonovning xotini Manzura Rahmonova bilan gaplashdi.

Manzuraning aytishicha, eri 60 foiz kuyish jarohati olgan:

“O‘sha teri zavodning kattasi, Akmal aka borlar. O‘sha norozilik bildirganlarni hammasini qo‘rqitib, 70-modda bilan qamataman degan. Erim o‘zlari litsenziyali taksichi, topgan pullari allergiya kasali bor bolamni davolatishga ketyapti. Erim bolalari va mahalladoshlarini ana shu zaharli va sassiq hiddan himoya qilish uchun chiqqan edi”.

"Kelinimni ham bolasi tushdi"

Ozodlik 16-avgust kuni Qarshi Lezer” MChJ QK yonida joylashgan Shayxali aholisi bilan suhbatlashdi.

Gulbahor Panjiyevaning aytishicha, mahallaning o‘rtasiga qurilgan terini qayta ishlash zavodidan chiqayotgan badbo‘y hid yillar davomida ularni qiynab kelmoqda:

“Ishonasizmi, shu zavod qurilganidan buyon jonimizni bitta qildi. Topganimiz duxturga ketyapti. Bir yildan buyon asab kasalidan azob chekaman. Uch yil oldin bitta kelinimni ham bolasi tushdi, ana shu sassiq hidi dastidan. Mana bu kelinimni ham besh oylik bolasi tushdi. Ukamning xotinini ham bolasi tushdi. Homilador kichkina kelinimni otasinikiga olib borib qo‘ydim, eson omon tug‘ib olsin deb. Zavodni kattasi Akmal degan bolani oldiga borib bir ilojini qil, bu hidni yo‘qot, dedim. U esa hech kim hech narsa qilolmaydi, hech kim falonimni ham yeyolmaydi, dedi. Achchig‘im chiqib o‘sha bolani bir shapaloq urdim”.

"Hokimingni ham ilib qo‘yganman"

Voqea guvohi Nasiba Jumayevaning aytishicha, norozilik bildirib borgan odamlar korxona rahbariyati tomonidan haqoratlanib, tahqirlangan:

“Bordik, zavodga kirdik, ular juda haqoratladi.Qo‘lingdan kelganini qil, dedi. Prezidentingga yozasanmi, hokimingga yozasanmi, hammasiga.. anovi dedi. Hokimingni ham ilib qo‘yibman, dedi. Teri zavodi kattasi Akmal aka aytdi bu gaplarni”.

Qarshilik Ruqiya Usmonovaning aytishicha, onalar homiladorlik jarayonini juda og‘ir o‘tkazayotgani bois, bolalar ham kasalmand bo‘lib tug‘ilyapti:

“Chaman mahallasidan kelin bo‘lib kelganman. Zavod qurilganiga 7 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘shandan beri hidga chidab bo‘lmaydi. Ayniqsa ayollar toksikozligida juda qiynaladi. Ayol qiynalgandan keyin farzandi ham kasalmand bo‘lib tug‘ilyapti. 40-50 gradus issiqda yana sassiq hidga chidab bo‘lmayapti. Qaynonam ham asab kasali bo‘lib insult bo‘lib qoldi”

"Bolam tug‘ilganidan buyon kasal"

Nishon tumanidan kelin bo‘lib tushgan Sitora Nurmatova esa zavoddan chiqqan sassiq hid tufayli farzandidan ajralganini iddao qiladi:

“Birinchi farzandim 2 yoshga to‘ldi, tug‘ilganidan buyon faqat asabiga davolanish oldiraman. Toksikozlik davrim ham og‘ir o‘tgan. Chunki biz tomonda bunaqa badbo‘y hid yo‘q edi. Men buni ko‘tarolmasdim, tinmay qusardim. Bolamning asabiga o‘sha ta’sir qilgan, chunki o‘zim ham ko‘p asab bo‘lardim. Mana ikkinchi farzandim tinmay qusaverib, hech narsa ueyolmaganim sababli, bolam tushdi”.

