“Yagona Rossiya” (Yedinaya Rossiya) partiyasi Rossiyada 17-19 - sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra Davlat Dumasida konstitutsion ko‘pchilikni saqlab qoldi.
85 foizdan ortiq saylov varaqalari sanab chiqilganidan so‘ng “YeR” partiyalar ro‘yxati bo‘yicha qariyb 50 foiz ovoz olmoqda. Bundan tashqari, MSK ma’lumotiga ko‘ra, partiyaning 195 vakili bir mandatli okruglarda peshqadamlik qilyapti. Ya’ni, partiya yangi Davlat dumasida 450 mandatdan taxminan 315 tasini oladi. Bu “Yagona Rossiya”ning avvalgi natijasidan kamroq bo‘lsa-da, konstitutsion ko‘pchilikni tashkil qilish uchun yetarlidir.
Dumada konstitutsion ko‘pchilikni hosil qilish uchun partiya kamida 300 ta mandatni qo‘lga kiritishi kerak. Oddiy ko‘pchilik bo‘lish uchun esa 286 ta mandat yetarli. “Yagona Rossiya” 2003 - yildan beri parlamentda konstitutsion ko‘pchilikni tashkil etib keladi.
Ikkinchi o‘rinda borayotgan kommunistlar - RFKPda federal ro‘yxatlar bo‘yicha 19 foizga yaqin ovoz bor, partiya vakillari 15 ta bir mandatli okruglarda yetakchilik qilishmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, RFKP uch mintaqada – Yoqutiston, Xabarov o‘lkasi va Nenets muxtor okrugida yutib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Bir mandatli okruglar bo‘yicha Dumaga, shuningdek, “Spravedlivaya Rossiya” va yana ayrim partiyalar, jumladan, “Yabloko”dan bir necha nafardan nomzod saylanadi.
Partiyalar ro‘yxatlari bo‘yicha 7 foizdan ziyod ovoz yiqqan Vladimir Jirinovskiyning Liberal demokratlar partiyasi - RLDP va “Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu” partiyalari ham Dumaga o‘tadi. Ammo parlamentda beshinchi partiya paydo bo‘lishi yoki bo‘lmasligi hozircha aniq emas: “Noviye lyudi” partiyasi, 86 foiz varaqalar sanab chiqilganidan so‘ng 5 foizlik to‘siqdan oshgan bo‘lsa-da, ularning zaxirasi kam – partiya hisobida atigi 5,31 foiz ovoz bor.
“Yedinaya Rossiya” bosh kengashi kotibi Andrey Turchak partiyasi “halol va toza” g‘alaba qozonganini aytdi.
Partiya yetakchisi Dmitriy Medvedev ommaga o‘zini ko‘rsatmadi. Turchakning so‘zlariga ko‘ra, u qattiq shamollab qolgan. “Yagona Rossiya” ro‘yxatida yetakchilik qilgan vazirlar Sergey Shoygu hamda Sergey Lavrov ham partiya tadbiriga kelishmadi.
Ammo Moskvada elektron ovoz berishga doir rasmiy natijalar hanuz e’lon qilingani yo‘q. Bu mustaqil kuzatuvchilar va muxolifat vakillarining tanqidiga sabab bo‘ldi. Ular hokimiyatni saylov natijalarini soxtalashtirishda gumon qilishmoqda – elektron ovoz berish natijalarisiz qator okruglarda Aleksey Navalniyning “Aqlli ovoz berish” tizimi orqali dastaklangan nomzodlar peshqadam bo‘lib turishibdi, elektron ovoz berish natijalari qo‘shib hisoblanganda esa ular, taxminlarga ko‘ra, hokimiyatga tarafdor nomzodlarga yutqazishi mumkin.
Moskva shahrida qariyb 2 million kishi masofadan ovoz bergan bo‘lib, ushbu ovoz berish natijalari bir mandatli okruglarda saylov taqdirini hal qilishi mumkin.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvadagi 15 ta okrugda “Aqlli ovoz berish” orqali qo‘llab-quvvatlangan nomzodlar – asosan RFKP vakillari yetakchilik qilmoqda. Biroq Navalniy tarafdorlari elektron ovoz berish tufayli vaziyat o‘zgarishidan xavotirga tushishgan.
Avvalroq ekspertlar bu taxlit ovoz berish shaffof va ishonchli bo‘lmasligini aytishgan edi.