Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2020, Тошкент вақти: 11:04

Sobiq prorektorning “qalbaki diplomi” bilan bog‘liq jinoyat ishi qayta tiklandi


Azamat Akbarov xorijda olgan falsafa doktori (PhD) diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani ortidan shu yil yanvarida ishdan olingandi

Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti sobiq birinchi prorektori Azamat Akbarovning xorijda olgan PhD ilmiy daraja diplomining qalbaki bo‘lib chiqqani yuzasidan sentabr oyida tugatilgani aytilgan jinoyat ishi Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida qayta tiklandi.

Samarqand shahar prokuraturasi rasmiy vakilining Ozodlikda nusxasi mavjud rasmiy xatida bildirilishicha, tergov organining jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorining qonuniyligi prokuratura tomonidan o‘rganilgan va dastlabki tergov to‘liq o‘tkazilmaganligi sababli asossiz, deb topilgan.

Prokuratura vakilining ismini oshkor etmaslik sharti bilan Ozodlikka bildirishicha, jinoyat ishini tugatish qarori joriy yil 26 -oktabr kuni bekor qilinib, qo‘shimcha tergovni o‘tkazish uchun Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Azamat Akbarov xorijda olgan falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani ortidan shu yil yanvarida ishdan olingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Bu haqda 13 - yanvar kuni Toshkentdagi Yoshlar press-klubi sessiyasida ma’lum qilgan O‘zbekistondagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev Ozodlik ma’lumotlarini tasdiqlagan.

«O‘rganishlarda aniqlandiki, Azamat Akbarov Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universitetidagi professorlik faoliyati davomida Rossiya tomonidan berilgan diplom asosida faoliyat yuritgan. Bizga kelganda esa BURCH xalqaro universitetida berilgan diplom asosida ishga qabul qilingan. Ammo, ma’lum bo‘ldiki, Bosniya va Gersegovina davlati universiteti diplomi soxta bo‘lib chiqdi va shuning oqibatida u lavozimidan ozod qilindi», - deya bildirgan Ulug‘bek Toshkenboyev.

Oradan 9 oy o‘tib, bir qator mahalliy nashrlar Samarqand «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti rahbariyatiga tayangan holda sobiq prorektor diplomining soxtaligi o‘z tasdig‘ini topmagani haqida xabar tarqatdi.

«Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlari natijasida ushbu ayblov o‘z isbotini topmagan va bugungi kunda jinoyat ishi tugatilgan» deyilgan universitet tarqatgan rasmiy xabarda.
Azamat Akbarovning o‘zi ham mahalliy matbuot vakillariga intervyu berib, unda universitetning bir qator sobiq xodimlarining “g‘arazliklari qurboni bo‘lganligi”ni iddao qildi.

«2019 - yilning sentabr oyidan ishga kelganimdan boshlab, menga va olib borilayotgan islohotlarga qarshi sobiq prorektor tomonidan ishlar boshlangan edi» - deb aytgan sobiq mulozim Kun.uz muxbiriga.

Ozodlikda BURCH xalqaro universiteti rektori professor Mershid Poturak tomonidan 2019 - yilning 16 - dekabrida imzolangan №:01-303/19 - sonli javob xati nusxasi bor.

«Xalqaro BURCH Universiteti tomonidan Azamat Akbarovga hech qachon PhD diplomi berilmagan, ushbu ismdagi shaxs biron marta xalqaro BURCH Universiteti PhD talabasi ham bo‘lgan emas. Bundan tashqari, Xalqaro BURCH Universiteti diplomining tashqi ko‘rinishi janob Akbarovning diplomidan farq qiladi» deyiladi Ozodlikka taqdim etilgan rasmiy ma’lumotda.

Azamat Akbarovning o‘zi Ozodlikda nusxasi bo‘lgan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov departamentining 2020 - yil 23 - iyundagi qaroridan o‘rin olgan ko‘rsatmasida 2009 - yilda Bosniya – Gertsegovinadagi BURCH universitetida doktorlik dissertatsiyasi yoqlagani, unga doktorlik diplomi berilgani va Saraevo sudi tomonidan diplomi “appostil” qilinganini aytgan. Ayni paytda u o‘ziga berilgan diplom “mavjud inson omili tufayli yoki boshqa sabablar bilan” ro‘yxatdan o‘tmay qolganini iddao qiladi. Akbarov tergov idorasiga bergan ifodasida BURCH universiteti 2011 - yilda o‘zining “diplomi shakliga o‘zgartirish kiritgan bo‘lishi ehtimoli” o‘rganilishi kerakligini yozgan.

Samarqand shahar IBB tergov idorasi “BURCH universiteti xodimlarini so‘roq qilish imkoniyati yo‘qligi va O‘zbekiston bilan Bosniya-Gersegovina o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emasligi” vajidan jinoyat ishini “ayblilik masalasini hal qilmasdan turib, harakatdan to‘xtatish” haqida qaror chiqargan.

Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tergov departamenti xodimining Ozodlikka bildirishicha, gumonlanuvchi Azamat Akbarov tergov davomida qalbaki ekani aytilayotgan diplomning asl nusxasini tergov organiga taqdim etmagan.

«Hamma jinoyat ishlari ham sudgacha yetib bormaydi va xuddi shunday jinoyat ishining tugatilgani hamma vaqt ham gumonlanuvchining oqlanganini anglatmaydi”, - deya bildirdi ismi sir qolishini so‘ragan IIB Tergov departamenti xodimi.

XS
SM
MD
LG