"Norozi"lar yarim kechasi IIBga olib ketildi

29 yashar voqea guvohi Sohiba Karimovaning aytishicha, voqea sodir bo‘lganidan so‘ng norozilik bildirgan fuqarolar kechasi IIBga olib ketilgan:

“Kecha ichki ishlar xodimlari kelib, hammani olib borib tiqib qo‘ydi. Kechasi soat 12da ayolu erkak hammani olib ketdi. Kechasi soat 2da militsiyadan qaytib kelsak, uyda bir Damasda beshta melisa turibdi. Kechasi soat ikkida qari dadam bilan onamni qo‘lidan sudrab moshinaga tiqib olib ketishdi. Biz qarshilik qildik, lekin ayol kishi bo‘lishimizga qaramay sudrab, itarib yuborishyapti”

Ozodlikning Qashqadaryo viloyat va Qarshi shahar prokuraturasidan bu haqda ma’lumot olishga qilgan harakatlari besamar bo‘ldi.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 15-avgust, ya’ni voqea sodir bo‘lgan kuni zavod darvozasi oldidagi norozilik namoyishi ishtirokchilarining barchasi Qarshi shahar IIBga olib borilib so‘roq qilingan.

O‘ziga o‘t qo‘ygan Pavel Rahmonovni ruhiyati joyida emas, giyohvand odamga chiqarish harakatlari bo‘lmoqda.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan shayxaliliklar Pavel Rahmonovning beozor, oilaparvar inson ekanligi, giyohvand moddalarga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Norozilikka yig‘ilgan aholining birdan-bir talabi zavoddan chiqayotgan badbo‘y hid bolalar va kattalarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilayotgani, bolalar kasalmand tug‘ilayotgani yoki oyiga yetmay tushib qolayotgani bu badbo‘y hidni yo‘qotish yoki aholi zich yashaydigan hududdan korxonanini ko‘chirish bo‘lgan.

Sassiq zavod aholi yashaydigan mahallaga qurilgan

Qarshi Leather” MChJ QK 2016 yilda O‘zbekiston-Xitoy-Isroil davlatlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan.

Korxona qoramol terisini qayta ishlash, yarim teri ishlab chiqarish va eksportga sotishga ixtisoslashgan.

Korxona Shayxali mahallasining deyarli qoq o‘rtasiga, odamlarning yashab turgan uylariga taqab qurilgan. Sun’iy yo‘ldoshdan oilngan bu suratda ham korxona devorlari aholi yashaydigan uylarga tutashib ketganini ko‘rish mumkin.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan surat.
Sun’iy yo‘ldoshdan olingan surat.

Ammo, odamlar sog‘lig‘iga ziyon yetkazadigan bunday korxonalar aholi yashaydigan punktlardan kamida 1 kilometr masofada qurilishi O‘zbekiston Sanitariya qoidalarida belgilab qo‘yilgan.

2017-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlari”(SanPiN)da bu haqda shunday yozilgan:

“Hayvon mahsulotlarini qayta ishlash.

1-sinf -sanitar himoya zonasi -1000metr”.

Ammo, korxona hududi aholi yashaydigan punktdan yuz metr ham uzoq emas. O‘tgan yillarda ham korxonadan chiqayotgan badbo‘y hiddan aholi bir necha marta arz qilgan, ammo ularning shikoyatlari javobsiz qolgan.

"Boshi berk ko‘chaga kirgan muammo"

Qashqadaryo viloyati hokimligida ishlaydigan, matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimning Ozodlikka aytishicha, bu loyiha prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan yili, uning investitsiyalarni jalb qilish talabi ortidan shoshma-shosharlik bilan qurilgan:

“O‘sha paytda Qashqadaryo viloyati hokimi Turobjon Jo‘rauev edi. Prezident Mirziyoyev saylangandan keyin esingizda bormi, majlislarda investitsiya olib kelinglar deb topshiriq bergan edi. Ana o‘shanda Jo‘rayev ana shu joyda qurishga ruxsat bergan edi. Sobiq hokim bu zavoddan katta otkat ham olgan deyishadi. Lekin buni tasdiqlaydigan hujjat menda yo‘q. Achinarlisi shundaki, terini qayta ishlash zavodidan badbo‘y hid chiqishini hamma bilardi, lekin mahallaning o‘rtasida qurildi. Endi har yili bu muammo kun tartibiga chiqyapti. Zavodni boshqa joyga ko‘chiraylik desa xitoylik hamkorlar biz bunga kerakli pulni tikib bo‘lganmiz, yo‘q deyishyapti. Shuning uchun ham bu muammo boshi berk ko‘chaga kirib qolgan”.

