Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2021, Тошкент вақти: 01:09

“Sovetlarga zarba berganmiz – Tolibon bilan ham urushamiz”. Afg‘onistonda qarshilik harakatiga nima bo‘ldi?


Aksilsho‘ro qarshilik harakati qahramoni Ahmad Shox Ma’sudning o‘g‘li Ahmad Ma’sud - Panjshir, 5 - sentabr, 2021

9 - sentabr kuni Kobul va boshqa afg‘on shaharlarining ko‘chalari Ahmad Shoh Ma’cud portretlari va graffitilariga to‘ldi. Ma’sud nafaqat sovet qo‘shinlari, balki toliblar bilan ham urushgan Afg‘oniston qarshilik harakati yetakchisi o‘laroq mashhur. U bundan 20 yil burun, AQShda 2001 - yil 11 - sentabrda yuz bergan terroristik hujumlardan ikki kun oldin “Al-Qoida” guruhi tomonidan o‘ldirilgan edi.

Ahmad Shohning o‘g‘li Ahmad Ma’sud bir hafta oldin Afg‘onistonning Tolibonga qarshilik ko‘rsatayotgan so‘nggi mintaqasi bo‘lmish Panjshir viloyati toliblar nazoratiga o‘tgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

G‘arb jurnalistlar tomonidan avgust oyi oxirlarida olingan fotosuratlar Ma’sudga sodiq kuchlarning qarshilikni davom ettirayotganini ko‘rsatadi. 22 - avgust kuni Ahmad Ma‘sud o‘z intervyusida “Biz SSSRga zarba berganmiz – Tolibon bilan ham kurashaveramiz”, deb aytgan.

Bu gap Afg‘onistonda sovetlar boshlagan urush davri voqealariga ishoradir. O‘shanda Ahmad Shoh Ma’sud Panjshirni makon tutgan holda sovet qo‘shinlariga va ularga tobe’ Afg‘oniston Demokratik Respublikasiga qarshi kurashgan. 1970-yillar oxiri – 1980-yillarda sovet qo‘mondonligi ta’minot yo‘llari o‘tgan Panjshir darasini Ahmad Shoh Ma’sudga tobe’ kuchlardan tozalashga uringan va hech qachon bunga muvaffaq bo‘la olmagan, har gal katta talafotlar bilan chekinishga majbur bo‘lgan. Panjshir amaliyotlarida ishtirok etgan sovet harbiylaridan 18 nafariga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berilgan.

Mas’udning lashkari vaqt o‘tgan sari ko‘payib, 1989 - yilda 13 ming kishiga yetdi. 1980-yillar o‘rtalarida ular nafaqat Panjshir darasiga tutash hududlarni, balki shimoliy viloyatlarning ayrim tumanlarini ham nazorat qila boshladi.

Sovet qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqib ketilganidan so‘ng Afg‘oniston Islom davlati tuzildi va Ahmad Shoh Mas’ud uning mudofaa vaziri etib tayinlandi. 1996 - yilda toliblar Afg‘onistonning katta qismini bosib olganida Ahmad Shoh hukumatdan ketib, Birlashgan front (Shimoliy alyans)ga asos soldi.

Ma’sud o‘sha kezlar mamlakatning uchdan bir qismida nazorat o‘rnatgan edi. Ushbu hududlarda toliblar qo‘l ostidagi tumanlarda mavjud qattiq tartib-qoidalar amal qilmas, odamlar birmuncha erkin hayot kechirishardi. Tolibon zulmi ostida yashashni istamagan ko‘plab afg‘onlar shimoliy mintaqaga – Ahmad Shoh kuchlari himoyasidagi mintaqaga qochib borishardi.

Ma’sud “Al Qoida” a’zolari tarafidan o‘ldirilganida uning o‘g‘li atigi 12 yoshda bo‘lgan. Endilikda u otasi asos solgan frontga o‘xshash qarshilik harakatiga boshchilik qilmoqda.

Ahmad Ma’sudning Feysbukdagi rasmiy sahifasida so‘nggi xabar 6 - sentabr kuni qoldirilgan. O‘sha murojaatida u Tolibon o‘z boshqaruv uslubini o‘zgartirmasligini aytib, afg‘onlarni qarshilik harakatiga qo‘shilishga chaqirgan edi.O‘shandan beri Ma’sudning taqdiriga doir xabar yo‘q.

Toliblar butun Afg‘oniston hududini zabt etgani va, xususan, Panjshir ham ishg‘ol etilganini bir necha bor iddao qilgan bo‘lsa-da, qarshilik harakati davom etayotganiga dunyo afg‘onlarining ishonchi komil. Ijtimoiy tarmoqlar Milliy qarshilik frontini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chaqiriqlarga to‘lib-toshgan.

9 - sentabr kuni smatbuot kotibi Maysam Nazariy Ahmad Ma’sud va o‘zini qonunga muvofiq Afg‘oniston Islom Respublikasining prezidenti vazifasini bajaruvchi deb e’lon qilgan Amrulloh Solih xavfsiz joyda ekanini ma’lum qildi.

Nazariy ham Panjshir to‘liq Tolibon qo‘liga o‘tgani haqidagi xabarlarni rad etib, mintaqa hududining 60 foizi hamon Milliy qarshilik fronti nazoratida ekanini aytdi.

XS
SM
MD
LG