Линклар

Шошилинч хабар
12 октябр 2024, Тошкент вақти: 15:21

Talab va taqiq: O‘zbekistonda surrogat onalik


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiya va Gruziyadagi surrogat onalar xizmatini taklif qilayotgan klinikalarda o‘zbekistonlik ayollar soni ko‘paymoqda.

Surrogatlik qilayotgan ayollarning aksari bir necha farzandini yolg‘iz katta qilayotgan ijtimoiy himoyasiz qatlamga mansub ekani kuzatilmoqda.

Ozodlik bilan shaxsini sir tutib gaplashgan ayollarga ko‘ra, bir farzandni dunyoga keltirish evaziga ular 13 mingdan 25-30 ming AQSH dollariga qadar pul ishlashi mumkin.

O‘zbekistonda bu haqda hanuz ochiq muhokama yo‘q. 2019-yilda parlamentda ko‘tarilgan muhokama esa natijasiz tugagan.

Mamlakat qonunchiligida surrogat onalik haqida hech gap yo‘q, ammo qonunosti hujjatlarida bu holat “odam savdosi”ga tenglashtirilgan, jazosi og‘ir. Islom dini Hanafiy mazhabi buni taqiqlaydi.

O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligiga oid muammolar ortib borayotganini qayd etgan shifokorlar, surrogat onalik institutini xalqaro tajribaga tayangan holda qonun bilan regulyatsiya qilish zarur, demoqdalar.

-----------------------------------------------------

"Noilojlikdan keldim"


O‘zbekistonlik 29 yashar ayol shu kunda Tbilisida. Xorijlik bir oilaning bolasiga homilador, ya’ni surrogat ona.

“29 yoshdaman. Bu yerni bir tanishimdan eshitib keldim. O‘zbekistonda 2 ta yosh bolam bor, ularga o‘zim qarashim kerak. Pul kerak. Shuning uchun keldim, noiloj. Bu yerda bizga qarashadi, shifoxonaga ham o‘zlari olib borishadi. Dorilarimizni ham olib kelib berishadi", deydi ayol.

Bir necha oydan keyin bola tug‘iladi va surrogat onalik muddati, shartnomaga muvofiq tugaydi.

O‘zbekistonlik surrogat onalar hozircha Gruziya va Armanistonga safar qilishga majbur. Illyustrativ surat.
O‘zbekistonlik surrogat onalar hozircha Gruziya va Armanistonga safar qilishga majbur. Illyustrativ surat.


Hozir Tblisida faoliyati kengayib borayotgan klinikalardagi surrogat onalar orasida o‘zbekistonlik va umuman, markaziy osiyolik ayollar talay.

Bu onalar xizmatidan foydalanayotgan mijozlarning aksari Xitoy, arab davlatlari hamda boshqa mintaqalardan.

Bir bolani 9 oy qornida tashib, tug‘ib bergani uchun surrogat ona, 20 ming AQSH dollarigacha pul oladi.

"Hozirdan o‘zimni tayyorlab boryapman - bu bolani berishim kerakligiga. To‘g‘ri og‘ir bo‘lsa kerak, lekin men avvaldan o‘zimni tayyorlayapman. Tezroq shu bola tug‘ilsa, eson-omon egasiga berib olsam, keyin uydagi bolalarimning yoniga ketsam, deb o‘ylyapman", deydi ayol.

Tarmoqdan taklif

Internetda Markaziy osiyo, xususan o‘zbekistonlik ayollarga surrogat onalik taklif qilingan e’lonlar ko‘paygan.

Ayniqsa Telegram tarmog‘ida o‘zbekcha e’lonlar va guruhlar ko‘proq ko‘zga tashlanadi.

"Biz Markaziy Osiyo ayollarini munosib haq evaziga surrogatlik dasturida qatnashishga taklif qilamiz. Dasturlar Tbilisi, Gruziya va Armanistonning Yerevan shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Surrogat ona bo‘lish uchun anketani to‘ldirishingiz va telegram kanalida xabar qoldirishingiz kerak. Qo‘shimcha ma’lumot uchun Telegram orqali bog‘laning!", deyildi shunday e’lonlardan birida.

Surrogat onalik uchun qo‘yiladigan asosiy talablar:

  • -Yoshi 20 yoshdan 35 yoshgacha.
  • -ginekologik, jismoniy, ruhiy va boshqa kasalliklardan aziyat chekmaslik.
  • - Hech bo‘lmaganda bitta sog‘lom farzandingiz bo‘lishi.
  • - kamida so‘nggi 6 oy davomida emizishning yo‘qligi.
  • -Oddiy tana turi, ortiqcha vazn yo‘q.
  • - zararli odatlarning yo‘qligi.


