Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:49

Qozog‘iston: Jamoatchilik josuslik dasturi orqali ehtimoliy kuzatuv holatlarini tekshirishga chaqirmoqda


Telefon raqamlari NSO Group shirkati yaratgan “Pegasus” dasturi yordamida buzib kirilgan.
Telefon raqamlari NSO Group shirkati yaratgan “Pegasus” dasturi yordamida buzib kirilgan.

“Adil so‘z” xalqaro so‘z erkinligini himoya qilish fondi hamda Qozog‘iston jurnalistlari uyushmasi qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda qozog‘istonliklarning telefonlari “Pegasus” kiberjosuslik dasturi yordamida kuzatilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar bo‘yicha ochiq surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Tashkilotlar, shuningdek, telefonlari zararkunanda dasturiy ta’minot nishoni bo‘lgani aytilayotgan qozog‘istonliklarning ismlarini ochiqlashni talab qilganlar, toki ushbu fuqarolar “o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini muhofaza qilishni so‘rab murojaat qilish imkoniga ega bo‘lishsin”.

Bundan tashqari, huquqbonlar shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish fursati yetganini ta’kidlashmoqda.

“Adil so‘z” so‘z erkinligini himoya qilish fondi va Qozog‘iston jurnalistlari uyushmasi media sohasi vakillari faoliyati va shaxsiy hayotining kuzatilishi va ularning telefon so‘zlashuvlari eshitilganini nojoiz va nomaqbul, deb hisoblaydi. Bu Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi hamda Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 17-moddasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish bilan birga, so‘z erkinligini nazorat qilish va cheklashga urinish hamdir”, deyiladi, jumladan, tashkilotlar bayonotida.

Bir necha kun oldin butun dunyo bo‘ylab o‘nlab jurnalistlar, faol huquqbonlar hamda media tashkilotlarini birlashtirgan “Pegasus Project” loyihasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar e’lon qilingan edi. Guruh Isroilning NSO Group shirkati yaratgan “Pegasus” dasturi yordamida buzib kirilgan telefon raqamlarini o‘rganadi. Mazkur dasturiy ta’minot smartfonga kirgach, undagi ma’lumotlarni o‘g‘irlaydi, kamera va mikrofonlarni nazorat qiladi.

Surishtiruvda ma’lum bo‘lishicha, ro‘yxatda Qog‘oziston prezidenti, bosh vaziri, Olmaota shahri akimi (hokimi), ikki nafar jurnalist va huquqbon ayolning telefon raqamlari bor. Hozircha Qozog‘istonga oid sakkiz kishining ismlari ochiqlangan, ammo mamlakat miqyosida kuzatuv ob’ektiga aylangan telefon raqamlari ikki mingtaga borishi mumkinligi taxmin qilinadi.

“Pegasus Project” a’zolariga ko‘ra, kuzatiladigan shaxslarni tanlab olgan NSO Group mijozi bu “Qozog‘iston davlati”dir.

Surishtiruvchilar ro‘yxatda turli mamlakatlarning 50 ming nafar fuqarosi, jumladan, prezidentlar, bosh vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga oid raqamlar mavjudligini aytishmoqda. Bunda 50 ga yaqin mamlakat buyurtmachi bo‘lishi mumkin.

Ishlanmalari jurnalist va huquqbonlarga qarshi qo‘llanayotgani haqidagi ayblovlar tufayli ilgari bir necha marta jamoatchilik diqqat markaziga tushgan NSO Group shirkati ushbu ma’lumotlarni inkor etib, ularni “safsata va bo‘hton” deb atagan.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi surishtiruv yuzasidan rasmiy javob tayyorlamasligini e’lon qildi. Boshqa idoralarning vakillari ham batafsil izoh bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG