Toshkentda o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida HAMAS-Isroil urushi ham diqqat markazida bo‘ldi. Sammitga mezbonlik qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev urushayotgan tomonlarni otashkesimga chaqirgan bo‘lsa, Turkiya rahbari Erdo‘g‘on G‘arbni “Isroil jinoyatlarini qo‘llayotganlik”da aybladi.
Ayni paytda “Katta yettilik” urushayotgan tomonlarni xalqaro me’yorlarga rioya qilish hamda gumanitar yordam yetkazishni ta’minlash uchun o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa 8-noyabrda Isroilning G‘azo bo‘lgasidagi harbiy amaliyotini yana bir bor tanqid qildi.
Shavkat Mirziyoyev nima dedi?
Toshkentda 9-noyabrda o‘tgan ITH yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham HAMAS-Isroil urushida begunoh insonlar qurbon bo‘layotganidan taassuf bildirdi.
"Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda.
Qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.
Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni, o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti bundan avval 31-oktabr kuni energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlashga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida G‘azo muammosiga HAMAS-Isroil urushi boshlangan 7-oktabrdan beri ilk bor e’tibor qaratgan edi.
O‘shanda Mirziyoyev G‘azo bo‘lgasi “aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qilgani”ni ta’kidlagan.
“Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, - deb aytgan Mirziyoyev.
Erdo‘g‘on nima dedi?
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Toshkent sammitida so‘zlagan nutqida Isroil G‘azoda “insoniy qadriyatlarni toptayotgani”nini iddao qildi.
TRT rus xizmatining xabar berishicha, Erdo‘g‘on G‘azoda halok bo‘lgan deyarli 11 ming kishining “73 foizi ayollar va bolalar” bo‘lganini aytgan.
Unga ko‘ra, Isroil hukumati G‘arb davlatlarining qo‘llovi ortidan “maktablar, masjidlar, cherkovlar, kasalxonalar, universitetlar va turarjoy binolarini insoniy qadriyatlartni toptagan holda bombardimon qilishda davom etmoqda”.
“Biz xattoki bolalar o‘limini oqlovchi fanatizm bilan duch kelmoqdamiz”,- degan Erdo‘g‘on.
Turkiya prezidenti so‘zida davom etar ekan: “Agar biz ITH o‘laroq, shuningdek, musulmon sifatida ovozimizni bugun baland ko‘tarmasak, yana qachon baland ko‘taramiz?”- deb aytgan.
G‘arb nima deydi?
Bundan avvalroq Yaponiya poytaxti Tokioda 7-8-noyabrda o‘tgan sammitda “Katta yettilik” mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari HAMAS-Isroil urushi bo‘yicha yagona pozitsiyalarini ilk bor umumiy hujjatda aks ettirgan edi.
Mazkur hujjatda HAMASning 7-oktabrda Isroilga uyushtirgan hujumi qoralangan, o‘zaro urushayotgan tomonlar xalqaro me’yorlarga rioya qilishga hamda gumanitar yordam yetkazishni ta’minlash uchun o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirilgan.
BMT bosh kotibi va tuzilmalarining nuqtai nazari
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa 8-noyabrda Isroilning G‘azo bo‘lgasidagi harbiy amaliyotini yana bir bor tanqid qildi.
“Isroil fuqaroviy aholini bombalab, o‘ldirishda, kasalxonalarni, qochqinlar lagerlarini, masjidlarni, cherkovlarni hamda bombapanohlar doxil fuqaroviy infratuzilmani vayron qilishda davom etyapti. G‘azo bolalar qabristoniga aylanib bormoqda”, - deb aytgan Guterrish.
BMT bosh kotibi bundan avval ham Isroilning G‘azodagi amaliyotini tanqid qilgan edi. Buning ortidan Isroil Guterrishning iste’foga chiqishini talab qilgan.
Bu orada BMTning eng yirik gumanitar agentliklari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘shma bayonot bilan chiqishib, G‘azo sektorida gumanitar maqsadlar uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishgan.
Orasida BMT bosh kotibi o‘rinbosari Martin Griffits, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari (OHCHR) Folker Tyurk, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOM) direktori Emi Poup, BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel, JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisus va boshqalar bo‘lgan bayonot mualliflari to‘qnashuvning barcha tomonlarini “xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari sohasidagi me’yorlarga muvofiq o‘z majburiyatlariga rioya qilish”ga chaqirishlarini urg‘ulashgan.
Ayni paytda BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) so‘nggi ikki kun ichida UNRWA’ning besh nafar xodimi halok bo‘lganini bildirgan. “7-oktabrdan buyon umumiy hisobda 79 nafar xodim halok bo‘lib, kamida 24 xodim jarohatlangan”, deya qayd etishgan agentlikdan. Urush chog‘ida jami BMTning 88 nafar xodimi halok bo‘lgan – xalqaro tashkilot tarixida bitta urushda buncha xodim hech qachon o‘lgan emas.
HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sektor hududida 10 mingdan ziyod odam o‘lgan, ularning 4800 nafardan ziyodi bolalardir. Bu raqamlarni mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlatishning imkoni yo‘q.
Isroil tomoni urushda 1400 dan ziyod odam yo‘qotgan. 241 nafar isroillik jihodchilar tomonidan asoratda ushlab turilibdi.
ITH sammitida kimlar qatnashdi va u qanday tashkilot?
Toshkentda 9-noyabrda o‘tgan IHTning 16-sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ishtirok etdi.
Sammitda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi aytilgandi.
1985-yilda asos solingan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga O‘zbekiston 1992-yilda a’zo bo‘lgan. Tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Eron poytaxti Tehronda joylashgan.
Sammit munosabati bilan 8-9-noyabr kunlari Toshkent markaziy ko‘chalarida transport harakati cheklangan.