Линклар

Шошилинч хабар
14 октябр 2024, Тошкент вақти: 11:17

Qashshoqlar qo‘shini. Urush Rossiya aholisining turmushiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?


Rossiya Federal statistika xizmati (Rosstat) 11-iyun kuni 2022-yilning birinchi choragi bo‘yicha kambag‘allik darajasiga doir ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya aholisining 14,3 foizi yoki 20,9 million kishi kambag‘allashgan. So‘nggi “tinch” chorak – 2021-yilning oktabr-noyabri bilan taqqoslaganda, kambag‘allar soni 8,5 million kishiga oshgan.

Statistika idorasi buni ikki sabab bilan izohlamoqda. Birinchidan, to‘rtinchi chorak avvaldan rossiyaliklar uchun “barakali” davr sanaladi. Bonuslar, yil yakuni bo‘yicha mukofotlar, “o‘n uchinchi oylik” – bular bari statistikaga ijobiy ta’sir etadi. Lekin baribir atigi uch oyda mamlakat aholisining salkam 6 foizini kambag‘al qilib qo‘yadigan darajada emas. Ikkinchi omil – daromadlar o‘sishidan ortiq ko‘rsatkich qayd etgan inflyatsiya qaytaga, ko‘proq ishonchli. Qisqa vaqt davom etgan postpandemiya tiklanish davridan so‘ng aholining real daromadlari yana kamaymoqda.

Россия дефолт ёқасида: Муҳожир аҳволи нима кечади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:54 0:00

Eng qizig‘i, hukumat bunga qarshi hech narsa qila olmayapti. Bandlik darajasini oshirish juda qiyin. Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, may oyiga kelib ishsizlik SSSR parchalanganidan beri eng yuqori nuqtaga yetgan. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va byudjetdan to‘lanadigan ish haqlarini oshirish ham unchalik samara bermaydi. Kam ta’minlanganlarni qo‘shimcha indeksatsiya va bir martalik moddiy yordamlar hisobiga kambag‘allikdan chiqarishga urinish hamisha inflyatsiya badtar zo‘rayishi va barchaning daromadi kamayishi bilan yakun topadi.

Natijada kambag‘allar yanada ko‘payadi. Urushdan oldin davlatning “saxiyligi” tufayli vujudga kelgan qo‘shimcha talabni hech bo‘lmaganda importni oshirish orqali qondirish mumkin edi. Biroq xalqaro sanksiyalar va ko‘psonli G‘arb shirkatlarining Rossiyani ixtiyoriy tark etishi bu mexanizmni sindirdi. Endi hukumat qancha pul tarqatmasin, bu ichki bozorda tovar va xizmatlarni ko‘paytira olmaydi.

Rossiya banki 10-iyundagi bayonotida mamlakat tashqi savdosi kamayishda davom etayotganini qayd etdi. E’tiborlisi, import kamayishi sur’ati eksport qisqarishi sur’atiga nisbatan yuqori. Bu, jumladan, chet el butlovchi qismlari va materiallariga qattiq tobe bo‘lib qolgan korxonalar faoliyatini tiklashga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Qolaversa, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun asbob-anjomlar zarurki, ularni keltirish sanksiyalar sharoitida juda qiyin bo‘lib qoldi.

Iqtisodiyotning to‘lov qobiliyatiga yarasha talabni qondirishiga nafaqat xalqaro sanksiyalar, balki urushning o‘zi ham ta’sir etmoqda. Yangi korxonalar tashkil etish, mavjudlarini kengaytirish uchun investitsiya va asbob-uskunalar bilan birga malakali ishchi kuchi ham kerak. Biroq asosan shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiylar kuchi bilan olib borilayotgan urush sharoitida iste’mol sektoriga mansub korxonalarning ishchi kuchi topishi oson emas.

Bu borada ular eng avvalo harbiy-sanoat kompleksi bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Tanklar, to‘plar, raketa va snaryadlar ishlab chiqarish hozirda ma’lum sabablarga ko‘ra birinchi o‘rinda, hukumat harbiy zavodlardan pul ayamasligi tabiiy. Mehnat bozoridagi qolgan bo‘sh ishchi kuchini esa armiya tortib olmoqda.

Ukrainada Rossiya askarlaridan qancha ko‘p o‘lsa va yarador bo‘lsa, yangi rekrutlarga talab shuncha ortadi. Sanoat ishlab chiqarishi va YaIM kamayishi manzarasida ishsizlik qisqarishi bandlik strukturasi o‘zgarganini anglatadi xolos. Ya’ni, bu farovonlik oshishiga xizmat qiluvchi odamlar soni kamayib, “vayronkor iqtisodiyot”da band odamlar soni jadal ortmoqda, deganidir.

Ammo iqtisodiy statistika nuqtai nazaridan raketa bilan bolalar tagligi ishlab chiqarish o‘rtasida jiddiy farq yo‘q. Boz ustiga, Putin boshlagan urush qanchalik vayronkor va qonli bo‘lsa, Rosstat yil yakunida e’lon qiladigan raqamlar shuncha “semiz” bo‘ladi.

Rosstat YaIMni hisoblarkan, Rossiya tanklari “ichgan” har bir tonna solyarkani, ukrain shaharlarida portlagan har bitta raketa va bombani, askarlarga yoki begona yurtda halok bo‘lishgani uchun ularning qarindoshlariga to‘langan har bir rublni qog‘ozga tushiradi. Ukrain qishloq va shaharlari qancha ko‘p vayron bo‘lsa, okkupatsiya ma’muriyatlari ularni tiklashga Rossiya byudjetidan shuncha ko‘p mablag‘ sarflaydi. Bu ham YaIMga qo‘shiladi, ammo biroq na rossiyaliklar, na ukrainlar turmush darajasini zig‘ircha ham ko‘tarmaydi.

Rossiya bankining 10-iyundagi bayonotida Rossiya iqtisodiyoti avvalgi prognoz qilinganidan ko‘ra kamroq qisqarishi urg‘ulangan. Va bu baho mutlaqo to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, chunki “tinch” sohalardagi pasayish harbiy xarajatlar va Rossiya armiyasi bosib olgan hududlarning tiklanishi bilan “qoplanadi”. Ayniqsa, okkupatsiya qilingan hududlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar Rossiya iqtisodiy statistikasida yana bir necha yil aks etib, Rossiya Federatsiyasining 2014-yilgacha mavjud chegaralarida istiqomat qilgan fuqarolarning turmush sifatini pasaytirishda davom etadi.

Rossiya iqtisodiyotini strukturaviy qayta qurish boshlandi, deb hozirdanoq aytish mumkin. Ammo bu jarayon urush ibtidosida Rossiya banki raisi Elvira Nabiullina ta’riflagandek kechmayapti. Mamlakat import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish o‘rniga harbiy modelni tanladiki, unda YaIM aholining umumiy turmush darajasi pasayishi hisobiga o‘sadi.

XS
SM
MD
LG