Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 01:41

Samarqandda elektr talab qilib yo‘l to‘sganlardan 5 nafari IIBga olib ketildi (VIDEO)


Norozilar yo‘lni to‘sgach, guvohlarga ko‘ra, mashinalar qatnovi 2,5-3 soatga to‘xtab qolgan.

Samarqand viloyati Paxtachi tumani Saroy mahallasidagi gaz va elektr muammosiga norozilik bildirib, 5 - aprelda yo‘l to‘sganlardan besh nafari IIBga olib ketildi.

IIB mas’uli ushlangan norozilarga chora ko‘rilishini ta’kidladi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, yillar davomida gazsiz o‘tirgan aholi 9 kun elektrsiz qolgach, sabr-kosasi to‘lib, magistral yo‘lni to‘sishga majbur bo‘lgan.

Tuman hokimligi mas’ullari norozilar bilan uchrashib, ularga muammolarni hal qilishga va’da bergach, aholi uylariga tarqalgan.

Elektr tarmoqlari idorasiga ko‘ra, shu kuni qechqurun aholiga elektr berilgan.

Yo‘l to‘sish aksiyasi

Voqea joyidan Ozodlikka yo‘llangan videolarda o‘ttizdan ziyod odamning avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aks etgan.

“Yo‘lni yopdi xalq. Gaz-svet yo‘q deb. Probkani qarang. 20 minutdan beri o‘tiribmiz shu yerda”, deydi haydovchilardan biri.

Пахтачидаги норозилик: Газ муаммоси сабаб йўл тўсилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, norozilar Paxtachi tumani hududidan o‘tuvchi M37 magistral yo‘lini to‘sishgan:

“20 yildan beri gaz yo‘q. Odamlar gazsiz yashashga ko‘nikdi ham. Lekin svetni ham o‘chirsa, chidash qiyin ekan. O‘n kunga yaqin svet bo‘lmadi. Odamlarning jonidan o‘tib ketdi. Yosh bolali oilalar bor, qariyalar bor. Ham gaz, ham svet bo‘lmasa, yashash qiyin bo‘lib qolarkan. Keyin elektrosetdan kelib, “har bir xonadondan 50 ming so‘mdan yig‘ib beringlar, transformator buzilgan, shuni tuzatamiz” deyishdi. Bu gap odamlarning sabr-kosasini to‘ldirib yubordi, keyin chiqib, yo‘lni to‘sib qo‘yishdi”.

Пахтачида норозилар йўл тўсди
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:11 0:00

Voqea tafsilotlaridan xabardor paxtachilik yigitga ko‘ra, norozilar hokimlik vakillari bilan uchrashgach, uylariga tarqalishgan:

“Odamlar 2,5-3 soatcha yo‘lni to‘sib turishgan. Keyin tuman hokimligidan vakillar kelgan. Hokimning o‘zi kelmagan, u Buxoroga ziyoratga ketgan ekan. Prokuratura, IIBdan kelgan. Odamlar “Bugunning o‘zida svetni yoqib berasan”, deb talab qo‘yishgan. Vakillar “yoqamiz” deb va’da bergach, odamlar yo‘lni ochishgan”.

Muammoga yomg‘ir sababchi

Paxtachi tuman elektr ta’minoti idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Saroy mahallasining elektr bilan bog‘liq muammosi 5 - aprel kuni hal qilingan.

“Kechaning o‘zidayoq muammo hal qilindi. Bu muammoga 28 - mart kuni kuchli yomg‘ir yoqqani sabab bo‘ldi. Shu kungi yomg‘ir natijasida 20ta mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi bir nechta transformator ishdan chiqdi. Elektr ta’minotini tiklash uchun maxsus brigadalar tuzildi. Ayrimlarini bir necha kun ichida tuzatdik. Lekin Saroy mahallasiga xizmat qiluvchi transformator jiddiy shikastlangani sabab uni tuzatish cho‘zilib ketdi. Odamlarga chidab turing desak ham ko‘chaga chiqib ketishdi”,- dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan Paxtachi tuman elektr tarmoqlari idorasi mas’uli.

Saroy mahallasida yashovchilardan biri elektr berilganini tasdiqladi:

“5 - aprel kuni soat 21:30larda svet yondi”.

