Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:16

Qoraqo‘ton konida 3 ishchini tosh bosib qoldi, biri halok bo‘ldi


Halokat konchilar shaxtada ishlayotgan payti sodir bo‘lgan. (Illyustrativ surat)
Halokat konchilar shaxtada ishlayotgan payti sodir bo‘lgan. (Illyustrativ surat)

21 - aprelda Navoiy kon-metallurgiya kombinati(NKMK)ning Samarqand viloyat, Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘ton oltin konida uch nafar ishchini tosh bosib qoldi.

NKMKga konchi bo‘lib ishga kirganiga 3 oy bo‘lgan 42 yashar Ulug‘bek Nuraliyev voqea joyida halok bo‘lgan, qolgan ikki ishchi omon qolgan.

Hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

21 - aprel kuni erta tongda Qoraqo‘ton oltin konida sodir bo‘lgan halokat haqida voqea tafsilotlaridan xabardor konchi Ozodlikka ma’lum qildi.

“Voqea NKMK GMZ-1 Kon boshqarmasiga qarashli bo‘lgan Qoraqo‘ton konida, 17-sonli yer osti shaxtasida sodir bo‘lgan. Jami 3 konchini tosh bosib qolgan, 2 tasi qochishga ulgurgan, ular tan jarohatlari olgan, bittasi qocholmagan, u o‘sha yerda o‘lgan”, -dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan tafsilotlardan xabardor manba.

Qoraqo‘ton konining Ozodlik bog‘langan mas’uliga ko‘ra, halok bo‘lgan ishchi Paxtachi tumani “Toma” mahallasida yashovchi 42 yashar Ulug‘bek Nuraliyev bo‘lib, u uch oy avval konga ishchi bo‘lib kirgan.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, Ulug‘bek Nuraliyev o‘limi haqida uning oilasiga ertalab soat 6:00larda xabar berilgan. Marhum bugunning o‘zida dafn qilingan.

“Uning uch bolasi yetim qoldi. Kattasi qiz, kichiklari o‘g‘il edi”,- dedi marhumning yaqini.

Ozodlik bog‘langan konchilar iddaosicha, xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani sabab ushbu halokat sodir bo‘lgan.

“Ulug‘bek lahm o‘tuvchi ya’ni proxodnik bo‘lib ishlardi. U ishlagan 17-sonli yer osti shaxtasini suv bosgan ekan. Qoidasi bo‘yicha, suvni nasoslar orqali tortib olib, keyin proxodniklar ishlashi kerak. Lekin nasoslar eskirib ketgani uchun ishlamagan, konchilar suvga kirib ishlashga majbur bo‘lgan. Aslida bu o‘tgan yili ochilgan shaxta bo‘lib, rudasi juda bo‘sh ekan. Bunday joylarda konchilar ishlashi mumkin emas. Chunki stoyka qo‘yib bo‘lmaydigan joy bulib, instruksiya bo‘yicha proxodicheskiy kombayn (lahm o‘tuvchi kombayn) ishlatilishi kerak. Lekin Qoraqo‘tan konida bunaqa texnika yo‘q. Shuning uchun konchilar ishlatilib kelingan”,- dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan konchi yigit.

Qoraqo‘ton konining Ozodlik bog‘langan mas’uli ishchilarning bu iddaosini izohlashni istamadi.

Uning aytishicha, halokat sabablarini Paxtachi tuman prokuraturasi o‘rganmoqda. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari ketyapti.

Qoraqo‘ton konidagi tashlandiq shaxtalarda g‘ayriqonuniy oltin izlash bilan shug‘ullanuvchilar orasida ham o‘lim holatlar kuzatilgan. 2019 - yili tosh bosib qolgan uch ishchidan ikkisi o‘lgan, 2018 - yilda esa kon tagida qolgan 30 ishchidan biri halok bo‘lgan.

Qoraqo‘ton oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olinadi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati konlari 2020 - yili oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistondan 2020 - yilda eksport qilingan mahsulotlarning 44 foizini oltin tashkil qilgan.

XS
SM
MD
LG