Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2020, Тошкент вақти: 03:09

Tog‘li Qorabog‘ urushining kutilmagan g‘olibi


Pashinyan, Putin, Aliyev - Gurjistonda chop etilgan hisobot muqovasi

Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolanishi ortidan to‘xtadi.

Uch sahifalik tinchlik kelishuvini o‘qir ekansiz, mojaroda kutilmagan taraf g‘alaba qozonganini xulosa qilish mumkin. Bu - Kremldir.

Rossiya ikki sobiq sovet mamlakati Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan hududda o‘z ta’sirini kuchaytirdi. Mojaroga Turkiya ham aralashgani e’tiborga olinsa, bu Moskva uchun katta yutuqdir.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga yechim topish maqsadida tuzilgan Minsk guruhining sobiq hamraisi Metyu Brayza «Rossiya uddaburonlik qildi. Putin g‘olib chiqdi», - deb aytdi.

Joriy yilning 27 - sentabrida bo‘lginchi Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar boshlanganidan beri kamida 2000 nafar harbiylar va tinch aholi vakillari nobud bo‘ldi.

Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 - yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. O‘shandan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib kelayotgan edi.

1994 - yilda tinchlik bitimi imzolanganidan beri bir necha to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Mojaroga yechim topilmagani uchun u «muzlatilgan ziddiyat» o‘laroq ko‘rilardi. Sobiq sovet mamlakatlarida bunday muzlatilgan mojarolar ko‘p bo‘lib, ularning kelib chiqishi va nazorat qilinishida Rossiya muhim rol o‘ynaydi.

Gruziyaning bo‘lginchi Abxaziya va Janubiy Osetiya mintaqalari hamda Moldovaning Pridnestrovye mintaqasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Qolaversa, Ukraina sharqidagi Donbass ham 2014 - yildan beri muzlatilgan mojaroga aylandi.

Moskva boshqa hududlardagi kabi Tog‘li Qoraboqqa ham o‘zining tinchlikparvar qo‘shinlarini yuborishni istagan edi. Ammo Yerevan va Boku Moskvaga ishonmagani uchun boshida bu oson bo‘lmadi.

Rossiya ham Ozarbayjon, ham Armaniston bilan keng ko‘lamli iqtisodiy aloqalarni o‘rnatgan.

Qolaversa, Rossiya AQSh va Fransiya bilan bir qatorda Minsk guruhining hamraisdir.

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshida tuzilgan Minsk guruhi Rossiya o‘z ta’sir doirasi deb hisoblovchi hududda g‘arb mamlakatlarining strategik manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan edi.

Yangi imzolangan kelishuvga binoan, Rossiya mintaqaga o‘z harbiylarini yuboradi. Kelishuv ortidan Moskva Vashington va Parijni ushbu mojarodan bir umrga chetlatishini kutish mumkin.

Kreml saytida e’lon qilingan bayonnoma hamda Putin matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qoraboqqa turk tinchlikparvar harbiylari safarbar qilinmaydi.

2010–2012 - yillarda AQShning Ozarbayjondagi elchisi o‘laroq ishlagan Brayza Ozodlikka bergan intervyusida «To‘g‘ri, Minsk guruhi tamom bo‘ldi. Aftidan, shunday. Rossiya bo‘shliqni to‘ldirdi. Bu ma’noda Turkiya ham shunday qildi», - dedi.

Yerevandagi mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori Richard Giragosyan ham kelishuv, eng avvalo, Rossiya kelishuvi ekanligini va Minsk guruhiga tahdid solishini aytdi.

«Ushbu yangi kelishuv shartlari Rossiyaga Moskvaning eng muhim maqsadlaridan biri, ya’ni hududda o‘z harbiy ishtirokini ta’minlash maqsadini amalga oshirish imkonini berdi», - dedi u.

Imzolangan bitimga ko‘ra, Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi tumanlarni bo‘shatishi kerak.

Harbiy to‘qnashuvlar boshlanganidan beri Ozarbayjon qo‘shinlari qo‘lga kiritgan barcha hududlar, jumladan, Shusha shahri Boku nazoratida qoladi. Bu bilan umumiy hisobda Tog‘li Qorabog‘ning 40 foiz Boku nazoratiga o‘tdi.

XS
SM
MD
LG