"Qo‘l-oyog‘i bog‘langan qo‘mita"

O‘zbekiston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi aholi noroziligi ortidan bir necha bor korxonani jarimaga tortgan, lekin arzimas jarima pulini to‘lab korxona faoliyatini davom ettirgan.

Ozodlik qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Normuhammedov bilan bog‘landi, bu masalaga munosabatini so‘radi. Normuhammedov savolni eshitgach, mashina rulida ekanligi, keyinroq qo‘ng‘iroq qilishimizni so‘radi. Ammo, mulozim keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

O‘zbekiston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining matbuot xizmati telefonlari go‘shagini ham hech kim ko‘tarmadi.
Qo‘mitada ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda ekologlar faqat nomigagina bor, ularning talablarini esa hech kim pisand ham qilmaydi va bajarishni ham istamaydi:

"SanPiN” qoidasida O‘zbekiston bo‘yicha inson organizimiga salbiy ta’sir qiladigan eng kuchli korxonalar to‘rtta kategoriyaga bo‘lingan. Eng kuchlilari, sement zavod, metall zavod, terini qayta ishlaydigan zavod. Bular eng xavfli, shuning uchun ham kamida bir kilometr masofada qurilishi kerak. Lekin Qarshidagi teri zavodi ham, Guliston shahridagi metallni qayta ishlash zavodini qurishda ham bu qoidalarga, qo‘pol qilib aytganda, tupurilgan. Nega shunday? Masalan, investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan kompaniya gaz, svet, suv uzluksiz bo‘lsin degan talab qo‘yadi. Mahalliy hokimlar esa eski binolarni tekinga olyaptida, aholi talabi hisobga olinmasdan qurib tashlanyapti”.

Ekologning aytishicha, ularning “qo‘l-oyog‘i” bog‘lab qo‘yilgan:

“Bizni shunday qilib qo‘yishganki, masalan biror korxonaga tekshiruvchi organ bo‘lib to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishga haqqimiz yo‘q. Ombudsmen degan bir vallomat tashkilot bor. Biz unga aholining arz-dodlarini qo‘yib jo‘natishimiz kerak. Agar Ombudsmen ruxsat bersagina kirishimiz mumkin. O‘shanda ham kirib faqat jarima qilishimiz mumkin. O‘n minimal ish haqi jarima 2-3 million so‘m bo‘ladi, unga ari chaqqanday ham ta’sir qilmaydi. Jarimani to‘laydi-da, ekologiyani buzishda davom etadi. Biz hamma yo‘lini qilib ko‘rganmiz, odamlarning kasalga chalinayotgani haqida poliklinikalardan spravka olganmiz, odamlarni arizalarini tikkanmiz, masalan o‘shanaqa joylarda yurak va nafas olish bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payadi. Lekin Ombudsmen vallomat faqat tadbirkorning yonini oladi. Bir marta ruxsatsiz kirgan edik, bizni o‘zimizni jarima qilib tashladi”.

Ekologning iddao qilishicha, Ombudsmenga ham yuqoridan tadbirkorga tegmaysan, u investitsiya olib kelyapti, ishchi o‘rin yaratyapti”, degan topshiriq berilgan:

“Insonning sog‘lig‘i hisobidan rivojlanish qilib bo‘lmaydi. Qarshi charm zavodi ham xuddi shunday. Bolalar kasallanib nimjon bo‘lib boryapti, homilador ayollar bola tashlayapti, yurak-tomir kasalliklari oshib ketgan. Lekin pul va foyda bor joyda odamlarning sog‘lig‘i muhim bo‘lmay qoldi. Qo‘mitamizning qo‘li ana shunday bog‘langan. Hatto bong ham urolmaymiz. Chunki bizda hammasi hukumatdan boshqariladi. Ekologik partiyamiz ham borligini ko‘plar bilmasa kerak. Bizni ham majburan a’zo qilib qo‘yishgan. Lekin u ham xuddi qolgan to‘rtta cho‘ntak partiya singari bir muammoni ochiq ko‘tarib chiqmaydi. Ekologiya qo‘mitasining asosiy ishi esa faqat chiqindi, ya’ni komxozning ishi bo‘lib qoldi. qayerda daraxt kesilsa, o‘shani borib jarima qilib keladi, tamom. Katta muammolarni hal qilolmaydi. Zararkunanda tadbirkorlar esa hukumat miqyosida himoyalangan!”.

XS
SM
MD
LG