Takliflar esa:

  • - To‘liq huquqiy yordam.
  • - Yuqori pul mukofoti.
  • -Dastur bilan bog‘liq barcha xarajatlarni to‘lash (sayohat, imtihon) butun homiladorlik davri uchun bepul turar joy.
  • - Oylik to‘lovlar.
  • - Yuqori malakali mutaxassislar nazorati.


Ozodlik ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan e’lonlardagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi.

Go‘shakni ko‘targanlar matbuot uchun ma’lumot berolmasligi, mijozlarga doir ma’lumotlar ham ochiqlanmasligini aytish bilan cheklanib, muloqotdan bosh tortishdi.

Diniy taqiq bor

O‘zbekistonda surrogat onalikka xaridorlar ortib borarkan, bu haqda jamoatchilik orasida hanuz ochiq muhokama yo‘q.

Ayrim internet nashrlari bu mavzuda “Ayrim o‘zbek ayollari bachadonini ijaraga bermoqda. O‘zbekistonlik ayollar, o‘z qornini 20 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan summaga ijaraga bermoqda”, mazmunidagi xabarlar ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekistonda bu borada ochiq muhokamaning yo‘qligiga islom dinida buning taqiqlangani ham sabab qilib keltiriladi.

Ushbu mavzuda internetda keng tarqalgan fatvolardan biri O‘zbekistonning sobiq muftiysi, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga tegishli.

“Assalamu alaykum muhtaram Shayx hazratlari. Hozirgi kunda avj olib borayotgan surrogat ya’ni "vaqtinchalik" onalardan foydalanishga islom dinining munosabati qanday? Ular o‘zi tug‘olmaydigan ayollar bo‘lib, ularning tuxumi sun’iy urchitilib, boshqa ayol bachadoniga sun’iy yo‘l bilan ekiladi va homila rivojlanib tug‘ilgandan keyin "yuridik" onaga qaytarib beriladi. Bolani qornida katta qilgan "surrogat" onaga buning evaziga haq to‘lanadi”, degan savolga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qisqagina "Mumkin emas", javobi berilgan.

Qonunchilikda yo‘q


Surrogatlik O‘zbekiston qonunchiligida aks etmagan - na ruxsat berilgan va na taqiqlangan.

Ammo, Vazirlar Mahkamasining odam savdosidan jabrlanganlarga oid qaroriga tirkalgan ilovada “surrogat ona sifatida foydalanish” - ekspluatatsiya turlaridan biri sifatida keltirilgan. Boshqa gap yo‘q.

Ya’ni, surrogat onalik - amalda odam savdosiga tenglashtirilgan.

"Jinoiy javobgarlik bor. Tibbiyot nuqtayi nazaridan rivojlangan davlatlarda ruxsat etilgan. Hatto donorlik xam mumkin chet elda. Yoshi, xamroh kasalliklari tufayli farzand ko‘ra olmaydigan juftlar surrogatdan foydalanadi. O‘zbekistonda bunga ehtiyoj bor, albatta. Ruxsat berish kerak, organik kasalliklar tufayli farzand ko‘ra olmay ajrashib ketayotgan juftlar muammosi hal bo‘lishi uchun. Agar biznikilar xalq fikriga qarab ish tutishsa, aniq taqiqlanadi. Lekin, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusni qo‘lga olib, surrogatlik tartibini belgilasa yaxshi bo‘lardi”, deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan toshkentlik shifokor.

Parlamentdagi muhokama

2019-yilda O‘zbekiston qonunchiligiga “surrogat ona” tushunchasini kiritish taklif qilingandi.

Parlament “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilayotgan kezda bu taklif ham o‘rtaga tashlangan.

Parlamentdagi muhokamalarda O‘zbekistonda turmushga chiqqan ayollarning 5,3 foizigacha bo‘lgan qismi befarzand qolayotgani aytilgandi.

Oliy Majlis quyi palatasining o‘sha paytdagi Salomatlikni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nuriya Aytjonova buni sog‘lom genofond shakllantirish maqsadi bilan asoslagan edi:

“Mazkur qonun loyihasi O‘zbekistonda xorij mamlakatlarida keng qo‘llanilayotgan va zamonaviy bo‘lgan sun’iy yo‘l bilan urug‘lantirish orqali bola tug‘dirish va sog‘lom genofondni shakllantirish uchun sog‘lom tuxum xujayralarini tanlab olish amaliyotidan foydalanishga imkoniyat yaratib beradi”.

Bu taklif Qonunchilik palatasi deputatlari orasida jiddiy bahs bo‘lgan. Bir deputat “nikohsiz farzand dunyoga kelishiga qonuniy asos yaratiladi” desa, boshqa biri buni yashirin odam savdosiga qiyoslagan edi.