Besh norozi hibsda

Saroy mahallasi faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, 5 - aprel kuni yo‘l to‘sgan norozilardan besh nafarini IIB xodimlari olib ketgan:

“Kecha svetni yoqishdi. Bu yaxshi, lekin mahalladan besh yigitni IIBga olib ketishdi. Hozir ular Paxtachi tuman IIBsidagi vaqtinchalik izolyatorda o‘tirishibdi. Ularni kechagi yo‘l to‘sish voqeasini uyushtirishda ayblashyapti. O‘zi bizning hudud IIB sektoriga qaraydi. Yaqinda prezidentimizning Samarqandga kelishini kutishyapti. Endi IIB bu besh yigitni “prezident kelishidan avval to‘polon chiqarding” deb qamab qo‘ysa kerak”.

Paxtachi tuman IIBsining Ozodlik bog‘langan mas’uli 5 - aprel kungi norozilardan bir guruhi ushlanganini tasdiqladi:

“Hammasiga chora ko‘riladi. Batafsil ma’lumot uchun matbuot bo‘limimizga murojaat qiling”.

Energetik bo‘hron va noroziliklar

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga safar qilgan 11 - yanvar kuni gaz va elektr yo‘qligidan norozilik bildirib, yo‘l to‘sgan namoyishchilarning ham bir guruhi sudlangan edi.

Norozilikka chiqqanlardan 9 nafari sudlangan, ulardan 5 nafari 5 sutkaga qamalgan, 4 nafariga ogohlantirish berilgan.

Ular uchta modda bo‘yicha aybdor deb topilgan:

  • 194-modda. Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, 1-qismi;
  • 195-modda. Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish;
  • 201-modda. Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish, 1- qismi;

O‘zbekistonda qish mavsumi boshlanganidan beri aholi noroziliklarining yoyilishi deyarli barcha hududlarda kuzatilmoqda.

Ўзбекча норозилик: Газ ва светсиз қолган аҳолининг йўл тўсиш акциялари...
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:05 0:00

Jumladan, Xorazm viloyatining Urganch va Xonqa tumanlari, Buxoro viloyatining Buxoro hamda Qorako‘l, Surxondaryoning Muzrabot, Jizzaxning Paxtakor tumanlari, Andijon shahri, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon va Oltiariq tumanlarida ham aholi gaz va elektr muammosi tufayli yo‘l to‘sdi. Bu faqat Ozodlikka ma’lum bo‘lgan holatlar, xolos.

"Янги Ўзбекистон"нинг тезак ёқиб кун кечираётган одамлари...
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:56 0:00

Mutasaddilar norozi aholini ko‘mir tarqatish yoki boshqa vaqtinchalik chora hamda turli va’dalar bilan tinchlantirmoqda.

Ayni paytda mamlakatning deyarli barcha hududida energetik bo‘hron davom etmoqda.

Hukumat bu inqirozdan chiqish borasida aniq rejani e’lon qilganicha yo‘q. Aksincha, muammoni yashirishga urinmoqda.

Qish mavsumi boshlanishi arafasida AOKA qator mustaqil nashrlarga xat yuborib, qator muammolar, jumladan, aholining gaz va elektr muammosini yoritish "jiddiy oqibatlar"ga olib kelishidan ogohlantirgan edi.

16 - dekabr kungi hukumat yig‘ilishida prezident Mirziyoyev mamlakatda sutkasiga 20 million kubmetr gaz taqchilligi mavjudligini aytib, gaz eksporti hajmini kamaytirish va kuniga 7-8 million kubmetr qo‘shimcha gazni aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltirish haqida hukumatga topshiriq bergan. O‘tgan vaqt davomida gaz ta’minoti yaxshilangani kuzatilmadi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov esa O‘zbekistonda qazib olinayotgan gaz “uchta O‘zbekistonni ta’minlashga yetadi”, deya bildirib, bu sohadagi bo‘hronda aholining o‘zini aybladi.

Alisher Sultonovga ko‘ra, ayrim tumanlarga gaz quvuri yotqizilgan taqdirda ham, quvurdagi gaz bosimi yetarli darajada bo‘lmaydi. Vazir bu holatni “iqtisodiy, mentalitet va dunyoqarash nuqtai nazaridan kelib chiqadigan tizimli muammo”, deb atab, asosiy islohot- energiyani tejash ekanini ta’kidladi.

Sultonovning aytishicha, O‘zbekistondagi 70 foiz korxona va tashkilotlarda energiyani tejashga mo‘ljallanmagan uskunalar o‘rnatilgan. Xonadonlarga va korxonalarga energiyani tejovchi uskunalar o‘rnatilsagina, O‘zbekistonda energiya sarfini kamida 3-4 barobarga kamaytirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG