Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:12

Rohinja qochqinlari Facebook shirkatiga qarshi 150 mlrd dollarlik da’vo ochdi


BMT Myanmadagi musulmon ozchilikka qarshi kampaniyani genotsid deb atagan.
BMT Myanmadagi musulmon ozchilikka qarshi kampaniyani genotsid deb atagan.

Buyuk Britaniya va AQShdagi o‘nlab rohinja qochqinlari Facebook korporatsiyasiga qarshi 150 milliard dollarlik mahkama da’vosini boshladi. Arzgo‘ylar ijtimoiy tarmoqni musulmon ozchilikka nisbatan nafrat qo‘zg‘atuvchi fikrlarni yoyishda ayblashmoqda.

Da’voda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqning yolg‘on ma’lumot va ekstremistik g‘oyalarni ilgari suruvchi algoritmlari real olamda zo‘ravonlikka aylanmoqda.

“Facebook yagona vazifasi auditoriyani kengaytirishdan iborat maxsus dasturlangan robot kabidir”, deya sud hujjatidan iqtibos keltiradi “Amerika ovozi”.

Da’vogarlarga ko‘ra, “nafrat, ayirmachilik va yolg‘on axborot bilan” to‘yingan ijtimoiy tarmoqning o‘sishi yuz minglab rohinja hayotining xarob bo‘lishiga olib kelgan.

Da’voda ta’kidlanishicha, Facebook algoritmlari ta’sirchan foydalanuvchilarda radikal guruhlarga qo‘shilishga undaydi, “avtokrat siyosatchilar va rejimlar” esa bu vaziyatdan foydalanib qolishmoqda.

Myanmada “Facebook“ orqali tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlar qayta-qayta etnik va diniy zo‘ravonlikka turtki bo‘lgani aytiladi. “Facebook” xodimlari hozirlagan ichki hisobotlarda shirkat Myanmada rohinja musulmonlariga qaratilgan nafrat nutqi tarqalishini to‘xtata olmagani tan olingan.

2018 - yilda “Facebook” o‘z platformalarini nazorat qilish uchun myanma tilida so‘zlashuvchi 100 nafar xodimni yollashni va’da qildi. Ammo shirkat nechta kontent moderatorini yollagani yoki ular ko‘plab mahalliy lahjalaridan qaysi birida so‘zlashishini oshkor qilmadi.

“Global Witness” huquq guruhiga ko‘ra, “Facebook” rahbariyatining ommaviy va’dalari va muammolar bo‘yicha ko‘plab ichki hisobotlarga qaramay, fevral oyida sodir bo‘lgan harbiy to‘ntarishdan keyin shirkatning tavsiya algoritmi armiya tashviqotini va shirkat siyosatiga zid bo‘lgan boshqa kontentni tarqatishda davom etgan.

Rohinjalar – aksari islom diniga e’tiqod qiluvchi etnik guruh bo‘lib, Mьyanmada irqiy va diniy kamsitilmoqda.

2017 - yil avgustda “Arakan rohinjalarini qutqarish armiyasi” islomchi guruhi a’zolari Myanma politsiyasiga hujum qilib, bir necha kishini o‘ldirgan. Bunga javoban hukumat qo‘shinlari mamlakat shimolidagi Rakhayn shtatida amaliyot o‘tkazgan. Hududda mahalliy musulmon rohinjalarni ta’qib qilish boshlangan. Ulardan qariyb 750 ming kishi qo‘shni Bangladeshga qochishga majbur bo‘lgan.

Ushbu etnik guruhning aksar vakillari hanuz Myanmada yashamoqda, ammo mamlakatni idora qilayotgan harbiy xunta rohinjalarga fuqarolik berishni rad etib, ularga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitish siyosatini yuritmoqda.

BMT Myanmadagi musulmon ozchilikka qarshi kampaniyani genotsid deb atagan.

XS
SM
MD
LG