Deputat Rahim Hakimov bu tushunchani qonunchilikka kiritish kerakligi, shunda mamlakatdan yiliga 10 million dollar chetga chiqib ketishining oldi olinishini ta’kidlagandi. Ammo, bu borada biror rasmiy raqam e’lon qilingani Ozodlikka ma’lum emas.

O‘shanda bu masala qonunan hal bo‘lmadi. Jamoat xavfsizligi va sog‘ligi himoyasiga mas’ul davlat tashkilotlari, xususan Sog‘liqni saqlash vazirligi esa bu masalada sukut saqlamoqda.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik ayollar surrogatlik qilish uchun, bepusht oilalar surrogat onalar xizmatidan foydalanish uchun avval Rossiya va Ukrainaga borgan bo‘lsa, hozir Gruziyaga safar qilishmoqda.

Tbilisidagi klinikalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunda surrogat ona bo‘lish uchun da’vogar ayollarning aksari - qo‘lida yosh bolalari bo‘lgan, boshpanasiz va yolg‘iz ayollar.

Ya’ni, surrogatlik qilishga ayollarni aksar hollarda yo‘qchilik majburlaydi. Surrogatlik xizmatini Rossiya va Ukrainada boshlagan ko‘pchilik klinikalar hozir biznesini Gruziyaga ko‘chirmoqda.

Boisi, Rossiyada xorij fuqarolariga surrogat onalar xizmatidan foydalanish taqiqlandi. Bu klinikalarning asosiy xaridorlari esa Rossiya emas, xorij fuqarolari.

Ukraina esa urush ichida qolgan. Shu bois, bu davlatdagi klinikalar ham Gruziyaga ko‘chdi.

"Gruziyada yaqinda ish boshladik, ungacha Moskvada edik. Rossiyada chet elliklar uchun surrogat onalik qilish taqiqlandi. Shuning uchun hozir bizning mijozlarimiz Gruziya va Armanistonga boryapti. Bishkekda ofisimiz bor. Surrogat ona bo‘lishni istovchilar bizning Tik-tok va Instagramdagi e’lonlarimiz orqali kelishyapti. Kimlardir tanishlaridan e’lon olishyapti. Albatta, buning ham o‘z talab va cheklovlari bor. Ayol 20 yoshdan katta bo‘lishi va hech bo‘lmaganda, bitta bolasi bo‘lishi lozim. Agar bir marta kesar kesish amaliyotidan o‘tgan bo‘lsa mumkin, agar ikki yoki undan ortiq bo‘lsa, mumkin emas”, deydi surrogat onalarni yollovchi agentliklardan birining vakili Lyudmila Volchkova.

Qirg‘izistonda surrogat onalik taqiqlanmagan. Qonunchilikka binoan, 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan ayollar surrogatlik qilishi mumkin.

Lekin, mutaxassislarning aytishicha, Qirg‘izistonda surrogat onalikka zarur tibbiy sharoiti bo‘lgan klinakalar yo‘q, hisobi. Shuning uchun, aksar mijozlar Gruziyaga yo‘l olmoqda.

Gruziyada surrogat onalik uchun rasman ruxsat berilganiga 25 yildan oshdi.

“Sog‘liqni saqlash to‘g‘risi”dagi Gruziya qonuni, surrogatlikni - bepusht oilalar uchun zamonaviy davolanish metodlaridan biri sifatida tan oladi.

Qonunga binoan, bu xizmatdan faqat qonuniy nikohdan o‘tgan oilalar foydalanishi mumkin.

Dunyoda surrogatlik masalasi hanuz biroz bahsli va buning sabablari ko‘proq axloqiy - diniy qadriyatlarga borib taqaladi. Nafaqat islom, balki nasroniylik dini ham buni taqiqlaydi.

Hozirda Fransiya, Germaniya, Avstriya, Norvegiya, Shvetsiya va AQSHning ayrim shtatlari - Arizona, Michigan, Nyu-Jersida bu amaliyot to‘liq taqiqlangan.

Ayni paytda, aksar Yevropa davlatlari, jumladan Germaniya va Fransiyada, bu amaliyot ayolning sha’nini yerga uradi, boisi bir ayoldan boshqalar o‘z manfaati yo‘lida foydalanishiga imkon beradi, degan tushuncha bor.

Ayrim davlatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Daniya, Kanada, Isroil, Niderlandiya, Hindiston va AQSHning qator shtatlarida pul ishlamasdan, ya’ni o‘zaro kelishuv asosida surrogatlik qilishga, ba’zi cheklovlar bilan, ruxsat berilgan.

AQSHning qator shtatlari, Janubiy Afrika, Gruziya, Qozog‘iston, Ukraina va Rossiyada ruxsat berilgan. Faqat Rossiya 2019-yilda chet ellik fuqarolarning Rossiyada surrogat onalik xizmatidan foydalanishini taqiqlagan.

XS
SM
MD
LG