Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:02

"Toj kiygan bosh". Turk maqolini ishlatgan jurnalist Erdo‘g‘onni haqorat qilishda ayblanmoqda


Sedef Kabas mahkamada prezidentni haqorat qilish niyati bo‘lmaganini aytgan.
Sedef Kabas mahkamada prezidentni haqorat qilish niyati bo‘lmaganini aytgan.

Turkiya sudi taniqli jurnalist Sedef Kabasni prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni haqorat qilganlik aybi bilan mahkamaga qadar hibsda ushlash haqida qaror chiqardi.

Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, Sedef Kabas televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda "ho‘kiz"ga ishora qilgan xalq maqolini iqtibos qilgani uchun hibsga olingan.

U muxolifatga aloqador Tele 1 telekanalidagi jonli efirda chiqish qilib, «Toj kiygan bosh dono bo‘ladi, degan juda mashhur maqol bor. Lekin biz bu haqiqat emasligini ko‘rib turibmiz. Buqa saroyga kirishi bilan podshoh bo‘lmaydi, saroy molxonaga aylanadi» degan.

Keyinchalik u iqtibosini Twitter sahifasiga ham joyladi.

Erdo‘g‘onning matbuot kotibi Fahrettin Altun jurnalistning izohlarini «mas’uliyatsizlik» deb atadi.

«Jurnalist degan shaxs nafrat tarqatishdan boshqa maqsadi bo‘lmagan telekanalda prezidentimizni ochiqdan-ochiq haqorat qilmoqda», deb yozgan u Twitterda.

Hukmron partiya rahbari o‘rinbosari Numan Kurtulmush ham Twitter sahifasida «Millatimiz saylagan prezidentni xunuk va qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilish, aslida milliy o‘zlikni ham haqorat qilishdir» deya izoh qoldirdi.

Mahkamada Sedef Kabas prezidentni haqorat qilmoqchi bo‘lmaganini aytdi.

Tele 1 kanali muharriri Merdan Yanardag‘ Kabas xonimning hibsga olinishini tanqid qildi.

Erdo‘g‘on 2014 - yilda prezident bo‘lganidan beri uni nishonga olib haqorat qilganlik uchun o‘n minglab odamlar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jurnalistning advokati Ug‘ur Poyrazning ma’lum qilishicha, jurnalist shanba kuni Istanbul sud binosi oldida rasman hibsga olingan. Sedef Kabas mamlakatni tark etish mumkinligi inobatga olinib, ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.

53 yoshli Kabas o‘ttiz yillik faoliyati davomida bir qator nufuzli teleko‘rsatuvlarni olib borgan.

Shanba kuni erta tongda Tele 1 va Twitterdagi so‘zlari ortidan politsiya uni Istanbuldagi uyida qo‘lga oldi.

Tele 1 kanali muharriri Merdan Yanardag‘ Kabas xonimning hibsga olinishini tanqid qildi.

«Uning tunda soat 02:00 da maqol tufayli hibsga olinishi qabul qilib bo‘lmaydi, – dedi u. – Bu pozitsiya jurnalistlarni, ommaviy axborot vositalarini va jamiyatni qo‘rqitishga urinishdir» deya iqtibos keltiradi BBC.

Hukumat rasmiylar Kabasni qoralagan, muxolifatdagi siyosatchilar esa uning so‘z erkinligi huquqini himoya qilgan.

Associated Press maqolasida keltirilicha, muxolifat partiyasi yetakchisi Meral Akshener Kabasni qo‘llab-quvvatlovchi heshteg bilan «bu mafkura ketadi, adolat yana Turkiyaga qaytadi», deb yozgan.

Prezidentni haqorat qilish eng ko‘pi bilan to‘rt yillik qamoq jazosiga tortishga sabab bo‘lishi mumkin.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 - yildan buyon Erdo‘g‘onni haqorat qilganlik bo‘yicha 35.5 mingdan ortiq ish qo‘zg‘atilgan, natijada 13 mingga yaqin sud hukmi chiqarilgan.

Uning tanqidchilarni og‘zini yopish siyosati xorijda xavotir uyg‘otdi va Turkiyaning ittifoqqa qo‘shilish tashabbusini to‘xtatib qo‘ygan Yevropa Ittifoqi bilan sovuq munosabatlarga olib keldi.

Turkiya qonunchilikni o‘zgartirish uchun xalqaro bosim ostida qoldi. Oktabr oyida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi haqorat qilganlik bo‘yicha 2017 - yilda hibsga olingan erkakning so‘z erkinligi huquqi buzilgan degan da’vo bilan chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG