Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 22:22

Tojikiston: Afg‘oniston bilan chegaradagi aholi "Tolibon hujumi"ga qarshi tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda


Chegaradagi tojik askarlari - avgust, 2010

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida yashovchi aholidan, agar jangarilar bostirib kelsa, “qo‘lga qurol olish” so‘raldi.

Shamsiddin Shohin tumani rasmiylari mahalliy aholi, jumladan, harbiy burchli kishilar va ovchilar bilan vaziyatni muhokama qildi, deydi tuman hokimi Poshoxon Zarifzoda.

"Ichki ishlar vazirligi va maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda chegara hududida yashovchi barcha ovchilarni ro‘yxatga oldik. Ular o‘z vatani himoyasi uchun safarbar qilinishi mumkin. Aslida, vaziyat shuni taqozo etsa, barchamiz qo‘limizga qurol olishimiz lozim”, degan Zarifzoda 6 - mart kuni bo‘lib o‘tgan rasmiy yig‘ilishda. Shu kabi ogohlantirishlar Afg‘oniston bilan chegaradosh boshqa tumanlarda ham yangragan.

So‘nggi oylarda afg‘on armiyasi va jangarilar o‘rtasidagi janglar Tojikistonga chegaradosh hududlarga ko‘chdi. Afg‘on rasmiylari ogohlantirishicha, jangarilar safida tojik millatiga mansublar ham talay.

Tog‘li hududda joylashgan tumanning Afg‘oniston bilan 112 kilometrlik chegarasi Tojikistonning nazorat qilish juda murakkab chegaralaridan biri hisoblanadi. Boshqa chegaradosh tojik qishloqlarida bo‘lgani kabi, Shamsiddin Shohin aholisiga ham ba’zida Afg‘oniston hududida bo‘layotgan to‘qnashuvlarning ovozi eshitilib turadi, hatto ba’zida daydi o‘qlar ham uchib keladi.

Qishloq aholisi 24 - fevral kuni Afg‘onistonning Nusay tumanida afg‘on harbiylari va Tolibon jangarilari o‘rtasida bo‘lgan to‘qnashuvlarda otilgan o‘qlardan jarohat olishiga bir bahya qolgan. Ertasi kuni Nusay hokimi Zaynilobiddinning “Ozodlik radiosi”ga aytishicha, to‘qnashuvda tojik millatiga mansub ikkita jangari o‘ldirilgan. Zaynilobiddin rasmiy Dushanbeni Tolibon jangarilari va ularga qo‘shilgan tojik jangarilariga qarshi kurashda hamkorlik qilishga chaqirgan. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, Afg‘onistonda 200ga yaqin tojik jangarilari kurashmoqda, lekin bu raqamni tasdiqlab bo‘lmaydi.

Chegarani mustahkamlash

Dushanbe anchadan beri Tojikistonning Afg‘oniston bilan 1360 kilometrlik chegarasida jangarilar, jumladan, markaziy osiyolik jangarilar to‘planayotganidan xavotirda. Dekabr oyida tojiklardan iborat guruh chegaradagi bir afg‘on tumanini zabt etishda Tolibonga yordam bergani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng Dushanbe chegara qo‘shinlariga yordam sifatida harbiy qo‘shinlarni ham chegaraga biriktirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonning Maymay tumanida tojik jangarilari afg‘on kuchlariga qarshi kurashayotgani aks etgan 10 daqiqalik video tarqaldi. Videoda tojik tilining Tojikistonning ba’zi tumanlarida tarqalgan lahjasida gaplashayotgan jangarilar afg‘on armiyasining uniformasidagi harbiylarni o‘ldirayotgani, binoga o‘t qo‘ygani aks etgan. Mahalliy afg‘on siyosatchisi Latif Pedramning aytishicha, Maymay tumanidagi jangarilar hujumi 2020 - yilning noyabrida bo‘lgan. Pedram, shuningdek, hujumda ishtirok etgan Tojikiston fuqarolari ro‘yxatini keltirgan. Bir necha kun ichida tojik maxsus xizmatlari videoda aks etgan yoki Pedram ro‘yxatidan joy olgan jangarilarning kamida 15 nafari Tojikiston fuqarosi ekanini aniqlagan.

Afg‘on rasmiylarining ta’kidlashicha, bu tojiklar Afg‘onistonda Tojikiston fuqarosi Amriddin Tabarov 2010 - yilda tashkil etgan Ansarulloh jamoatiga mansub bo‘lgan. Tabarovning o‘zi 2015 - yili afg‘on harbiylari bilan to‘qnashuvda o‘ldirilgan.

XS
SM
MD
LG